O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov majlislar sonini keskin kamaytirib, tong saharda yoki yarim kechada yig‘ilish o‘tkazishni butunlay cheklash bo‘yicha topshiriq berdi.
Abdulla Aripov qog‘ozbozlik va majlisbozlikka doir yangi tartib bo‘yicha hujjatni 24 avgust kuni shoshilinch ravishda imzolangani aytilayapti. Nima sababdan shoshilinch ravishda bu qarorga kelingani Ozodlikka noma’lum.
Kun.uz nashrining yozishicha, Aripov tomonidan imzolangan yangi hujjatda davlat organlari va idoralar rahbarlariga, jumladan, mahalliy hokimiyatlarga aniq ish reglamentini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Hujjatga ko‘ra, endilikda yig‘ilishlar soni keskin kamaytirilib, haftasiga 2-3ta majlisdan ko‘p bo‘lmasligi belgilangan.
Toshkentda o‘tadigan majlislar 2 soatdan, viloyat, shahar va tumanlarda esa 1-1,5 soatdan oshmasligi lozim.
Shuningdek, endilikda tong saharda yoki yarim kechada majlis o‘tkazish qat’iyan cheklanadi.
Shu paytgacha hokimlikda biror yig‘ilish bo‘lsa, o‘sha hududdagi barcha idora-tashkilotlar rahbarlari, fermer va tadbirkorlar birday ishtirok etib kelayotgandi.
Yangi tartibga ko‘ra, bunga ham barham beriladi: Yig‘ilishga aloqasi bo‘lmagan korxonalar, idoralar va jamoat tashkilotlarining rahbar va xodimlari, fermer va tadbirkorlar umuman taklif etilmaydi.
Endilikda majlislarda uzundan-uzun nutq qilish ham cheklanadi. Bu uchun aniq reglament belgilangan bo‘lib, so‘zga chiqqan odam 5-7 daqiqagina gapirishi mumkin.
Aripov imzolagan yangi hujjatga muvofiq, endilikda ortiqcha qog‘ozbozlikka ham yo‘l qo‘yilmaydi. Hech kimga keragi bo‘lmagan ma’lumotlar va hisobotlarni talab qilish amaliyotiga qat’iyan barham beriladi.
Majlisbozlik va qog‘ozbozlikka oid yangi tartibni buzganga qanday chora ko‘rilishi noma’lum. Bu haqda hujjatda biror narsa deyilmagan.
Bir yil avval prezident Mirziyoev ham hukumat idoralarida majlisbozlik ko‘payib ketganini ham tanqid qilgandi.
Bu haqda Mirziyoev 2017 yilning 9 avgust kuni o‘tgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida gapirgandi.
Shu kuni Prezident Mirziyoev majlislarni kamaytirish to‘g‘risidagi qarorni ham imzolagani xabar qilingandi.
Mirziyoevning ushbu tanqididan so‘ng mamlakatdagi siyosiy partiyalar ham shu paytga qadar quruq majlisbozlik qilib kelganini tan olgandi.
"Biz asosan samarasiz yig‘ilishlar o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolayotganimiz ham bor gap. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham tan olish kerakki, mahalliy kengashlarimiz faoliyatini ham ijobiy baholab bo‘lmaydi” degan Xalq demokratiya partiyasining Oliy Majlisdagi fraktsiyasi rahbari Xatamjon Ketmonov. Boshqa partiyalar vakillari ham quruq raqamlardan iborat hisobotlar topshirish bilan mashg‘ul bo‘lib qolganlari, amaliy ishga o‘tish vaqti kelganini aytgan.
Siyosiy partiyalar bu va’dasining ustidan chiqqan yoki chiqmagani haqida Ozodlikda biror xabar yo‘q.
Biroq so‘nggi bir yil davomida majlislar kamaygani kuzatilmadi.