Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 20:29

Jizzaxda “Obod mahalla”ni moliyalash uchun o‘qituvchilar tunda bepul fartuk tikmoqda


Ozodlikka Mirzacho‘l tumanidan kelgan murojaatni o‘rganish jarayonida nafaqat bu tuman¸ balki Jizzax viloyati miqyosida davlat va nodavlat tashkilotlariga yangi “fartuk tikish” majburiyati yuklangani ma’lum bo‘ldi.

Fartuk tikish kampaniyasi borayotganini tasdiqlagan jizzaxlik rasmiylar¸ fartuk pulining “Obod mahalla” doirasida qurilgan yangi uylarning boshlang‘ich to‘lovini qoplashga sarflanishini bildirdilar.

Ozodlikka murojaat qilgan kollej o‘qituvchilari esa¸ o‘zlarining bu uylarga aloqasi yo‘qligi va ishdan haydalish tahdidi bilan kunduzgi va tungi smenada fartuk tikishga majburlanayotganini bildirdi.

“Apreldan beri fartuk tikamiz...”

Ozodlikka murojaat qilgan mirzacho‘llik kollej o‘qituvchilari mahalliy hokimiyat bosimidan qo‘rqib¸ o‘z shaxslari sir qolishini so‘radi.

Ularning aytishicha¸ Mirzacho‘lda “Obod mahalla”ga yordam tariqasida fartuk tikish aprel oyining oxirlarida boshlangan va shu kunlarda qizg‘in pallaga kirgan.

Aprel oxirida tikuvchilik sexi ochib¸ mashinkalar qo‘yishdi. O‘shanda o‘qituvchilar haftada kamida bir marta kunduzgi¸ bir marta tungi smenada fartuk tikishi shart deyishdi. O‘qituvchining fartuk tikishga nima aloqasi bor¸ deb so‘rasak¸ darrov ishdan ketish bilan tahdid qilishdi. Yozda ham tinch qo‘yishmadi. Ham kunduzgi¸ ham tungi smenada kamida 15 tadan fartuk tikishimiz kerak. Pul berilmaydi¸ nega desak¸ “Obod mahalla”ga yordam deyishdi”¸ dedi Ozodlik gaplashgan mirzacho‘llik o‘qituvchilardan biri.

Boshqarmadagilar javobi

Mirzacho‘ldagi ayrim kollej o‘qituvchilaridan kelgan bu xabarga munosabat olish maqsadida Ozodlik Jizzax viloyati O‘rta maxsus¸ kasb-hunar ta’limi boshqarmasi rasmiylari bilan bog‘landi.

27 avgust kuni Ozodlik gaplashgan boshqarma rasmiylaridan biri¸ fartuk tikish kampaniyasining nafaqat ta’lim tizimi¸ balki barcha tashkilotlar uchun “ixtiyoriy-majburiy” ekanini bildirdi:

“Faqat o‘qituvchilar emas¸ viloyat bo‘yicha hamma tashkilotlar fartuk tikayapti. Ularda spetsialniy mashinkalari bor. “Obod mahalla” yiliku bu yil¸ shunga. Tashkilotlarda yozma farmon yo‘q, konechno. No iltimoslarga ko‘ra¸ yordam sifatida bo‘layapti. Bular tikkan fartuk endi terimchilarga sotiladi. Puli “Obod mahalla”ga o‘tkaziladi”.

Boshqarmaning Ozodlik gaplashgan mutasaddilaridan biri¸ avvaliga o‘z hamkasbi bergan ma’lumotni rad qilishga urindi.

Mirzacho‘lda tikuvchilik fabrikasi bor¸ davlatga qarashli. U yerda fartuk tikishayapti¸ lekin bizning tizimning bunga aloqasi. Hozir hech kim birovni majburlab ishlata olmaydi. Davlat siyosati shunaqa”¸ degan ta’lim tizimi rasmiysi¸ suhbat davomida “Mirzacho‘l qishloq xo‘jalik kolleji o‘qituvchilarining “ixtioriy” ravishda fartuk tikayotgani haqida gapirdi:

Kimgadir namunali uydan berayapti¸ evaziga shu yerda fartuk tikib berishi kerak boshlang‘ich badalini to‘lash uchun. Sen borib sexda shuncha fartuk tikasan¸ pulini boshlang‘ich badalga o‘tkazamiz¸ deyapti. Yozda kollejda ish yo‘qku¸ endi boshlanayapti. O‘qituvchilar ham o‘zi borib ishlagandirda! Shuni majburiy mehnat deyotgan bo‘lsa¸ tushunmadim”¸ dedi Jizzax viloyati O‘rta maxsus¸ kasb-hunar ta’limi boshqarmasi rahbarlaridan biri.

Bu suhbatdosh¸ Ozodlikka shikoyat yuborilgan Mirzacho‘l tumanida ishlayotgan tikuvchilik sexining davlatga – tuman hokimligiga qarashli ekanini bildirdi.

Mirzacho‘l hokimligi javobi

27 avgust kuni Ozodlik gaplashgan Mirzacho‘l tuman hokimi yordamchisi ayni kunlarda “Obod mahalla” doirasida qurilgan uylarni moliyalashtirish uchun tikuv sexida fartuk tikish ishlari borayotganini tasdiqladi:

G‘alaba mahallamizda shunday sex ishlayapti. Egasi – xalq¸ qonuniy egasi kimligini bilmayman. Kam ta’minlangan oilalarni uy-joy bilan ta’minlab¸ uyning to‘lovini ishlagani orqali to‘laydi. U yerda xalq ishlayapti. Kam ta’minlangan oilalarga ipoteka uylar qurilgan¸ xudo xohlasa mana ertaga topshiramiz. Fartuklar puli shu uylarga o‘tkaziladi. Hech kim majbur ishlayotgani yo‘q¸ bu yolg‘on xabar. Uy olganlarning o‘zlari ishlayapti. Ishonmasangiz¸ Mirzacho‘lga o‘zingiz keling¸ ko‘rsatamiz”.

Rasmiylar javobiga o‘qituvchilar javobi

Rasmiylarning bu raddiyasiga munosabat bildirgan Ozodlikka shikoyat qilgan mirzacho‘llik o‘qituvchilar¸ “Karimov davridagi yolg‘onning yana eski joyiga qaytgani”ni aytish bilan cheklandilar. Mirzacho‘llik o‘qituvchi bunday dedi:

Yana eski gap – haqiqatni aytsa¸ xalq yolg‘onchiga chiqariladi. Hamma ko‘rib-bilib turgan narsadan¸ “bo‘lmadi¸ bo‘lishi mumkin ham emas”¸ deb tonib turib olishadi. Mening “Obod mahalla”da qurilgan uylarga umuman aloqam yo‘q¸ ipotekam ham yo‘q. Kollejda o‘qituvchi bo‘lib turib¸ shu kunlarda ham tekinga fartuk tikishga majburman. Buni ochiq aytsam¸ kollejdan oladigan 700-800 ming so‘m oyligimdan ham ayrilaman.

“Majburiy mehnat” hasharga aylandi

Xalqaro moliya tashkilotlari O‘zbekistonga ajratiladigan kredit va grantlar uchun majburiy mehnat tugatilishini asosiy shartlardan biri sifatida qo‘yishi ortidan Toshkent hukumati bolalar va kattalarning majburiy mehnatga jalb qilinishini to‘xtatish urinishini boshladi.

O‘zbekistonda bolalarning davlat tomonidan majburan qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi umumiyatla to‘xtatilgani kuzatilgan bo‘lsa-da¸ davlat tashkilotlari¸ xususan¸ ta’lim tizimi xodimlarining paxtadan to qurilish ishlarigacha majburlanish holatlari davom etmoqda.

Davlat xizmatchilari¸ ayniqsa¸ ta’lim sohasi xodimlarining o‘z asosiy ishi o‘rniga qilinadigan tekin ishlar hukumat tomonidan “umumxalq hashari” sifatida talqin etilmoqda.

Xususan¸ bosh vazir Abdulla Aripov 14 avgust kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida hasharni majburiy mehnatga tenglashtirgan nashrlarni tanqid qildi.

XS
SM
MD
LG