Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 20:36

OzodDayjest: O‘zbek matbuoti "Chingizxon o‘zbek ekani"ni isbotlamoqchi bo‘layotganlarni tanqid qildi


Chingizxon “o‘zbek ekani”ni isbotlashga urinayotganlar keskin tanqid qilindi. O‘zbeklar orasida psixologlarga “faqat jinnilar boradi” degan xato qarash hamon mavjud. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on partiyasi bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi rahbari Aktam Haitov Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi s’ezdida qatnashdi (“XXI asr”, 21 avgust).

Turkiyaning prezidentlik tizimiga o‘tishi munosabati bilan o‘tkazilgan anjumanda dunyoning 30 dan oshiq davlati va 70 ga yaqin xalqaro tashkilot vakili qatnashgan.

S’ezd doirasida o‘tgan muzokaralarda Turkiyaning iqtidordagi partiyasi O‘zLiDeP bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan.

Liberal-demokratik partiya matbuot xizmati ikki davlat partiyalari hamkorlikni rivojlantirish borasida vazifalarni belgilab olganini ma’lum qilgan. Ammo hamkorlik aynan qaysi jabhada kechishiga oydinlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on joriy yil 24 iyunda bo‘lib o‘tgan saylovda 52,5 foiz ovoz yig‘ib, yangi muddatga davlat rahbarligiga saylangan.

O‘zbeklar orasida psixologlarga “faqat jinnilar boradi” degan xato qarash hamon mavjud

O‘zbekiston viloyatlarida malakali psixologlarning yetarli emasligi o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda (“Hurriyat”, 21 avgust).

Masalan, Samarqand viloyatida joriy yil yarmida 200 dan ortiq kishi o‘z joniga qasd qilgan va ulardan 100 ga yaqini nobud bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 30 foizi oilaviy kelishmovchiliklar sabab o‘zini ajal qo‘liga topshirgan.

Qayd etilishicha, holbuki, psixolog maslahati yordamida ana shu o‘limlar oldini olish mumkin edi.

“Malakali psixologlar kamligini aytdik. Muammoning ikkinchi tomoni ham bor. Har qanday mutaxassis talab bor joyda shakllanadi” deb yozadi gazeta.

Qayd etilishicha, odamlar orasida hamon psixolog huzuriga “faqat jinnilar boradi” degan xato qarash hukmronlik qilmoqda.

Matbuot: Minglab odamni qilichdan o‘tkazgan Chingizxonni o‘zbek deb atash to‘g‘ri emas

Ijtimoiy tarmoqlarda mo‘g‘ul hukmdori Chingizxon aslida “o‘zbek ekani” haqida bahslar kuchaymoqda (“Darakchi”, 23 avgust).

Bahsda qatnashayotganlarning ayrimlari “Chingizxon bo‘lmaganda o‘zbek xalqi ham bo‘lmas edi”, “Chingizxon – bizning ajdodimiz” singari fikrlarni ilgari surmoqda.

“Darakchi” nashri esa bunday yondashuvni keskin tanqid qilgan. Qayd etilishicha, Chingizxonning otasi mo‘g‘ullarning borjigin, onasi esa olxonut urug‘iga mansub edi. Chingizxon Movarounnahrga kelgunga qadar ham ming yillar davomida bu yerda turkiy xalqlar yashagan.

Qolaversa, mo‘g‘ul tili turkiy tillarning birortasiga o‘xshamaydi. Maqolaga ko‘ra, shu bois insoniyat tarixidagi eng zolim va shafqatsiz hukmdorni “o‘zbeklashtirish” to‘g‘ri emas.

Qayd etilishicha, Chingizxon Samarqandda har uch kishidan ikkitasini, Marvda esa 1,4 million kishini qatliom qilgan. Tinch okeanidan Markaziy Yevropaga qadar yoyilgan davlatni qurgan Chingizxon va uning avlodlari 40 million kishi yoki o‘sha davr Yer aholisining 11 foizini qilichdan o‘tkazgan.

XS
SM
MD
LG