Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:06

Asakalik tadbirkor militsiyani uni qiynoqqa solganlikda aybladi. Prokuratura surishtiruv boshladi (VIDEO)


Haydovchisi militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan mashinaning ahvoli
Haydovchisi militsiya xodimlari tomonidan kaltaklangan mashinaning ahvoli

Asakalik tadbirkor Oybek Husanovning iddao qilishicha, 11 iyul kuni uning mashinasini quvib to‘xtatgan yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari uni shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borib, ayovsiz kaltaklashgan.

Kuni-kecha mashina derazasi sindirilib, haydovchining mashina ichidan sug‘urib olingani va yerga yotqizilib, qo‘liga kishan taqilgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokurtaturasi matbuot xizmati mazkur voqeaga oid tekshirish nazoratga olinganini bildirdi.

Asakalik 39 yashar tadbirkor Oybek Husanov 11 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligi va shahar militsiyasi xodimlari uni ayovsiz kaltaklaganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

Qoidani men buzgan bo‘lsam, mashinani nega pachoqlashdi?

Oybek Husanovning aytishicha, 11 iyul kuni soat 11.30da ukasi Muhammadsodiq bilan birga bankdan qaytayotganida orqadan yo‘l harakati xavfsizligi avtomobili quvib kelib, uni yo‘l chetiga qisib to‘xtatgan:

- Orqadan GAIlar quvib kelib 8-maktabning oldida chetga qisib to‘xtatdi. Keyin nomini bilganim Asadbek degan inspektor yugurib keldi-da, nega to‘xtamayapsan deb, moshinani kapotiga mushtladi, keyin aylanib o‘tib moshinani yon tomonlariga tepa boshladi. Bu xodim o‘zini tanishtirgan ham yo‘q, hujjat ham so‘ragan yo‘q. Qo‘rqqanimdan moshina eshiklarini qulflab oldim. Keyin men unga nega moshinani pachoq qilyapsan, bu ishingga javob berasan, dedim. Keyin ukam telefonda bu holatni zapis qila boshladi, deydi tadbirkor.

Oybek Husanovning aytishicha, u faqat prokurorning oldiga borib eshikni ochishini aytgan, lekin yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari Asaka shahar ichki ishlar bo‘limidan yordamchi kuch so‘ragan:

- Ular telefon qildi. 300 metrcha naryog‘dagi shahar melisaxonasidan ikkita melisa yugurib keldi. Boshqa GAIlar ham yetib keldi. Men qilgan gunohimga javob beraman, sen ham qilgan ishingga javob berasan, prokuraturaga boramiz desam ham, ular yo‘l berishmadi. Hatto ichida odamlari bor DAMASlarni yo‘lga to‘sdirib qo‘ydi. Tushsak baribir uradi, deb ichkarida tushmasdan o‘tiraverdik. Shunda, GAIda qog‘oz-pog‘oz bilan ishlaydigan Kozim degan bir bola paydo bo‘ldi va menga “jiyanimni bosib ketgansan, tush”, deb tuhmat qilib, derazaga mushtlay boshladi. Uning yonida turgan inspektorlar unga indamadi. Kozim esa derazaga mushtlashda davom etdi va sal ochilib qolgan derazaga qo‘lini tiqib tortdi. Deraza ham sindi va men o‘zim tushaman deganimga qaramasdan ashaddiy jinoyatchiday sudrab tushirishdi, - deydi tadbirkor.

Ozodlik Oybek Husanovning mashinasi oynagini urib sindirgan Kozim degan yigitning Asaka shahar yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limida fuqaro sifatida yozdi-chizdi ishlari bilan shug‘ullanishini aniqladi.

"Asfaltda oyog‘im kuydi"

Oybek Husanovning aytishicha, shundan so‘ng uni yerga yotqizib, qo‘liga kishan solishgan:

- O‘sha kunlar havo juda issiq edi. Asfaltga oyoq qo‘yib bo‘lmasdi. Men tapochkamni kiyib olay desam ham, yo‘q, otdelgacha piyoda va yalangoyoq borasan deb sudrab ketishdi. Borguncha oyog‘im kuyib, achib ketdi. Yo‘lda shisha boshmaldog‘im tagini kesib tashlabdi. Shu ahvolda meni otdelga olib kirishdi, deydi tadbirkor.

"Vahshiy milisalar"

Oybekning aytishicha, eng dahshati shundan keyin boshlangan:

- Dejurkadan uch metr ham o‘tgan edikki, bitta melisa qornimga soldi. Bittasi esa ko‘krak qafasimga qarsilllatib tepdi, bittasi kallamga soldi. Sal hushimni yo‘qotdim. Keyin sudrab tepaga ikkinchi qavataga chiqarishdi-da, zalda o‘rtaga olib urishni boshlashdi. GAI va melisa xodimlari aralash urib, tepa boshladi. Endi qo‘yaverasiz, ikkitasi yelkamdan ushlab turibdi, bittasi tepyapti, unisi ushlab utribdi, bunisi tepyapti. Qornimga, ko‘krak qafasimga rosa tepishdi. Keyin o‘zimdan ketib qolibman, bir payt yana o‘zimga kelib, ko‘zimni ochsam, Sardor Toplarov degan melisa gup-gup etib yuragimga mushtlab uryapti ekan. Sen hozir shu yerda o‘lasan, deb "nagliy" aytyapti. Keyin o‘zimdan yana ketib cho‘zilib qolgandim, dubinkalar bilan oyog‘imni tagiga urishdi. Dod deyapman, koshki bular quloq solishsa. Vahshiy melisalar bundan ham qoniqmadi shekilli, to‘rttasi oyoq qo‘limda ko‘tarib olib, plitka polga uch marta tashladi. Qo‘lim naruchnikda bo‘lgani uchun, qo‘llarim kesilib ketdi. Hamma joyim qonga belandi, Milisalar urishayotganda hammahallam, tergovchilar boshlig‘i Sherzod Mamajonov ham o‘tib qoldi. Hoy aka, bular meni o‘ldirib qo‘yadi, desam, indamay o‘tib ketdi, deydi tadbirkor.

Bu holatda uni o‘ldirib qo‘yishlari mumkinligidan xavotir olgan Oybek Husanov “taslim” bo‘lganini aytadi:

- Bo‘ldi, akalar, bo‘ldi, dedim. O‘lib qolaman, ikkita bolam bor, dedim. Hech kimga shikoyat qilmayman, prokurorga ham aytmayman, dedim. Keyin ular to‘xtadi va sudrab devorga qaratib cho‘kkalatib qo‘yishdi, deydi tadbirkor.

"Jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida militsiya xodimi qonli ko‘ylagimni yuvib berdi"

Oybek Husanovning aytishicha, shundan so‘ng militsiya xodimining o‘zi uning qontalash ko‘ylagini yuvib bergan:

- Urib bo‘lganidan so‘ng, sizlashga tushishdi, naruchnikni yechishdi. Sardor degan bilan qorachadan kelgan boshqa melisa dushga olib kirishdi. Kiyimlarimni olib o‘zlari yuvishdi, chala quritib, ustimga kiygizishdi. Oyog‘im qonab ketayotgandi, Sador degani o‘zining yangi ro‘molchasini berdi, bog‘lab oling, deb, - deydi tadbirkor.

Oybek Husanovni akasi Shuhrat shahar ichki ishlar bo‘limidan olib ketgan.

Oybekning aytishicha, nima uchun u ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani va qaysi qoidabuzarlik bo‘yicha javobgarlikka tortilgani haqida o‘sha kuni hech qanday hujjat yozilmagan.

"To‘g‘ri, qoidani buzganman, lekin bu uchun qyinoqqa solishdi"

Oybek Husanov bozordan kuni-kecha sotib olgan mashinasini hali o‘z nomiga rasmiylashtirmasdan haydaganini bo‘yniga oladi:

- Men haqiqatan ham, doverennostsiz mashina boshqardim. Bu mening gunohim. Buning uchun jazolanishimga qarshi emasman. Lekin, GAI xodimlari buning uchun mashinani tepib pachoqlashi, uning egasini esa o‘lasi qilib kaltaklashi qaysi qonunga to‘g‘ri keladi. Meni kaltaklagan va mashinani pachoqlagan militsiya xodimlari adolatli sud oldida javob berishlari shart, deydi Oybek Husanov.

"Rentgen ko‘rsatmagan singan qovurg‘alarni MRT ko‘rsatdi"

Oybek Husanov, 11 iyul kuni Asaka shahar militsiya bo‘limidan chiqqanidan so‘ng, tuman prokuraturasiga murojaat qilgan va akasi uni Andijon shahridagi sud-tibbiy ekspertizasiga jo‘natgan.

Sud-tibbiy ekspertizasidan so‘ng, uning ahvoli og‘irlashgan va akasi uni shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib borgan. Bemorni rentgen qilgan shoshilinch tibbiy yordam markazi unda qattiq jarohatlar yo‘q degan xulosa bergan va bemorni yotqizib davolashni rad qilgan.

Oybekning aytishicha, akalari nega yotqizmaysizlar deb norozilik bildirganidan so‘ng, Asaka shahridagi tez tibbiy yordam kasalxonasiga yo‘llanma yozib bergan.

Asaka shahridagi kasalxonada uch kun yotgan Oybek Husanovda ham qovurg‘asida sinish jarohati yo‘qligi aytilganidan so‘ng, u xolis tekshirtirish uchun Shahrixon tumanidagi “Tong tashxis” xususiy klinakasiga murojaat qilgan:

- U yerda MRT apparatiga solib ko‘rishdi. To‘rtta qovurg‘am singan, o‘pka tomon ezilgan, ko‘krak qafaslar ezilgan degan xulosa chiqarib berdi, -dedi Oybek Husanov.

Uzbekistan - document of the driver from hospital
Uzbekistan - document of the driver from hospital

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bu voqea yuzasidan Ozodlik so‘roviga shunday javob berdi:

“Bu masala nazoratga olindi va bu ish tergovida qonuniylik bo‘lishi kafolatlanadi”.

Asaka shahar prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, Oybek Husanov arizasi yuzasidan tekshiruv olib borilayotganini Ozodlikka aytdi:

Bu ish yuzasidan xizmat tekshiruvi davom etyapti. Kameralardan videolar olingan va o‘rganilyapti. Agar militsiya xodimlarining aybi bo‘lsa, tegishli choralar ko‘riladi, albatta. Tekshirish yakunlansin, o‘shanga qarab jinoyat ishi qo‘zg‘atish yoki boshqa jazo qo‘llash haqida qaror qabul qilinadi”, dedi prokuratura mulozimi.

Asaka shahar ichki ishlar bo‘limining navbatchisi bunday voqea bo‘lganini inkor qilmadi, lekin bu haqda faqat viloyat ichki ishlar boshqarmasidan ma’lumot olish mumkinligini aytdi.

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining navbatchisi 31 iyul kuni Ozodlik muxbiriga qo‘pol tarzda:

- Bu raqamga boshqa qo‘ng‘iroq qilmang, - deb javob berdi.

Militsiya zo‘ravonligi

O‘zbekistonda militsiya xodimlarining zo‘ravonligi haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan.

Jumladan, Ozodlikning 4 iyul kuni e’lon qilgan "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" maqolasidan so‘ng, 5 iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi o‘z saytida Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarov ushlangani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida rasmiy bayonot e’lon qilgan edi.

Samarqand shahar sudi 6 iyulda Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili San’at Umarovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasiqo‘llanilishi haqida ajrim chiqardi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 19 iyul kuni xabar berishicha¸ Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov ustidan O‘zbekiston JKning 206-moddasi(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirgani haqida Ozodlik 18 iyul kuni xabar bergan edi.

Qarshi tumanidagi bir necha fermerning tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rajabov tomonidan muntazam kaltaklanib kelgani haqida, ularning aytganlariga tayanib, Ozodlik xabar qilganidan so‘ng, IIB boshlig‘i ishdan chetlatilgan va viloyat prokuraturasi bu holat yuzasidan tekshirish boshlagan edi.

Huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining Ozodlikka aytishicha, Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Jahongir Rajabov ustidan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 206-moddasi(hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

XS
SM
MD
LG