Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:51

Pokiston. Navozi Sharifning partiyasi saylov natijalari yuzasidan tergov o‘tkazishni talab qilmoqda


Navozi Sharifning partiyasi tarafdorlari.
Navozi Sharifning partiyasi tarafdorlari.

Pokistonning korrupsiyada ayblanib qamoqda saqlanayotgan sobiq bosh vaziri Navoz Sharifning partiyasi 25 iyul kuni o‘tkazilgan parlament saylovi natijalari soxtalashtirilganini aytib, saylov natijalarini rasman tekshirishga chaqirmoqda.

29 iyul kuni “Pokiston musulmon ligasi” partiyasi saylov natijalari yuzasidan tergov o‘tkazish uchun maxsus komissiya tuzishni talab qildi.

Saylovda muxolifat lideri Imron Xon yetakchilik qilayotgan “Tahriki-i-Insaf” partiyasi g‘olib chiqdi, ammo mustaqil ravishda hukumat tuzish uchun yetarlicha o‘rin egallamadi.28 iyul kuni Imron Xonning partiyasi koalitsiya tuzish uchun yetarlicha deputat ularni qo‘llayotganini bildirdi.

Saylov natijalariga ko‘ra, Imron Xonning “Tahriki-i-Insaf” partiyasi parlamentdagi 269 o‘rinning 115 tasiga egalik qiladi. Sharifning “Pokiston musulmon ligasi” partiyasi esa 61 o‘rin oladi.

Sobiq prezident Asif Ali Zardoriyning “Pokiston xalq partiyasi” 43 o‘rinni egalladi.

Sharifning iddao qilishicha, u ikkinchi marta g‘alaba qozonishga yo‘l bermaslik uchun Pokiston harbiy yetakchilari sud tizimiga bosim o‘tkazgan. Pokiston harbiylari esa bu iddaoni rad etdi.

Lohurda partiya yetakchilaridan biri Xavaja Asif:

- 25 iyul sodir bo‘lgan hodisalarni tergov qilish uchun sud komissiyasi tuzilishini talab qilamiz. Barcha partiyalar, jumladan, “Pokiston musulmon ligasi” shikoyatlarini bu komissiyaga topshirishi kerak - dedi.

- Biz saylov natijasi soxtalashtirilgani va boshqa insidentlar bo‘yicha hisobot e’lon qilamiz, - deya so‘zini davom ettirdi Asif.

Imron Xonning “Tahriki-i-Insaf” partiyasi matbuot kotibi Favod Chudri ularni xalq saylaganini, tez kunlarda hukumat tuzishlarini aytdi.

Saylov natijalarini chiqarish uzoqqa cho‘zilgani, saylov davomida sodir etilgan zo‘ravonliklar hamda Xon raqiblarining saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi iddaolari tufayli parlament saylovlari silliq o‘tdi, deb bo‘lmaydi.

27 iyul kuni bir guruh partiya saylov natijalarini tan olmasliklarini aytib, yangi saylov o‘tkazilishini talab qildi.

Saylov rasmiylari esa qonunbuzarliklar kuzatilmaganini aytmoqda.

Saylovni kuzatgan Yevropa Ittifoqi guruhi yetakchisi Maykl Galer:

- Umuman olganda, saylov natijalariga ishonsa bo‘ladi, - dedi.

Ammo kuzatuvchilar saylov kampaniyasini tanqid qildi. Xususan, ular ayrim nomzodlarga tahdid qilinganini va mahalliy matbuot o‘zini-o‘zi senzura qilishga majbur bo‘lganini qoralashdi.

Xon konservativ diniy qarashlarga ega bo‘lib, Pokiston liberallarini tanqid qilib keladi. Siyosatchi islomiy ijtimoiy himoya hamda adliya tizimlarini ta’sis qilishni va’da qilgan. U, shuningdek, jangarilarga aloqador ekstremistik diniy guruhlarni qo‘llashini izhor qilgan.

Xonni Pokiston armiyasi qo‘llashiga ishoniladi. Sobiq bosh vazir Sharif Pokiston 1947 yilda mustaqillikka erishganidan beri mamlakat siyosatida muhim o‘rin tutib kelayotgan harbiylar ta’sirini ozaytirishga uringan va natijada ular bilan to‘qnashgan edi.

Imron Xon Afg‘onistondagi AQSh yetakchiligdagi harbiy amaliyotlarni hamda AQSh armiyasi Pokistonda jangarilarni dron yordamida o‘qqa tutib kelayotganini keskin tanqid qilib keladi.

Rasmiy Qobul bilan Vashington Islomobodni Afg‘oniston toliblari hamda Haqqoniy tarmog‘i kabi jangarilarga boshpana berishda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG