Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:02

Rektorlar ota-onalarni pora bermaslikka chaqirib, murojaat e’lon qildi


Abiturient kirish imtihonida, 1 avgust, 2016-yil
Abiturient kirish imtihonida, 1 avgust, 2016-yil

O‘zbekistondagi oliy ta’lim maskanlari (OTM) rektorlari ota-onalar va abiturientlarga murojaatnoma e’lon qildi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi saytida chop etilgan murojaatda kirish imtihonlari arafasida korruptsioner "tovlamachi va firibgarlar"ga pora bermaslik so‘ralgan.

Rektorlar nomidan e’lon qilingan murojaatda bu yilgi kirish imtihonlari halol o‘tishi va’da qilingan, shunga yarasha, ota-onalar va abiturientlar ham "vijdonan yo‘l tutish"ga chaqirilgan.

"Afsuski, tovlamachilar va firibgarlarning dunyoqarashi o‘zgarmaydi... Ularning tuzog‘iga ilinib qolmang... Bir haqiqatni unutmang! Pora bilan o‘qishga kirgan inson umri davomida shu pulni qaytarib ishlab olish harakatida bo‘ladi", deyiladi murojaatda, jumladan.

Rektorlarning bu tahlit murojaati O‘zbekistonda ilk bor kuzatilmoqda.

Bu yilgi OTMga kirish imtihonlari - test sinovlari ham avvalgilardan farqli o‘tishi e’lon qilingan.

Test sinovlari avvalgiday 1 kunda o‘tmaydi, balki 15 kun - 1 avgustdan 15 avgustga qadar davom etadi. Abiturientning necha ball to‘plagani imtihonning ertasiga aniq bo‘ladi. DTM rasmiy sayti orqali natijalarni tekshirib olish mumkin bo‘ladi.

Bu haqda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov Kun.uz nashriga bergan suhbatida shunday degan edi: “Taklif kiritildiki, test natijalari bir kunda ma’lum bo‘lsa, shunday texnologiya asosida ish olib borish DTM tomonidan amalga oshirildi”.

Bu yil O‘zbekistondagi 60 ta Oliy Ta’lim muassasasi va uning 19 ta filialiga 675 mingdan ortiq abiturient hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgiga qaraganda 54 mingga kamdir.

Natijada, bu yilgi tanlovda 1 talaba o‘ringa 8.3 abiturient to‘g‘ri kelmoqda.

Davlat test markazi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, abiturientlar sonining bu yil ozroq bo‘lganini kechki va sirtqi bo‘limlarning ochilishi bilan izohlash mumkin.

Sputnik nashriga ma’lumot bergan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidovga ko‘ra, bu yil 50 ming abiturient kechki va sirtqi ta’lim uchun, yana 60 ming kishi esa maxsus sirtqi bo‘limlarda o‘qish uchun hujjat topshirgan.

Bundan tashqari, test sinovlarining shaffof o‘tishi uchun oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridan 4 ming 500 nafardan ortiq pedagog va rahbar kadrlar jalb etilishi aytilgan.

Shuningdek, bu yilgi kirish imtihonlarining 60 ta binoda, 1 ming 63 taga bo‘lingan guruhlarda o‘tkazilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG