Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2018, Тошкент вақти: 11:16

Samarqandda buzilayotgan uy hissadorlari "amnistiya" talab qilmoqda


Samarqandning YUNESKO himoyasidagi Mironshoh ko‘chasida tiklangani ortidan buzilayotgan 7 qavatli uydan kvartira sotib olgan hissadorlar qo‘mita tuzib¸ prezidentdan bu joyni buzmay saqlab qolishni talab qilishdi. Hissadorlar qo‘mitasi raisi Mavluda Karimova 2 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda “agar uy buziladigan bo‘lsa, hissadorlar Samarqand shahar hokimining uyini ishg‘ol qilib kirib olamiz” deya bildirdi:

- Men shu buzilayotgan uydan ikkita kvartira sotib olganman. Lekin, hujjati to‘liq emas deb, binoni buzishmoqchi. Bolalarimiz chet ellarda xardek (eshakdek-taxr ) ishlab yuborgan puliga kvartira olmoqchi edik. Uy to‘yi qilmoqchi edik. To‘yimiz azaga aylandi. O‘zbekiston prezidenti o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan "amnistiya" e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni aprel oyida imzoladi¸ rahmat u kishiga¸ lekin shahar hokimi Furqat Rahimov bizning peshona terimiz evaziga qurilgan uyni buzib, bizni ko‘chada qoldirmoqchi. Agar uysiz qolsak, hokim Furqat Rahimovning uyiga borib yashaymiz hammamiz¸ - deydi hissadorlar qo‘mitasi raisi Mavluda Karimova.

Самарқанддаги бузилаëтган уй ҳиссадорлари уй учун “амнистия” талаб қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:09 0:00

Hissadorlar isyoni

Unga ko‘ra¸ uyi buzilganidan norozi bo‘lgan 26 xonadon hissadorlari iznsiz qurilgan uyni "amnistiya" qilib saqlab qolish talabi bilan O‘zbekiston prezidentiga chiqqanlar.

Bundan oldin ular Samarqand shahar hokimligi binosi oldida piket tashkil qilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limi mulozimiga ko‘ra¸ "YUNESKO himoyasida bo‘lgan hududda qurilgan bu uyning buzilishi haqida uzil-kesil" qaror qabul qilingan va "Barcha e’tiroz uy qurilishini amalga oshirgan tadbirkor Umar Rajabovga" qaratilishi zarurligi bildirilgan.

25 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ozodlik savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev ham Samarqandning YUNESKO himoyasidagi hududida uch qavatdan baland qurilgan barcha binolar buzilishini bildirgan edi.

Vazirga ko‘ra¸ samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov qurgan 7 qavatli "uy buziladi va bu qadimiy hududda o‘zboshimcha uy qurmoqchi bo‘lgan boshqa tadbirkorlar uchun saboq bo‘ladi".

Ko‘zimda so‘nggi yosh qoldi

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov¸ Madaniyat vaziri Sayfullaev kabi yuqori lavozimli amaldorlar diqqat markazida qolayotgan 7 qavatli uyni qurgan 55 yashar samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov bir oylik ikkilanishdan keyin "bor haqiqatni Ozodlikdan chiqib aytishga" qaror qildi.

Самарқанддаги бузилаëтган уй ҳиссадорлари уй учун “амнистия” талаб қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:56 0:00

2 avgust kungi Ozodlik bilan suhbatda¸ Rajabov keyingi ikki oyda mutlaq bankrot bo‘lgani va salomatligidan ajraganligidan shikoyat qildi.

- Pichoq borib bo‘g‘zimga qadaldi. Bir oy ichida milliardlarimdan ham, sog‘ligimdan ham ayrildim. Mironshoh ko‘chasidagi yetti qavatli uy qurilishi uchun sobiq hokim Turob Jo‘raev mendan "iltimos" qilgan ba’zi xizmatlarni bajarib berasiz deb. Bu uyga ruxsat berishlari uchun Samarqand shahrida Prezident qabulxonasi qurib berdim. Karimov maqbarasi yonida choyxona qurib berdim. Yer osti yo‘li qurib berdim. Bu ishlarni mendan "iltimos" qildi. Iltimosni bajardim. Bir tiyin olmasdan! O‘z kuchim bilan! Albatta, bu ishlarni "bajarganlari" uchun davlat byudjetidan kimlardir qanchalar mablag‘ni ishlatildi, deb "ishlatib" yuborgandir, u yog‘i mening ishim emas. Faqat shuni aytishim lozimki, bu ishlarga millionlab pulim ketdi. Mayli, men faqat qisman izn olib uy qurgandirman. Lekin Samarqand qadimiy hududida ko‘p qavatli bino qurgan boshqa mulozimlarga oid imoratlarni nega buzishmaydi? Qonun kaltagi nega faqat mening boshimda sinadi. Pora berib, uy qurgan menikidan ham baland binolarga birov tegmayapti-yu, men qurgan uylarni buzishga yopishishdi. Vaholanki, qadimiy hududda uy qurgan, menikidan baland qilib qurgan qurilish firmalari rahabarlari orqasida qaysi amaldorlar turganini ham yaxshi bilaman¸ - deydi shu kunlarda bankrot bo‘lganini aytgan samarqandlik tadbirkor Umar Rajabov.

Tadbirkor Umar Rajabov
Tadbirkor Umar Rajabov

Bino qurishga kim izn bergan edi?

Samarqand viloyat huquq tartibot organlarida ishlaydigan mulozim Ozodlik bilan suhbatda Rajabov muassisi bo‘lgan "Umar" va "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkatlari qurgan uylar tekshirilayotgani va aksariyat qismi iznsiz qurilgani uchun buzib tashlashga qaror qilinganini aytdi.

Shahar hokimligi kapital qurilish bo‘limida ishlaydigan mulozim esa buzish uchun sud hukmi mavjudligini aytdi.

- Sud hukmiga hokimlik aralasha olmaydi. Biz ijro hokimiyati o‘laroq sud hukmini ijro qilamiz. "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkatiga Mironshoh ko‘chasida ikki qavatli savdo markazi qurishgagina izn berilgan qarorga oldingi hokim Vohid Sanaqulovich imzo chekkan. (2017 yilning 21 avgustida ishdan olingan Samarqand shahar hokimi Vohid Rahimov - tahr.) E’tibor bersangiz, faqat ikki qavatli savdo markazi qurishga izn berildi. Yetti qavatli turar joy qurish uchun emas. Shularni inobatga olib, Furqat Jalolovich (Samarqand shaxrining joriy hokimi Furqat Rahimov - tahr.) 20 iyun kuni qurilishni to‘xtatish borasida qaror chiqardi. 23 iyun kuni Bosh vazirning o‘zi borib bu masalani razbor qildi. Binoning YUNESKO himoya zonasida noqouniy qurilgani va ikki qavatli magazin o‘rniga yetti qavatli turar joy ruxastsiz qo‘yilganini aniqlagan Abdulla Nig‘matovich 23 iyunda "zudlik bilan buzib tashlang!" deb buyurdi. Ana shundan keyin sud hukm chiqardi, - deydi shahar hokimi mulozimi.

Vazirlik qurilishdan bexabar bo‘lganmi?

Hissadorlar qo‘mitasi raisi Mavluda Karimova Ozodlik bilan suhbatda: "Nega madaniyat vazirligi va shahar hokmiyati yetti qavatli uy qurilib bo‘lguncha indamay turdi¸ uy havozalari ko‘tarilgan paytda ularning ko‘zi qaerda edi? - deya savol berdi.

25 iyul kungi matbuot anjumanida Ozodlik muxbirininmg ayni ma’nidagi savoliga javob bergan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev "Tadbirkorlar bizning "bditelnost"imizni (hushërligimizni-tahr) uxlatib qo‘ydi," deya javob qilgan edi.

Vazir aytmoqchi "bditelnosti uxlagan" paytda Samarqanddagi hali bitmagan bino kvartiralarni 26 oila sotib oldi.

Ular bu kvartiralarning har kvadrat metriga 3 milliondan 6 million so‘mgacha pul to‘lashgan.

Ozodlik suhbatlashgan Samarqand shahar hokimligi huquqshunosiga ko‘ra¸ bu hissadorlarning pulini "Afrosiyob Xosiyat Begim makoni" shirkati qaytarishga majburdir.

Orzusidan ayrilganlar nidosi

Hissadorlar qo‘mitasi raisi Mavluda Karimova Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va boshqa hissadorlar tadbirkorning emas¸ balki shahar hokimiyatidagi bosh-boshdoqlik qurboni bo‘lganini aytadi:

- Bizni orzumizdan ayirishdi. Samarqandlik uchun uyidan ayrilish musibat. Bizning pulimizga sifatli uy qurib bergan tadbirkorni ayblamaymiz. Tadbirkorni aldab, bankrot qilgan mulozimlarni ayblaymiz. Agar biz uysiz qolsak, shahar hokimini uyiga borib yashaymiz. So‘nggi chora sifatida biz O‘zbekiston prezidentiga Ozodlik orqali murojaat qilamiz. Xurmatli prezident bizni orzumizdagi uydan judo qilmang.

Samarqand shahri
Samarqand shahri

Bosh vazirdan tortib oddiy blogergacha aralashgan Samarqand tarixiy qismidagi iznsiz qurilishlar masalasi Bahrayn poytaxti Manamada YUNESKO Shahrisabz tarixiy markazini Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatidan o‘chirish masalasini ko‘rayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Anjumanda 10 foizi vayron qilingan Shahrisabzning kuni Samarqandga ham tushmasligi yuzasidan xavotirlar bildirilgani ortidan iznsiz qurilgan uylar yoppasiga tekshirila boshlandi.

XS
SM
MD
LG