Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 02:32

Sirkning artist maymunini "hamkasblari" yeb qo‘ydi


16 iyul kuni “O‘zbek davlat sirki”da Rijik ismli maymun o‘z qafasidan chiqib ketib, halok bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka 27 iyul kuni sirk xodimlaridan biri, ismi ochiqlanmaslik sharti bilan, xabar qildi. Uning aytishicha, qafasidan chiqqan maymun u bilan bitta xonada saqlangan yo‘lbarslar va arslon katagi yoniga borgan va yirtqichlar uni yeb qo‘ygan.

O‘zbek davlat sirki direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Majidovning Ozodlikka aytishicha, voqea hayvon o‘rgatuvchi Azamat Xusinovning sovuqqonligi tufayli sodir bo‘lgan.

Azamat Husinov esa, fojianing sababchisi sifatida sirk rahbari Rustam Majidovni aybladi. Uning aytishicha, maymunga tegishli alohida xona yangi direktor tomonidan tortib olingan.​

Hayvon o‘rgatuvchi Azamat Husinovning aytishicha, qoidaga binoan, sirk hayvonlari alohida-alohida xonalarda saqlanishi kerak. Biroq 2018 yilning yanvarida Rijikka tegishli xona yangi direktor tomonidan tortib olingan.

- Qish kunlarida bir necha kun sovuq garajda, veterinar vrachning xonasida saqlanib keldi, eski ko‘rpachalarni to‘shab, arang jonini saqladim, bu yozgi hayvon, o‘lib qoladi, deb ko‘p gapirdim, - deydi Azamat.

Uning so‘zlariga qaraganda, maymunga alohida xona berilaverilmagach, uni ikkita yo‘lbars va bitta arslon saqlanadigan xonaga qo‘yishga majbur bulgan.

- Maymunim tugul, o‘zimga ham xona yo‘q. Hamma artistlarda yechinib-kiyinishga xona bor, men esa, sirk tomoshasiga chiqadigan bo‘lsam yo‘lbarslar xonasida kiyinib-yechinaman, - deydi hayvon o‘rgatuvchi.

Husinovning iddao qilishicha, fojianing asl sababi sirk rahbarining tamagirligidir. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziriga yozgan arizasida Azamat Husinov, jumladan, bunday degan:

"2-3 oy oldin Rossiya Federatsiyasidan aynan mening nomerimga nisbatan taklifnoma kelgan edi. Shunda vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi Majidov Rustam Rossiya Federatsiyasiga bormasligim uchun xar-hil bahonalar bilan rad etdi. Hozirgi kunda yana mening nomerim bo‘yicha Rossiya Federatsiyasidan taklifnoma kelib tushdi. Ushbu taklifnomani men kadrlar bo‘limiga taqdim etganimda, vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi Majidov Rustam xudsovetni (badiiy kengash -tahr.) yig‘ib, ular bilan o‘zaro kelishib olib, yana taklifnomani rad etdi. Ushbu xudsovetdagilar Majidov Rustamni qo‘llab-quvvatlaydigan shaxslardir.

Shuni ta’kidlash lozimki, agarda men Rossiya Federatsiyasiga chiqib, ularning sirk tomoshalarida qatnashsam, bu chiqishim O‘zbekiston Respublikasi davlat sirkiga mablag‘ kelib tushishiga sabab bo‘lar edi. Ammo Majidov Rustam o‘z manfaatini o‘ylab, sirkka kelib tushadigan pul mablag‘ini menga berasan, deb to‘sqinlik qilib kelmoqda. Men bu talabiga mutlaqo rozi bo‘lmadim", deyilgan Azamat Husinovning Madaniyat vazirligiga yozgan arizasida. Husinov xuddi shu gaplarni Ozodlik bilan suhbatda ham takrorladi.

O‘zbek davlat sirki direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Majidov Ozodlik muxbiri savollariga javob berarkan, Azamat Husinovning nomerini Rossiya sirklaridan biri taklif qilinganini tan oldi, lekin Husinovning iddaolarini rad etdi.

"Rossiyaga o‘zbek artistlarining borib ishlashi sirk uchun ham juda yaxshi daromad olib keluvchi amaliyotdir", dedi Rustam Majidov.

Sirk rahbarining aytishicha, "qon mazasini tatigan yo‘lbarslar" endilikda hech qaerga bora olmaydi, sirk veterinarining qaroriga ko‘ra, yirtqichlar Toshkent zooparkiga topshiriladi.

Biroq hayvon o‘rgatuvchining fikricha, yillar davomida qilgan mehnati mahsuli bo‘lgan "artist" yo‘lbarslari va arslonini zooparkka berib yuborish uchun ularning "qon tatib ko‘rgani" sabab bo‘la olmaydi.

"Ularga veterinar vrachning ko‘rsatmasi bilan har ikki xaftada shundoq ham tirik quyon berilar edi", dedi Azamat Husinov.

Shu kunda Husinov yirtqichlarining oldiga kira olmayapti.

"Ikkita qulf osilgan. Bitta qulf meniki, lekin uning ustidan sirk qulf osgan. Yo‘lbarslar ichkarida. Menda kirib ularga suv berish imkoniyati ham yo‘q " - deydi hayvon o‘rgatuvchi.

O‘zbekistan Davlat sirkini vaqtincha boshqarayotgan Rustam Majidov sirkning sobiq direktori, IIB tomondan sirk mol-mulkini talon-taroj qilganlikda gumonlanib qidiruvga berilgan Bahrom Majidovning ukasidir. ​

XS
SM
MD
LG