Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 05:25

Kongress rahbarlari: Putin Vashingtonga kelsa, Kapitoliyga qadam bosmasin


AQSh Senatidagi Ko‘pchilik yetakchisi Mitch MakKonnell (chapda), AQSh prezidenti Donald Tramp va Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan (o‘ngda)

AQSh Kongressi rahbarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampning taklifini qabul qilib, Vashingtonga tashrif buyuradigan bo‘lsa, u Kongressda ma’ruza qilish uchun taklif etilmasligini aytmoqda. Ular Putinning Kapitoliyga qadam bosishini ham istamayapti. Bunga Rossiyaning AQSh prezidenti sayloviga aralashgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Kongress rahbarlari Rayan bilan MakKonnell Putindan Kongressning qo‘shma majlisida ma’ruza qilishni so‘rash rejasi yo‘q ekanini aytdi. Odatda chet mamlakatlar rahbarlari Vashingtonga tashrif buyurganda ularga ma’ruza qilish taklifi bilan hurmat bajo keltiriladi.

− Biz uni qo‘shma majlisda ma’ruza qilish uchun taklif etmaymiz, − dedi Rayan. – Bunday sharafni do‘stlarimiz uchun asrab qo‘yamiz.

− Spiker ham, men ham Kapitoliyda Putinga hech kimning ko‘zi uchib turganini yo‘qligini ochiq-oydin aytdik, − dedi MakKonnell.

24 iyul kuni Kreml vakili Trampning taklifini qabul qilishdan oldin “bo‘ron tinishi”ni kutish kerakligini aytgandan so‘ng, Kongress palatalari rahbarlari zikr etilgan bayonotni berdi.

Yuriy Ushakov Kremdagilarning AQShdagi “tutab turgan” siyosiy vaziyatni o‘t oldirib yubormaslik istagi borligini aytdi. Unga ko‘ra, ayni paytda Vashingtonga safarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani yo‘q. Putin Tramp bilan boshqa joyda, masalan, joriy yil kuzida Argentinada bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida uchrashishi mumkinligi aytilmoqda.

Tanqid bo‘roni

Rayanning fikricha, Trampning Putin singari chet mamlakatlar rahbarlari bilan muzokara qilishiga hech qanday qarshiligi yo‘q, lekin u o‘sha rahbarlarga to‘g‘ri gapni ayta bilishi kerak.

− Agar o‘sha gap “Mamlakatimiz ichki ishlariga aralashmang, ega menligimizga daxl qilmang” qabilida bo‘lsa, men uni qo‘llab-quvvatlayman. Bu bama’ni gap bo‘lur edi, − dedi Rayan jurnalistlarga.

Tramp Helsinkida Putin bilan uchrashuvidan keyin matbuot konferensiyasida aytgan gaplari sabab tanqid bo‘roniga duchor bo‘ldi. Uni demokratlar barobarida o‘z partiyadoshlari ham ayab o‘tirmadi. Chunki u o‘shanda Putinning, saylovga aralashmadik, degan gapiga ishonishini aytish bilan birga AQSh razvedka xizmatlarining xulosalarini shubha ostiga olgan edi.

Tramp sammit muvaffaqiyatli o‘tganini aytmoqda

XS
SM
MD
LG