Линклар

Шошилинч хабар
17 октябр 2018, Тошкент вақти: 09:12

Rossiya BMT sanksiyalarini buzgan holda Shimoliy Koreya ishchilarini yollamoqda


Shimoliy Koreyada yasalgan ballistik raketani mamlakat rahbari ko‘zdan kechirmoqda.

Rossiya o‘z hududida Shimoliy Koreyaning minglab ishchisiga mehnat qilish uchun ruxsat bermoqda. Wall Street Journal nashrining 2 avgustda ma’lum qilishicha, AQSh rasmiylari ayni holatda BMT sanksiyalari buzilayotganini aytmoqda.

Rossiya Ichki ishlar vazirligidan olingan hujjatlarga asoslanib xabar berilishicha, 10 mingdan oshiq Shimoliy Koreya ishchisi ushbu mamlakatda ro‘yxatga olingan.

AQSh rasmiylari bu holni o‘tgan yil sentabrida joriy qilingan BMT sanksiyalarini buzish deb hisoblamoqda. O‘sha sanksiyalarda mavjud mehnat shartnomalarini buzmaslik ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, hukumatlarning Shimoliy Koreya ishchilarining o‘z mamalkatlarida ishlashiga ruxsat berishni taqiqlaydi.

Sanksiyalardan ko‘zlangan maqsad Shimoliy Koreya qurol-yarog‘ dasturini moliyalash uchun naqd pul tushumini kamaytirish, shu yo‘l bilan Pxenyanga yadro qurollaridan voz kechishga bosim o‘tkazishdan iborat.

Shimoliy Koreyaning chet elga ishchilar jo‘natish dasturiga ko‘ra, koreys ishchilari pul topish uchun Xitoy bilan Rossiyaga jo‘natilar edi. O‘sha yerlarda ishlab topilgan pul Pxenyanga yuborilar va uning aksariyat qismini hukumat o‘ziga olib qolar edi.

Moskva bilan Pekin o‘tgan yili yangi ishchilarni qabul qilmaslikka rozi bo‘lgan, shu tariqa AQShning Shimoliy Koreyaga qarshi keskinroq sanktsiyalar joriy qilish to‘g‘risidagi talabiga yon bergan edi. Ammo Rossiya Mehnat vazirligining Wall Street Journal qo‘liga tushib qolgan hisobotida aytilishicha, sanksiyalarga qaramay, kamida 700 nafar Shimoliy Koreya ishchisiga ruxsatnoma berilgan.

BMT rasmiylari ayrim istisnoli holatlari bor sanksiyalari buzilgan-buzilmaganini o‘rganib chiqmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ish vaqti bo‘lmagani uchun izoh berish to‘g‘risidagi iltimosga javob qaytarmadi.

‒ Rossiya ko‘proq ish qilishi kerakligi kunday ravshan. U Qo‘shma Shtatlar bilan munosabatlarini yaxshilashni istamoqda, binobarin buni Moskva barcha davlatlarga tahdid solayotgan sohada bizga qarshi ish qilib emas, hamkorlik qilib isbotlashi kerak, ‒ dedi AQSh Davlat departamenti voizi Reyter axborot agentligiga. ‒ Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyada mehnat qilayotgan Shimoliy Koreya ishchilari har yili Pxenьyanga 150 – 300 million dollar jo‘natadi. Endi Rossiya chora ko‘radigan vaqt keldi: Moskva o‘zi imzolagan BMT sanksiyalari talablarini zudlik bilan va to‘liq bajarishi shart.

Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Koreyani BMT sanktsiyalari cheklovlaridan ortiq darajada neft import qilganlikda ayblamoqda. Vashington o‘tgan oyda BMT Xavfsizlik Kengashiga ushbu masala yuzasidan Shimoliy Koreyaga nisbatan ayblovlarni taqdim etdi, ammo Moskva bilan Pekin ushbu hujjatga veto qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG