Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 23:21

Afg‘onistonda IShID qo‘li ostidagi hayot dahshati: zo‘rlashlar, qotilliklar, bola askarlar


Afg‘onistondagi "Islom davlati" ekstremistik guruhidan ozod qilingan shibirg‘onlik ayollarning bir guruhi.
Afg‘onistondagi "Islom davlati" ekstremistik guruhidan ozod qilingan shibirg‘onlik ayollarning bir guruhi.

35 yashar Xolida Afg‘onistonning Jo‘zjon viloyatidagi Darzab tumanida “Islom davlati” ekstermistlari qo‘lidan qochib qutilgan bir necha ming kishining biridir.

Hozirda viloyat poytaxti Shibirg‘on shahri chekkasidagi lagerda yashayotgan Xolida jangarilar qo‘li ostidagi hayot dahshatlari haqida so‘zlab berdi:

- Yosh qizlarni zo‘rlik bilan olib ketib, ularga uylanishdi. Hamqishloqlarimni o‘ldirishganini ko‘rdim. Yosh bolalarni o‘zlari bilan jang qilishga majburlashdi. Biz hech nima qila olmadik.

“Islom davlati” ekstremistik guruhining Afg‘onistondagi bo‘limi misli ko‘rilmagan zolimligi bilan nom chiqargan. Ular raqiblarining kallasini kesib, minalarni bosishga majburlab keladi.

Jangari guruh a’zolari Iroq va Suriyada ham yosh qizlarga zo‘rlik bilan uylanib, qizlar va ayollarni zo‘rlagani ko‘pchilikka ma’lum. Ammo Afg‘onistonda bunday holatlar haqida ozroq xabar qilingan.

Lekin keyingi haftalarda minglab odam Darzabdan qochishi ortidan guruh xunrezliklari haqidagi hikoyalar ko‘paydi.

“Islom davlati” jangarilari joriy yilning 31 iyulida raqib jangari guruh bo‘lmish toliblar hamda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari tomonidan siqib chiqarildi. Natijada o‘nlab IShID jangarisi halok bo‘ldi, 200 dan oshig‘i hukumat kuchlariga taslim bo‘ldi.

To‘qnashuvlar davomida ko‘plab odam Shibirg‘on shahriga qochdi. Qochqinlar hozir mahalliy hukumat hamda xorijiy yordam tashkilotlari bergan yeguliklar bilan kun kechirmoqda.

Turmush o‘rtog‘i Eronga muhojirlikka ketgan Xolida uch farzandi bilan tunda, hamma narsasini ortda qoldirib Sardara qishlog‘idan mototsiklda qochib ketganini so‘zlab berdi.

Boshqa qochqinlar kabi Xolida ham jangarilar qaytishi mumkinligi haqidagi xavotirlar tufayli uyga qaytishga hali oshiqayotgani yo‘q.

O‘tgan haftada turmush o‘rtog‘i hamda ikki farzandi bilan Darzabdan qochgan Maryam 15 yoshli singlisini IShIDchilar o‘g‘irlab ketganini so‘zlab berdi:

- IShID jangarilari onamning uyiga borishdi. Kuyovimni o‘ldirishdi. Keyin eng kichik singlimni boshqa qishloqqa olib ketishdi. U yerda uni zo‘rlab, IShID yetakchisiga turmushga chiqishga majburlashdi.

Maryam hozir singlisi qaerda ekanligini, hatto tirik yoki yo‘qligini bilmaydi.

IShID jangarilari boshqa xunrezliklarga ham qo‘l urib keladi. Ular oqsoqollarni hamda hukumat tarafdoridek ko‘ringanlarni qatl etishgan. Mahalliy aholi jangarilar yosh bolalarni jang qilishga majburlaganini aytib keladi. Hukumatga taslim bo‘lgan jangarilar orasida yosh bolalar ko‘pligi buni tasdiqlaydi.

Darzabning yana bir turg‘uni Fotima turmush o‘rtog‘i jangarilar qo‘lida halok bo‘lganini so‘zlab berdi:

- Erim qishloq oqsoqollaridan biri edi. IShID jangarilari uyimizga kelib, ko‘zimning oldida uni o‘ldirishdi. Ko‘p xunrezliklarga qo‘l urdi ular.

IShID jangarilari Afg‘onistonda ilk bor 2015 yilda paydo bo‘lgan.

2017 yil jangarilar Jo‘zjon viloyatining Darzab hamda Qushtepa tumanlarini bosib oldi. Giyohvand moddalar savdosining muhim yo‘li o‘tuvchi bu tuman Turkmaniston bilan chegarada joylashgan. AQSh va Afg‘oniston kuchlari amaliyotlari ortidan jangarilar viloyatdan siqib chiqarildi. Jangarilar toliblar bilan ham to‘qnashdi.

Jangari guruh Jo‘zjonda yo‘q qilingan bo‘lishiga qaramasdan, Nangarhor viloyatida yirik hududlarni egallab olishgan. Nangarhordagi jangarilar Jalolobod hamda Qobul shaharlarida bir necha hujumni amalga oshirdi.

Afg‘onistondagi IShID to‘dasi Iroq va Suriyadagi ekstremistik guruhining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘limi emas. Ular asosan Afg‘oniston va Pokistondagi toliblardan ajralib chiqqan jangarilardan iborat. Shuningdek, ular orasida O‘zbekiston Islom harakati hamda Lashkari Jangvi guruhlari a’zolari ham bor.

XS
SM
MD
LG