Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

Haj mavsumi boshlandi: Bu yil ziyoratchilar soni 2 millionni tashkil qiladi


 Minoda shaytonga tosh otish marosimi.
Minoda shaytonga tosh otish marosimi.

19 avgust kuni Saudiya Arabistonida bu yilgi Haj mavsumi boshlandi. Bu yil 2 million musulmon Haj safariga borishi kutilmoqda.

Ziyoratchilar besh kun mobaynida Ka’ba atrofini 7 marta aylanish, Arofat tog‘ida shaytonga tosh otish kabi amallarni bajaradilar.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xabariga ko‘ra, 19 avgust kuni o‘zbekistonlik hojilar ham Mino qishlog‘iga yetib borgan.

Saudiya Arabistoni har yili Haj davomida xavfsizlikni ta’minlash uchun milliardlab dollar sarflaydi.

Ayrim yillarda Haj mavsumida ko‘plab odam halok bo‘lgan tartibsizliklar, yong‘inlar va favqulodda hodisalar yuz beradi.

Masalan, 2015 yilning 24 sentabrida Makkada yuz bergan tiqilinchda 2300 dan ziyod eronlik ziyoratchi halok bo‘lgan, natijada Tehron 2016 yildagi Hajni boykot qilgan edi.

Ushbu fojia ortidan Sauriya Arabistoni hukumati ayrim yo‘llarni kengaytirdi. Natijada 2017 yilgi Haj mavsumi jiddiy favqulodda hodisalarsiz yakunlandi.

O‘zbekistonda joriy yilgi haj safari sarf-harajatlari 38 mln. so‘m qilib belgilandi. Bu o‘tgan yilgidan 14 mln. so‘mga ko‘pdir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu o‘sishni safar davomida hojilarga ko‘rsatiladigan xizmatlarning “eng yuqori darajada ekanligi” hamda xorijiy valyutalarning erkin konvertatsiya qilinayotgani bilan izohladi.

Ayni paytda qo‘shni davlat hojilari safar uchun o‘zbekistonliklardan taqriban 40 foiz oz pul to‘lamoqda.

Joriy yildan boshlab o‘zbekistonliklarga takror "Haj" ziyoratiga borish taqiqlandi. Ziyoratchi so‘nggi 5 yil ichida "Haj"ga bormagan bo‘lishi lozim. Shuningdek, "Umra"ga borishni istovchilar ham so‘nggi 2 yil ichida bu ziyoratni qilmagan bo‘lishi shart qilib belgilandi.

Islomiy Hamkorlik Tashikilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari 1987 yilda imzolagan bitimga muvofiq, har bir mamlakat Hajga bir million musulmon aholisidan mingtagacha ziyoratchi yuborishga haqlidir.

Bu kvotaga amal qilinsa, 33 millionga yaqin aholisi bo‘lgan O‘zbekiston yiliga 33 ming odamni Hajga jo‘natish haqqiga ega bo‘ladi.

Prezident Karimov davrida O‘zbekiston bu imkoniyatdan foydalanmadi, oqibatda Hajga borish uchun yillarga cho‘zilgan navbatlar paydo bo‘ldi. Bu jarayonning korrupsiyalashganiga oid ko‘plab shikoyatlar bor.

Har yili O‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratlari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning to‘liq nazorati va tashkilotchiligi ostida amalga oshiriladi.

O‘tgan yili O‘zbekistondan "Haj" ziyoratiga boruvchilar soni qariyb 40 foizga oshirilib, 7 ming 200 o‘zbekistonlik "Haj"ga bordi. O‘zbekiston Musulmonlar idorasi bu miqdor yildan yilga oshirib borilishini bildirgan.

XS
SM
MD
LG