Surxondaryo viloyat, Angor tumanida Yoshlar Ittifoqi yoshlarni ro‘yxatga olish tadbiriga ta’tildagi o‘qituvchi va ishdagi hamshiralarni majburlamoqda.
Bu haqda Ozodlikka xabar bergan angorliklardan biriga ko‘ra, Ittifoq faollari barcha "yoshlar bilan suhbatlashishga ulgurmagani uchun hamshiralar va o‘qituvchilardan foydalanayapti".
Ammo Angor tumani Yoshlar Ittifoqi rahbari hamshira va o‘qituvchilarni mehnatga majburlash hollari bo‘lmaganini aytdi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 10 may kuni qabul qilgan qarorida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy intizomiy choralar qo‘llanilishi alohida qayd etilgan.
O‘zbekiston prezidenti 2018 yil, 27 iyunda imzolagan "Yoshlar - kelajagimiz" davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonga muvofiq, Yoshlar Ittifoqi faollariga uyma-uy yurib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni xohlaydigan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni aniqlash vazifasi yuklatilgan.
Angor tumanidagi mahalla faollaridan birining ismi sir qolish sharti bilan aytishicha, Yoshlar Ittifoqi Angor tuman bo‘limi boshlig‘i Jasur Xolnazarov yoshlarni ro‘yxatga olish ishlarini "tezroq" tugatishga buyruq bergan.
“Ikki kun avval mahallaga Jasur Xolnazarov kelganda maktabdan ham o‘qituvchi olib beraman deb ketdi, faqat bitta ham yoshlarni qoldirmay tezroq tugatib beringlar, deb anketa qog‘ozlarini tashlab ketdi. Ta’tildagi o‘qituvchilarni ishga chiqishga majbur qilishayapti,” dedi mahalla faollaridan biri.
Tuman markaziy shifoxonasi hamshiralaridan biri yoshlar anketasini to‘ldirishga ular ham jalb etilganini aytdi:
"Mahalla faollariga qo‘shib, bizni ham chiqarishayapti. Bosh vrachga hamshiralarni chiqarishga buyruq berilgan. Bizdan tashqari mahalla raisi bor, posbon bor, maslahatchi bor va ma’naviyat o‘qituvchilari bor. Biz shifoxonada ishlashimiz kerakmi yoki uyma-uy yurib, anketa to‘ldirishimiz kerakmi? Qachongacha majburlashlar davom etadi?" deya e’tiroz bildirdi hamshira.
Ammo Angor tumani Yoshlar Ittifoqi rahbari Jasur Xolnazarov Ozodlik bilan suhbatda o‘qituvchi va hamshiralarning mehnatga majburlash bo‘lmaganini aytdi:
- Bu ishga o‘zimning yetakchilarim bor. Har bir maktabda boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bor. Keyin jamoat ishida ishlaydigan yoshlar yetakchilari bor. O‘shalar mas’ul. Mahalla kotiblari mas’ul. Mahalla raislari mas’ul. Tibbiyotchilar tibbiyotini qilsin. O‘qituvchilar o‘qituvchiligini qilsin. Maktabdan o‘qituvchi olganim yo‘q, - dedi Jasur Xolnazarov.
U yoshlar ro‘yxatini tuzishdan maqsad yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar olishda yordam berish va tadbirkorlikni rivojlantirish ekanini ma’lum qildi.
14 iyulda ham Andijon shahar hokimi maktab direktorlariga o‘qituvchilarini ta’tildan chaqirib olib, mahallalardagi yoshlarni ro‘yxatga olish topshirig‘ini bergani haqida Ozodlik xabar qilgandi.
Ozodlik 17 iyul kuni davomida Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashidan izoh olishga urindi.
Biroq, Yoshlar Ittifoqi xodimlari ittifoq rahbariyatining joylarda yoshlar bilan uchrashayotganini ma’lum qilish bilan cheklandi.
O‘zbekiston Bosh vaziri 21 iyun kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida maktablarni hokimlar nazoratidan chiqargan va endilikda faqat Xalq ta’limi vazirligiga bo‘ysunishini aytgan edi.
17 aprel kuni esa O‘zbekiston Bosh vaziri o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb qilish masalasida selektor yig‘ilishi o‘tkazib, bir necha hokimga hayfsan bergan edi.