Линклар

Шошилинч хабар
17 август 2018, Тошкент вақти: 17:56

Buxoroda ikki qavatli bino qulashi oqibatida kamida 2 odam nobud bo‘ldi


Buxoroda qulagan ikki qavatli do‘kon ikki yil oldin qurilib, foydalanishga topshirilgan edi.

Buxoro shahrida 3 avgust kuni ikki qavatli bino qulashi oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, o‘nga yaqin odam jarohat oldi. Jabrlanganlardan birining ahvoli o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining Buxoro viloyatidagi bo‘limi mulozimining Ozodlikka aytishicha, 3 avgust kuni bino vayronalari ostidan 2 kishining jasadi topilgan, bir odam og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Mulozim jarohat olganlar “o‘rtacha og‘ir” ahvolda ekanini ma’lum qildi.

Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va binoning qulashi sabablarini shahar prokuraturasi o‘rganmoqda.

Buxoroda qulagan ikki qavatli do‘konning sifatsiz qurilgani iddao qilinmoqda.
Buxoroda qulagan ikki qavatli do‘konning sifatsiz qurilgani iddao qilinmoqda.

​Buxoro shahrining Sanoatchilar ko‘chasi, xalq orasida DOZ-5 deb ataluvchi hududda yangi qurilgan ikki qavatli do‘kon 2016 yilda foydalanishga topshirilgan.

Guvohlar binoning sifatsiz, shosha-pisha qurilgani sabab qulagan bo‘lishini aytishadi.

- Bino qulab tushgan paytda uni ichida bo‘lgan hamda do‘kon oldida o‘z avtomashinasini ichida bo‘lgan yana bir odam voqea joyida halok bo‘ldi. Xo‘ja ko‘rsinga va tez bo‘l-tez bo‘l deb qurilgan sifatsiz bino deb shuncha begunoh odam halok bo‘ldi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan buxorolik.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa guvohlar esa ikki qavatli do‘kon ostida qazish ishlari olib borilgani uchun bino qulaganini aytishadi.

Guvohlarning bu iddaosi yuzasidan izoh olish uchun Ozodlik muxbiri Buxoro shahar hokimiyatining Arxitektura va qurilish bo‘limiga bog‘landi.

Hokimlik mulozimi halokat yuzasidan tekshiruv natijalari aniq bo‘lmagunicha bu borada izoh berolmasligini aytdi.

Mustaqillik davri inshotlari

Uch yil avval Xorazmda yangi qurilgan ko‘prikning qulashi insoniy fojeaga sabab bo‘lgandi.

Urganch shahridagi qayta ta’mirlangan "Yoshlar" ko‘lida konsertga kelgan odamlarni ko‘tarolmagan ko‘prik qulab, 10 nafardan ko‘p odam halok bo‘lgan edi.

O‘zbekiston poytaxtida qurilgan "Minor" masjidi gumbazi sirtidagi moviy koshinlar bir yilga yetar-yetmas qo‘porilib tushgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Bugun O‘zbekistonning qishloq joylarida tiklanayotgan namunaviy uylarni sotib olayotganlar ham binolarning sifati o‘ta yomonligini, ko‘pchilik ularni ta’mirlab, keyin ko‘chib kirishayotganini aytishadi.

XS
SM
MD
LG