Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:48

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari “Tolibon” garovga olgan 149 tutqinni ozod qildi


Xabarlarga ko‘ra,Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari “Tolibon”ning kamida yetti jangarisini o‘ldirdi
Xabarlarga ko‘ra,Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari “Tolibon”ning kamida yetti jangarisini o‘ldirdi

Afg‘oniston hukumat vakillari mamlakat xavfsizlik kuchlari 20 avgustda “Tolibon” harakati jangarilari bir necha soat oldin mamlakat shimolidagi Qunduz viloyatida garovga olgan 149 kishini ozod qilganini bildirdi.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Nusrat Rahimiy jangarilar garovga olgan 21 kishini 20 avgust kuni ham qo‘yib yubormaganini aytdi. Ular Qurbon hayitini nishonlash uchun Kobul shahriga yo‘lovchilarni olib ketayotgan avtobuslar karvoniga pistirma uyushtirgani xabar qilinmoqda.

Avtobuslar viloyatning Xonobod tumanidagi toliblar nazorat qilayotgan hududda to‘xtatilgan. O‘sha yerga tashlangan hukumat kuchlari ularni ozod qilish uchun “Tolibon” jangarilari bilan jang qilgan.

Rahimiyning aytishicha, qutqaruv amaliyoti vaqtida “Tolibon”ning kamida 7 jangarisi o‘ldirilgan. Ammo toliblar 21 nafar tutqinni noma’lum joyga ko‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.

Qunduz viloyati hokimining matbuot kotibi Ismatulla Murodiy 149 garovga olingan kishi, jumladan, ayollar va bolalar qutqarilganini ma’lum qildi.

Qunduz viloyati kengashi a’zosi Said Asadulloh garovga olingan kishilar orasida hukumat xavfsizlik qo‘shinlari askarlari va politsiya xodimlari bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Uning gapini “Tolibon” matbuot kotibi ham tasdiqladi.

Ushbu noxush voqea prezident Ashraf G‘ani “Tolibon”ga Qurbon hayiti vaqtida otashkesim taklifini bildirganiga qaramay sodir bo‘ldi.

Toliblar to‘xtatgan 3 ta avtobus yo‘lovchilari Toxar va Badaxshon viloyatlaridan ekani aytilmoqda.

Ashraf G‘ani 19 avgust kuni “Tolibon”ni “shartli” otashkesimga da’vat qilgan edi. Uning taklifi bo‘yicha otashkesim 20 avgust kuni boshlanishi va uch oy davom etishi kerak edi.

AQSh Ashraf G‘ani tashabbusini ma’qullladi

Qo‘shma Shtatlar “Tolibon” ham qatnashishi ko‘zda tutilgan tashabbusni olqishladi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo tarqatgan bayonotda aytilishicha, iyun oyida ham uch kunlik otashkesim tashabbusi bilan chiqilgan edi. Ramazon hayitiga to‘g‘ri kelgan o‘sha tashabbus afg‘on xalqining mojaroga barham berilishini “qattiq istayotgani”dan dalolatdir. “Yana bir otashkesim mamlakatni barqaror xavfsizlikka yaqinlashtirishiga umid qilyapmiz”, deyiladi bayonotda.

O‘shanda Afg‘oniston hukumati “Tolibon” harakati Qunduz viloyatidagi bir harbiy bazani bosib olgandan so‘ng otashkesim to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Viloyat hokimi Naqibulloh Foyiq 19 avgust kuni Bolcharog‘ tumani 18 avgust kuni kechga yaqin toliblar qo‘liga o‘tganini aytdi. Bunga “Tolibon” bilan og‘ir janglar olib borgan hukumat askarlariga yordam yetib kelmagani sabab bo‘lgan.

Kobul hukumati 2014 yili NATO qo‘shinlarining aksariyati olib chiqib ketilgandan so‘ng “Tolibon” va boshqa jangarilar tashkilotlari bilan kurash yakka o‘zi olib bormoqda. Unga G‘arb mamlakatlari ko‘mak berib turibdi.

18 avgust kuni “Tolibon” rahbari mulla Haybatulloh Oxunzoda Afg‘oniston “istilosi”ga barham berish uchun Qo‘shma Shtatlar bilan bevosita muzokara qilmoqchi ekani to‘g‘risida bayonot berdi.

XS
SM
MD
LG