Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2018, Тошкент вақти: 23:43

Medvedev AQShning yangi sanksiyalarini “iqtisodiy urush” e’lon qilish deb atadi


Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev, agar Qo‘shma Shtatlar Rossiya banklari yoki muayyan valyutadan foydalanishni taqiqlash to‘g‘risida sanksiyalar joriy qiladigan bo‘lsa, rasmiy Moskva buni “iqtisodiy urush e’lon qilish” deb hisoblashini aytdi. Uning fikricha, Rossiya buning uchun “iqtisodiy, siyosiy va zarur bo‘lsa, boshqa vositalar bilan” javob qaytaradi.

Medvedev 10 avgustda AQSh yangi sanksiyalar turkumini joriy etishni e’lon qilganiga javoban shunday keskin gapni aytdi. AQSh parlamenti a’zolari Rosiyaning bir qancha davlatga qarashli banklari amaliyotini va ular AQSh dollaridan foydalanishini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha takliflarni ilgari surmoqda.

Medvedev tafsilotlarga berilib o‘tirmadi, ammo u “boshqa vositalar” deganda, Rossiya harbiy kuch yoki urushning boshqa shakli, masalan, kiberhujumlar uyushtirishi mumkinligini nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

“Do‘zaxiy sanksiyalarga oid qonun loyihasi”

Medvedev eslatib o‘tgan potensial sanksiyalar haqidagi qonun loyihasini ikkala partiyaga mansub senatorlar 2 avgust kuni Senat muhokamasiga kiritdi. Ular orasida respublikachi senator Lindsey Grehem ham bor. Grehemning aytishicha, qonun loyihasi tarafdorlari “prezident Vladimir Putinga AQSh saylov tizimiga aralashishni va uning infratuzilmasiga kiberhujumlarni to‘xtatmaguncha, qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqmaguncha, Suriyada boshboshdoqlik keltirib chiqarishga urinishlarni bas qilmaguncha Rossiyaga qarshi qaqshatqich sanksiyalar va boshqa choralar qo‘llayverish”ni istaydi.

Grehem “do‘zaxiy sanksiyalarga oid qonun loyihasi” deb atagan qonun loyihasining qabul qilinishi yoki qilinmasligi hali aniq emas.

AQSh Kongressi sentabrgacha Vashingtonga to‘liq tarkibda qaytmaydi. Kongress a’zolari yordamchilari ushbu qonun loyihasining to‘liq qabul qilinish ehtimoli kamligini aytmoqda.

“Amerika xafsizligini Kreml tajovuzidan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi taqdim etilgandan so‘ng oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, ya’ni 8 avgust kuni shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Rossiyanng “Kommersant” gazetasi uning to‘liq deb atalayotgan matnini e’lon qildi.

U chop etilishi bilan Rossiya pul birligi rublning qadri tushib ketdi. 8 avgust kuni uning qadri yanada pasayib, so‘nggi ikki yildagi eng past nuqtaga yetdi. Bunga AQSh Davlat departamentining Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishi xususidagi bayonoti sabab bo‘ldi. Yangi sanksiyalarga esa joriy yil martida Angliyada sobiq rus josusi Sergey Skripal va qizining Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlangani turtki bo‘ldi.

O‘sha bayonotda sanksiyalarning ilk turkumi 22 avgust kuni kuchga kirishi kutilayotgani aytilmoqda. Ular elektronika, nazorat-tekshiruv qurilmalari, gaz turbinasi agregatlari singari AQShning ilg‘or texnologiyalari va sanoat uskunalariga daxldor bo‘ladi.

Sanksiyalarning ikkinchi turkumi qamrovi birinchisidan kengroq bo‘ladi. Faqat ular qo‘llanmasligi uchun Moskva 90 kun ichida bundan buyon kimyoviy qurollarni qo‘llamaslikka “ishonarli kafolat” berishi, BMT va boshqa xalqaro kuzatuv tashkilotlariga ular qo‘llangan joyda tekshiruv o‘tkazilishiga ruxsat etishi hamda AQShning boshqa talablariga javob qaytarishi kerak bo‘ladi.

Kreml matbuot kotibi Dmitiry Peskov yangi sanksiyalarni “mutlaqo nomaqbul” va “noqonuniy” deb atadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova Qo‘shma Shtatlarni Rossiyani “olabo‘ji” qilib ko‘rsatishga urinayotganlikda aybladi. U Moskva “ushbu g‘ayrido‘stona xatti-harakat”ga javob tayyorlayotganini aytdi, ammo aynan qanday javob ekanini ochiqlamadi.

XS
SM
MD
LG