Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:52

Advokatlar Adliya vazirligi ularni tekin ishlashga majburlayotganini iddao qildi


Toshkent shahridan Ozodlikka murojaat qilgan bir necha advokat ular Adliya vazirligi tomonidan aholiga huquqiy yordam berishda tekin ishlashga majburlanayotganidan shikoyat qildi.

Advokatlarning aytishicha, ular Xalq qabulxonalariga, mahallalarga kuni bilan ish haqisiz yuridik yordam ko‘rsatishga navbatma-navbat yuborilmoqda.

Adliya vazirligi mulozimi advokatlar iddaolarini rad etdi. Uning aytishicha, tashabbus Advokatlar palatasidan chiqqan.

Toshkent shahridagi advokatlik firmalaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbari advokatlar Adliya vazirligi tomonidan tekin ishlashga majburlanayotganini Ozodlikka aytrkan, bunday dedi:

“Adliya vazirligi Advokatlar palatasiga Xalq qabulxonalarida advokatlarning ishtirokini ta’minlash grafigini tuzinglar, deb topshiriq bergan. Har kuni ertalab soat 9 dan soat 6 gacha bitta advokat Xalq qabulxonasida tekin maslahat berish uchun o‘tiradi. Bu haqda vazirlik bizning Advokatlar palatasi raisiga og‘zaki topshiriq bergan. Endi, go‘yoki buni tashabbuschisi biz bo‘lganmiz. Lekin aslida unday emas, bu majburiy”, deydi advokatlik idoralaridan birining rahbari.

Ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik advokatlardan yana birining aytishicha, Toshkentda 11ta tuman bo‘yicha grafik tuzib berilgan:

“Faqatgina Xalq qabulxonalari emas, balki poytaxtning katta mahallariga ham grafik bo‘yicha advokatlardan biri borib, tekin maslahat berishga majbur qilib qo‘yilgan. Ikkinchidan, hokimliklarning “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarida ham 11ta tuman bo‘yicha advokatlarning qatnashishi majbur qilib qo‘yilgan. Lekin hech kim bu advokatlarning ish kuni hisoblanadi, ularga ish haqi berish kerak, deb o‘ylamaydi. Faqat tekinga ishlatilib yotibmiz”, deydi advokatlardan biri.

Uning aytishicha, Advokatlar palatasi nodavlat – notijorat tashkilot hisoblanadi va qonun bo‘yicha ularni davlat ishlariga majburan jalb qilish taqiqlangan:

“Toshkentda 700 tadan ortiq advokatlik idorasi bor. Hozir advokatlar hay’ati bilan advokatlar firmasiga bu vazifa yuklatilgan. Advokatlik byurolarida bitta odam ishlagani uchun ularga tegishmagan. Hoy insonlar, bu yerda qonun bor, advokatlarning himoyasi bor, deb hech kim so‘ramaydi. Hammani himoya qiladigan advokatlarning o‘zlari bugun himoyaga muhtoj bo‘lib qoldi”, deydi advokat.

Ozodlik advokatlarning bu iddaolariga munosabat olish uchun O‘zbekiston Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Rabiev bilan bog‘landi.

Sherzod Rabievning aytishicha, Xalq qabulxonalari va “Ochiq eshiklar kuni”ni tekin maslahat beradigan advokatlar bilan ta’minlash tashabbusi Advokatlar palatasining o‘zidan chiqqan:

- Advokatura tizimi isloh bo‘ldi. Bu bo‘icha may oyida prezidentimizning farmoni chiqdi. Aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha har bir davlat organi bunga mas’ul qilib belgilangan. Hammamiz ishlayapmiz. O‘sha farmonda kam ta’minlagan aholiga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish haqida gap ketgan. Hamma fidoyi bo‘lsin bu borada, deyilyapti. Shuning uchun biz faqat jalb qilamiz, bizda majburlash printsipi yo‘q. Haqiqiy fidoyi bo‘lganlar o‘sha targ‘ibot guruhlarida ishtirok etadi, mahllalarga boryapmiz, uyma-uy yuryapmiz. Shunday tadbirlarga jalb qilyapmizda, endi. Agar advokat bormayman desa, hech kim uni majburlay olmaydi. Hech qanaqa reja qilib, uni majburlab bo‘lmaydi, u nodavlat tuzilma”, dedi O‘zbekiston Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Rabiev.

Kezi kelganda shuni ham e’tirof etib qo‘yish kerakki, Adliya vazirligi aholi orasida huquqiy bilimlar targ‘iboti sohasida boshqalarga ulgi bo‘ladigan ishlarni qilmoqda. Vazirlikning Telegram kanali faol ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG