Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:35

“Maxam-Chirchiq” korxonasi ishchilari Ohangaronda binolarni buzishga majburlanmoqda


“Maxam – Chirchiq” korxonasida ishchilarni Ohangaronga olib ketishga shay bo‘lib turgan avtobuslar
“Maxam – Chirchiq” korxonasida ishchilarni Ohangaronga olib ketishga shay bo‘lib turgan avtobuslar

Toshkent viloyat, Chirchiq shahrida joylashgan “Maxam – Chirchiq” korxonasining yuzdan ziyod ishchisi 13 iyuldan buyon har kuni o‘z ishi qolib, Ohangaron shahridagi obodonlashtirish ishlariga safarbar qilinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan ishchilarning aytishicha, ular Ohangaronda buzilishga tushgan uylarni buzish bilan shug‘ullanmoqda.

Jazirama issiqda uy buzishga majburlanayotgan ishchilar, ular hatto ichimlik suv bilan ta’minlanmayotganini aytmoqda.

Korxona ma’muriyati ishchilarning Ohangaronga safarbar etilayotganini tasdiqladi, lekin buni izohlab berishdan o‘zini olib qochdi.

Chirchiq shahridagi “O‘zkimyosanoat” kompaniyasiga qarashli “Maxam – Chirchiq” aksiyadorlik kompaniyasining yuzdan ortiq ishchisi har kuni Ohangaron shahriga majburan uy buzish uchun safarbar etilayotgani haqida, ana shu korxonaning ishchilari Ozodlikka xabar berdi.

Ozodlik suhbatlashgan korxona ishchilaridan birining aytishicha, har kuni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari nazoratisiz zavod oldidagi maydonchadan 120 kishi avtobuslarda olib ketiladi:

“Har kuni uchta avtobusda olib ketiladi. Avtobuslar kichkina, tiqilinch, 82 kilometrga bir yarim soat yo‘l yuramiz. Odamlarning yarmi tik ketadi. Avtobuslar ertalab soat 7 da zavoddan jo‘naydi. Soat 8.40 dan ish boshlaymiz. Bir soat tushlik, keyin to avtobuslar kelguncha, soat 7 largacha yana ishlaymiz”, - deydi korxona ishchisi.

“Maxam – Chirchiq” korxonasida ishchilarni Ohangaronga olib ketishga shay bo‘lib turgan avtobuslar
“Maxam – Chirchiq” korxonasida ishchilarni Ohangaronga olib ketishga shay bo‘lib turgan avtobuslar

Ishchi ular og‘ir ishlarni qilishga majburlanayotgani va suvsizlikdan qiynalayotganidan ham shikoyat qildi:

“Ohangaronda yo‘l bo‘yidagi do‘konlar, fitnes markazlar, zapravkalar, salonlar, xullas nimaiki bo‘lsa bir chetdan buzib ketyapmiz. Bu joylarda elektr va suv o‘chirilgan. Issiqda oddiy suv topishning o‘zi imkonsiz bo‘lmoqda. Ishchilarimiz juda qiynalib ketdi. Agar kim bosh tortsa, ishdan ketkazish bilan tahdid qilinyapti. Biz mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan korxona ishchilari bo‘lsak, nega bizni Ohangaronga olib borib ishlatishadi?”, deydi korxona ishchisi.

Ishchining aytishicha, shanba va yakshanba kunlari ham ishchilar Ohangaronga olib ketilmoqda.

Korxonaning Ozodlik suhbatlashgan boshqa ishchisining iddao qilishicha, bir qancha ishchilar uy buzayotganda jarohat olgan:

“Tushlikni aytmay qo‘ya qolay, faqat makaron. To‘g‘ri, kecha oqshoqdan qilingan osh berishdi. Aytishga odam uyaladiyu, tushlik paytida non talashib urish ham bo‘lib ketdi. Bir ishchimizning boshiga g‘isht tushib ketib, kasalxonaga yotqizildi. 19 iyul kuni tom ochayotganda boshqa bir ishchimizning qo‘liga mix kirib ketdi. Uni ham travmpunktga olib ketishdi. Uyni buzishga ham o‘z kasbining ustasi kerak, oddiy slesar yoki elektrikni bunday xavfli ishlarga qo‘yishga kimning haqqi bor? Yo‘lda yoki ishda suratga olmasin deb, xuddi konslagerlardagidek, nazoratchilar kuzatib turadi. Bizga xuddi hayvonga bo‘lganday munosabat qilishyapti”, - deydi korxona ishchisi.

Ozodlik ishchilarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani to‘g‘risidagi bu shikoyatlariga munosabat olish maqsadida, 20 iyul kuni “Maxam – Chirchiq” korxonasi matbuot xizmati rahbari Ikrom Qurbonaliev bilan bog‘landi.

Ikrom Qurbonaliev ishchilarning Ohangarondagi obodonlashtirish ishlariga jalb qidinayotganini majburiy mehnat emas, der ekan:

“Bu yerda majburiy mehnat bo‘lmayapti, bu yerda viloyat hokimligining yig‘ilishidan ko‘rsatmalar bor. Shu bo‘yicha aniq ma’lumotni surishtirib, men sizga aytaman. Telefon raqamingizni bering, yarim soatdan keyin o‘zim telefon qilib aytaman”, dedi korxona matbuot xizmati rahbari Ikrom Qurbonaliev.

Ammo, Ozodlikka 20 iyul kuni qo‘ng‘iroq bo‘lmadi, 21 iyul kuni Ozodlik yana Ikrom Qurbonalievga qo‘ng‘iroq qilganida go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi 2018 yil 10 may kuni “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori qabul qilgan edi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangani, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo‘llanishi bilan qo‘rqitgan holda ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlanganini e’tiborga olib, jumladan, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shunday topshiriq beriladi:

“Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash topshirildi”, deyiladi O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qarorida.

XS
SM
MD
LG