Buxoroda moliya boshqarmasi boshlig‘i pora bilan ushlandi. Qashqadaryolik erkak rashk tufayli xotini joniga qasd qildi.Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Qashqadaryolik erkak rashk tufayli xotini joniga qasd qildi
Qashqadaryo viloyatida rashk tufayli qotillik sodir etildi (“Huquq”, 16 avgust).
Bu haqda viloyat prokurori yordamchisi Oybek Mustafoev ma’lum qilgan. Besh farzandning otasi bo‘lgan erkak turmushidan ajralgan, uch bolali juvonni sevib qolib, unga uylangan.
Dastlab erkak har ikki oilasi bilan ahil-inoq yashab yurgan. Ammo vaqt o‘tgach, ikkinchi xotini bilan munosabatlari rashk tufayli sovuqlashgan. Xotini ularning uyiga kelgan usta bilan xiyonat ko‘chasiga kirdi, deya gumonga borgan erkak ikkinchi ayolini chavaqlab o‘ldirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi qotillikda ayblangan shaxsga 16 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan. Ushbu holatga doir boshqa ma’lumotlar oshkor etilmagan.
600 dollar garov pulini berolmagan yigit qotillikka qo‘l urdi
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Real” va “Barselona” raqobati sabab qotillik jinoyati sodir etildi (“Postda”, 11 avgust).
Ichki ishlar vazirligi nashri xabariga ko‘ra, ushbu tumanda yashovchi ikki yigit Yevropa chempionlar ligasida Ispaniyaning ikki nomdor klubidan qay biri g‘olib chiqishi borasida 600 dollarga garov o‘ynagan.
Turnirda “Barselona” yarim finalda qolib ketgan. “Real” esa chempionlikni qo‘lga kiritgan. Shu tariqa “Real” g‘alabasini bashorat qilgan yigit yutqazgan tanishi – “Barselona” muxlisidan 600 dollarni talab qilgan.
“Barselona” g‘alaba qozonadi, deya garov o‘ynagan yigit esa garovga tikilgan pulni topib berolmagan. Keyinroq esa garov pulini topolmagani ortidan “Real”ga muxlislik qilgan tanishini bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Qotil yigit 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilingan. Jinoiy ishga oid boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
Buxoroda moliya boshqarmasi boshlig‘i 2000 dollar pora bilan ushlandi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan Akmal Jamolov pora bilan ushlandi. Bu haqda viloyat prokuraturasi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Hamro Saidov “Huquq” gazetasi orqali xabar bergan.
Moliya idorasi rahbari tumandagi maktablar ta’miri uchun byudjetdan pul o‘tkazib berish evaziga “Zarina Diyorbek Fayz” xususiy korxonasi rahbari D.Nekovdan 2000 dollar pora talab qilgan.
Korxona rahbari esa huquq idoralariga xabar bergan va moliya mansabdori talab qilingan summadagi porani olayotganda ushlangan. Qayd etilishicha, aybdor qilmishiga yarasha jazolangan.