Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2018, Тошкент вақти: 19:18

Uchastka noziri xizmat mashinasida ikki kishini urib ketgani va jazosiz qolayotgani iddao qilinmoqda


Boysun tuman markazi.

Surxondaryo viloyat, Boysun tuman ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri Faxriddin Xoldorov nogiron Chorshanbi Donyorov va 65 yashar Safargul Husanovani mashinada urib, voqea joyidan qochib ketgani iddao qilinmoqda.

Bunday iddao bilan Ozodlikka murojaat qilgan Dilbar Zoirovaning aytishicha, voqea Faxriddin Xoldorov uning qo‘lini kishanlab IIBga olib ketayotganda paytda sodir bo‘lgan.

Sud-tibbiy ekspertizadan o‘tgan jabrlanuvchilarning Ozodlikka aytishicha, ularning 14 iyul kuni sodir bo‘lgan bu voqea yuzasidan viloyat va tuman prokuraturasiga yozgan shikoyatlari javobsiz qolmoqda.

Uchastka noziri fuqarolarni xizmat mashinasida urib ketganligini inkor qilmoqda.

"Biz faqat ish so‘rab borgan edik"

Boysun tumanining Qizilnaur qishlog‘ida yashaydigan 28 yashar Dilbar Zoirovaning iddao qilishicha, 14 iyul kuni u va mahallaning yana 6 nafar ayoli Boysun o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘ining oldiga ish talab qilib borishgan:

- O‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i Xolmirza Abdurahimovga necha marta ish so‘rab murojaat qilganmiz. "Ana erta, ana indin", deb aldab kelardi. Biz shu yerda ishsiz turib, ular Qashqadaryodan odam olib kelib ishlatadi. Ishchilar asosan kavrak o‘simligining shirasini yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Bizga ham ish bering, deb borsak, Xolmirza aka yo‘q ekan, uchastka boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan ukalari Abdurahimov Ne’mat va Abdumajid bor ekan. Ne’mat aka bizni ko‘rib, birdaniga onadan so‘kib ketdi, "ish yo‘q sizlarga, ketinglar, yo‘qolinglar", dedi. Biz ketmadik. Sizning ham onangiz bor, hurmatingizni biling, deb turaverdik.

"Operatsiyadan chiqqan jigarimni ezib, kishan taqdi"

Dilbar Zoirovaning aytishicha, shundan so‘ng Ne’mat Abdurahimov chaqirtirgan militsiya xodimlari yetib kelgan:

- Bizning uchastkovoy Faxriddin Xoldorov, Machayi qishlog‘ining uchastkavoyi va yana ikki nafar militsiya xodimi yetib keldi. Ne’mat aka mana shuni ushlaysan deb, bizning uchastkavoyga buyruq qildi. U tizzasi bilan ichimni bosib, majburlab kishan soldi va tosh yo‘lda 50 metrcha uzoqda turgan mashinaga sudrab olib borib, tiqdi. Yana bir Baxtigul Abdurahmonova degan ayolni ham mashinaga olib kelib tiqdi. Unga kishan topisholmadi. Mening qo‘limdagi kishanni bir tomonini esa mashina derazasi tepasidagi ushlagichga bog‘lab qo‘ydi. Shundan so‘ng Faxriddin Xoldorov va yana ikki militsiya xodimi mashinaga o‘tirdida, shiddat bilan haydab ketdi, deydi Dilbar Zoirova.

"Uchastkovoy mashinada urib yuborgan odamlarga yordam ham ko‘rsatmadi"

Dilbar Zoirovaning iddao qilishicha, Faxriddin Xoldorov mashinani katta tezlikda haydab, qishloq ichida ketma-ket ikki kishini urib yuborgan:

- Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan Chorshanbi aka degan bir nogironni mashina yon oynasi bilan qarsillatib urib yubordi. Oyna sinib ketdi. Keyin to‘xtab, uchala milisa tushdi-da, yerda ag‘anab yotgan nogironning oldiga yugurib ketdi. Bu payt yonimdagi ayol mashinadan tushib, qochib ketdi. Milisalar nogironga birinchi yordam ham ko‘rsatmay, qaytib moshinga o‘tirdi-da, yana gazni bosib haydadi. Taxminan 100-200 metrcha yurgan edik, yo‘l chetida kelayotgan hamqishlog‘imiz, qari onaxon Safargul Husanovani ham urib ketdi. Onaxon gup etib yo‘l chetiga quladi, Faxriddin esa to‘xtamadi ham, yana gazni bosdi. Qishloq yo‘llari o‘nqir-cho‘nqir bo‘lgani uchun kishanga osilgan bilagim qiyilib qontalash bo‘lib shishib ketdi. Zoru-tavollo qilganimdan so‘ng, taxminan 30 kilometr yo‘l bosganimizdan keyin kishanni yechib olishdi. Keyin yo‘ldan muz suv olib bilagimga quyaverib, shishganini qaytarishga harakat qilishdi.

O‘sha kungi voqealar to‘g‘risidagi hikoyasini davom ettirar ekan, Dilbar Zoirova Boysun tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilgandan so‘ng ikki sutka davomida ushlab turilganini iddao qildi:

- Och-nahor ikki sutka betonning ustida yotdim. Mazam qochdi, tez yordam kelib ukol qilib ketdi. Keyin javob berishdi. Uyga keldim. Ertasi kuni to‘g‘ri Termizga, viloyat prokuraturasiga bordim. Borsam, Faxriddin Xoldorov urib yuborgan Chorshanbi aka ham, Safargul momo ham o‘sha yerda ekan. Ariza yozdik, prokuratura ekspertizaga xat qilib berdi. Ekspertiza qildik. Bilaklarim qop-qora bo‘lib, ketgan edi, jigarim shishib ketgan ekan, hammasini yozib berdi. Sheriklarim ham ekspertiza qilindi. Keyin, Boysun tuman kasalxonasiga kelib davolanishga yotdik. Kasalxonaga ikki marta tuman prokuraturasidan tergovchi kelib, bo‘lgan voqeani yozdirib olib ketdi. Lekin bir oy bo‘lyaptiki hech qanday natija yo‘q. Militsiya xodimlari hech narsa bo‘lmaganday ishlab yuribdi. Tuman prokurori men shu yerda bo‘lsam, Faxriddin Xoldorovni hech kim, hech narsa qilolmaydi, degan ekan.

“Militsiya mashinasi urib yuborib, qochib ketdi”

Qizilnaur qishlog‘ida yashaydigan ko‘z bo‘yicha ikkinchi guruh nogironi Chorshanbi Donyorovning Ozodlikka aytishicha, uni urib ketgan militsiya mashinasi qochib ketgan:

- Men o‘zim ikkinchi guruh nogironiman, ko‘zim yaxshi ko‘rmaydi. Yo‘lda ketayotgan edim. Katta tezlikda kelayotgan oq mashina bokovoy oynasi bilan sharaqlatib urib yubordi. Yerga ag‘anab tushdim. O‘sha yerdagi bir odam yugurib kelib, meni ko‘tardi. Boshim aylanib ketdi, o‘rnimdan turolmay qoldim. Shu payt militsiya xodimlari ham tushib kelib, “tirik ekan” dedi-da biror xil yordam ko‘rsatmay yana moshinalariga minib, jo‘nab ketdi, deydi nogiron.

Chorshanbi Doniyorovning aytishicha, Termizda o‘tkazilgan ekspertiza uning bir qancha jarohat olganini aniqlagan:

- Oyog‘imdan, belimdan, qo‘limdan jarohat olganman. Ekspertiza xulosasi bor, olti kun kasalxonada yotib chiqdim. Viloyat prokuraturasiga ariza yozdim, jimjitlik.

"Militsiya mashinasi keksa onamni ham urib ketdi"

Qizilnaur qishlog‘ida yashaydigan 40 yashar Bahodir Zoirovning aytishicha, 14 iyul kuni uchastka noziri Faxriddin Xoldorov boshqarayotgan xizmat mashinasi uning 65 yashar onasi Safargul Husanovani ham urib yuborgan:

- Men o‘zim ham bu voqeaga guvoh bo‘ldim. Mashina shunchalik qattiq keldiki, chang-to‘zonda momomni qanday urib ketganini ham ko‘rmay qoldim.Mashina o‘tib ketgandan keyin qarasam, momom yerda yiqilib yotgan ekan. Yugurib borib ko‘tardim. Qishloq vrachlik punktidan felьdsher kelib, birinchi yordam ko‘rsatdi. Keyin Boysunga olib ketdik, tez yordamga sahar soat beshlarda yetib bordik. Ular yordam ko‘rsatishdi.

Bahodir Zoirovning aytishicha, sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi prokuraturada turibdi:

- Biz momomizni ekspertizadan o‘tkazib kelganimizdan so‘ng, Boysun kasalxonasi uni qabul qilmadi. Keyin biz viloyat prokuraturasiga boramiz deganimizdan so‘ng, majbur qabul qildi. Lekin hali yaxshi bo‘lmay javob berib yubordi. Hozir uyda, ahvoli yaxshi emas. Bosh miya jarohat olgan ekan.

Jabrlanuvchilarning iddao qilishicha, ularni urib yuborgan militsiya mashinasidan hanuz foydalanilmoqda va bu holat bo‘yicha mashina ekspertizadan o‘tkazilmagan.

“O‘sha kuni Dilbar Zoirovaning qaynonasini ham mashina urib yuborgan”

Dilbar Zoirovaning 60 yashar qaynonasi Barchin Abdumo‘minova ham o‘sha kuni Boysun o‘rmon xo‘jaligining “Kengdala” uchastkasi boshlig‘i Ne’mat Abdurahimov boshqarayotgan mashina urib ketganini Ozodlik bilan suhbatda iddao qildi:

“14 iyul kuni kelinimni olib ketishgani haqidagi xabar kelganidan so‘ng, men ham xavotirlanib ko‘chaga chiqdim. Bezovta bo‘lib bordim. Borsam Chorshanbini, Safargul momoni moshin urib ketgan. Odamlar to‘da bo‘lib turibdi ekan. Men ham borib, nima gap deb so‘rab tursam, Ne’mat shirachi moshinasida tez kelib, meni turtib ketdi. Yerga yiqilib tushdim, qo‘lim sindi. U to‘xtamadi ham, vang‘illab o‘tib ketdi. Keyin Boysunga olib borishdi, qo‘limni gips qildi. Hozir qimirlata olmayman. Hech kim so‘ramadi ham, chora ham ko‘rmadi”.

Barchin Abdumo‘minova jarohatlarini ekspertiza qidirganini, viloyat prokuraturasiga ariza yozganini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlikka norasmiy iddao qilishicha, 14 iyul kuni Boysun tumanining Qizilnaur qishlog‘ida odamlar jarohatlangani qayd etilgan uchta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Bu hodisaning ikkitasi bevosita Qizinaur qishlog‘i uchastka noziri Faxriddin Xoldorov boshqargan xizmat mashinasi ishtirokida va bittasi Boysun o‘rmon xo‘jaligining “Kengdala” uchastkasi boshlig‘i Ne’mat Abdurahimov boshqarayotgan mashina ishtirokida ro‘y bergan.

Bu avtohodisalar natijasida uch kishi tan jarohati olgan. Jabrlanuvchilarning iddao qilishicha, o‘tgan bir oy davomida bu ish o‘rganilmagan.

Lekin 14 iyul kuni odamlar jarohatlangani qayd etilgan uchta yo‘l-transport hodisasi ro‘y berganiga oid norasmiy manbalardan olingan ma’lumotlarni rasman tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

"Men hech kimni urib ketganim ham yo‘q, qonunni buzganim ham yo‘q"

Boysun tumani ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri, leytenant Faxriddin Xoldorov Ozodlik bilan suhbatda xizmat mashinasida fuqarolarni urib ketganini inkor qildi:

- Bu ish bo‘yicha Boysun tuman prokuraturasi shug‘ullanyapti. Prokuratura fuqarolarni ekspertizadan o‘tkazib, tergov-surishtiruv ishlarini olib boryapti. Anavu qo‘liga naruchnik urilgan, "urdi, meni qo‘lim shishib ketdi" degan opa ham ekspertizadan o‘tkazilgan. Men hech kimni mashinada urib ham ketmaganman, fuqarolarga nisbatan birorta noqonuniy harakat sodir etmaganman. Bular hammasi menga tuhmat.

Faxriddin Xoldorov bu janjalning nimadan kelib chiqqanini shunday izohlaydi:

- Kavrak shirasini olish maqsadida MChJ o‘rmon xo‘jaligi bilan shartnoma qilgan. Boysun tuman hokimi Machayi va Qizilnaur qishloqlari aholisini ish bilan ta’minlashini MChJga aytib alohida xat bilan ham chiqqan. Ish bilan qanchalik ta’minlangan, bundan mening xabarim yo‘q. Lekin, shu qishloqlarning erkaklari o‘zlari uyda qolib, xotinlarini o‘sha yerga jo‘natgan. Ular bir necha marta huquqbuzarlik qilgan. Ya’ni ishlayotgan odamlarni haqorat qilib, quvib, qurgan uychalarini buzib tashlagan. Shuning uchun biz, 17 kishini ma’muriy javobgarlikka tortib jazolagan edik. 14 iyul kuni ham shunday janjal bo‘lgan va biz borib tinchitdik. Lekin kechga yaqin yana menga telefon qilishib, qishloq ayollari tinchlik bermayotganini aytishdi. Men Boysundan ikki nafar militsiya xodimni chaqirib, birga bordik. O‘sha siz aytgan Dilbar Zoirova militsiya xodimlariga tashlanib, pogonlarini yuldi. Biz unga bunday qilmaslikni iltimos qildik va mashinaga chiqing, dedik. Keyin u o‘z ixtiyori bilan mashinaga chiqdi va yana bir ayol qarindoshi ham o‘z ixtiyori bilan chiqdi. Dilbar Zoirovaga kishan ham taqqanim yo‘q. Keyin biz Boysun tumaniga keldik, tushuntirish xati yozdirib olganimizdan so‘ng, javob berdik. Yo‘lda hech kimni urib ketganimiz ham yo‘q, dedi Boysun tumani ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri, leytenant Faxriddin Xoldorov​.

Ozodlik uchastka nozirining bu javobidan so‘ng, yana Dilbar Zoirova bilan bog‘lanib, uning gaplariga munosabat so‘radi.

Dilbar Zoirova uchastka noziri Faxriddin Xoldorovning bu gaplaridan hayratga tushganini aytdi:

- Endi o‘zini oqlash uchun bundan boshqa nima ham derdi. Men qishloq ayoli militsiyaning pogonini yulibman emish. Mana so‘rashsin, o‘sha yerda o‘ndan ortiq guvohlar bor edi. Menga kishan taqmagan emish. Bo‘lmasa qo‘llarim nimadan qorayib shishib ketdi, o‘zimni-o‘zim tishlabmanda. O‘z ixtiyorim bilan mashinaga mingan emishman. 50 metrcha tosh, cho‘kirtaklar bo‘lgan joyda sudrab olib borishdiku. Bu voqealarni ko‘rgan guvohlardan so‘rashsin, nima bo‘lganini aytib berishadi. Ikki kishini mashinada urib ketganini ham ko‘p odam ko‘rgan.

O‘zini Boysun tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Bahriddin deb tanishtirgan mulozim mehnat ta’tilidan so‘ng endi ishga chiqqanini aytar ekan, bu voqeadan xabari yo‘qligini Ozodlikka aytdi.

Boysun tumani prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Vohidov barcha so‘rovlarga faqat maktub orqali javob berishini bildirdi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati bu voqea o‘rganilayotganini Ozodlikka bildirdi.

XS
SM
MD
LG