Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:34

Surxondaryoda ayollar "bola puli qirqilishi" haqidagi tahdid bilan yantoq chopgani chiqarildi


Angor tumanida ayollar farzandlari bilan yantoq chopmoqda.
Angor tumanida ayollar farzandlari bilan yantoq chopmoqda.

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida 18 avgust kuni ayollar mahalla raislari va tuman hokimining bola uchun beriladigan nafaqa puli qirqilishi haqidagi tahdidlari bilan hasharga olib chiqilgan. Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan angorlik ayollar har oyda oladigan 350 ming so‘mlik bola pulidan ayrilib qolmaslik uchun kun issig‘ida bolalarini olib, ko‘cha tozalashga chiqishga majbur bo‘lganliklarini aytishdi.

Surxondaryo viloyati Angor tumani Oxunboboev qishlog‘ida yashovchi olti farzandning onasi 18 avgust kuni uy yumushlarini tashlab, hasharga chiqqanini aytdi.

- Olti bolam bor. Kichkinalarini kattalariga tashlab, ikkita maktab yoshidagi bolam bilan chiqdik. Katta ko‘chani yantoqdan tozaladik. Bolalarim bilan birga ketmon chopdik, boshqa iloj yo‘q-da, - deydi angorlik ayol.

Angor tumanida yashovchi uch farzandning onasi bo‘lgan yana bir ayol maktab yoshidagi o‘g‘li bilan yantoq chopganini aytdi.

- Chiq desa chiqamiz-da. Boshqa kim chiqadi. Kichkinalarini qo‘shniga tashlab 6 sinfda o‘qiydigan bolam bilan yantoq chopib qaytdik, - deydi angorlik ayol.

Oxunboboev qishlog‘ida yashovchi Erkin Gapparov Ozodlik bilan suhbatda ayollar mahalla raisi hasharga chiqishdan bo‘yin tovlaganlarni bola uchun berilgan nafaqalarini qirqish bilan tahdid qilgani uchun hasharga chiqishga majbur bo‘lganini aytdi.

- Farzandlari ikki yoshga to‘lmaganlarga nafaqa puli beriladi. Mahalla raisi bolalik ayollarga "nafaqani to‘xtataman", deb dalaga chiqishga majburlayapti. Mahalla raisini nafaqani qirqishga haqqi yo‘q, lekin ayollar rais bilan yomonlashib qolmaslik uchun chiqyapti-da. Dalaga yosh bolalarini olib kelib, ketmon chopayapti. Yosh bolalar yo‘lga yugurib ketsa mashina urib ketadiku, bu haqda hech kim o‘ylamaydi, - deydi Erkin Gapparov.

Angor tumani Oxunboboev qishloq fuqarolari yig‘ini raisi Qurbon Jumanazarov Ozodlik bilan suhbatda yosh bolali ayollar ham hasharga chiqqanini tasdiqladi, lekin ularga bola puli qirqilishi haqida tahdid qilmaganini aytdi.

- Bugun hasharku, hammani chiqardik ko‘chaga..Bolalik ayollardan ham yordam so‘radik, hashar hammanikiku. Lekin men bu ayollarga pulni qirqaman deb aytganim yo‘q, bunga meni haqqim ham yo‘q, - dedi mahalla raisi Qurbon Jumanazarov.

O‘zbekistonda davlat ishchilariyu uyda o‘tirgan nafaqaxo‘r yoki uy bekalarining qishloq xo‘jalik va obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishi odatiy holga aylangan.

Mazkur holat esa, G‘arb davlatlari va ko‘plab xalqaro inson haqlari tashkilotlari tomonidan majburiy mehnat sifatida tanqid qilib kelinadi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov videosektor yig‘ilishida hasharni majburiy mehnatga tenglashtirmaslik kerak, deb bildirgan edi.

Bosh vazirga ko‘ra, bunday hasharlarni o‘tkazishdan maqsad fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishdan iborat.

"Ular shaharni tozalash bilan shug‘ullansin, demoqchi emasman… Evropada, masalan yosh bolalar kichkinaligidan ifloslantirmaslik kerakligi, tabiatni asrash lozimligini anglab yetishlari uchun chiqariladi. Fuqarolarimizni ham shunday g‘oyalar bilan hasharga jalb qilish kerak", — degan edi bosh vazir 14 avgust kungi hukumat majlisida.

Abdulla Aripov o‘z chiqishida hashar o‘tkazilayotgan joylarni tasvirga olib, buni majburiy mehnatga tenglashtiruvchi "muxolif nashrlar"ni ham tanqid qilgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi avgust oyini obodonlashtirish oyi deb e’lon qilgan va buning ortidan 18-19 avgust kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Mazkur hashardan tushgan mablag‘lar va bir kunlik ish haqlari “Mahalla” xayriya jamg‘armasiga o‘tkazilishi bildirildi.

XS
SM
MD
LG