Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:14

Sobiq FIFA rasmiysi 9 yil qamoq jazosiga hukm qilindi


Korrupsiya janjali ortidan FIFAning uzoq yillik prezidenti Blatter 2015 yili iste’foga ketishga majbur bo‘lgan edi.
Korrupsiya janjali ortidan FIFAning uzoq yillik prezidenti Blatter 2015 yili iste’foga ketishga majbur bo‘lgan edi.

AQSh sudi Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasining sobiq rahbari Xuan Anxel Napoutni pora olganlikda aybdor deb topib, 9 yil qamoq jazosiga hukm qildi.

60 yashar Napout ustidan chiqarilgan hukmni o‘qigan federal sudya Pamela Chen shuningdek Napoutni pora sifatida olingan 3 million dollarni qaytarib berish va 1 million dollar jarimaga ham hukm qilgan. Bu haqda federal prokuror Richard Donoxyu e’lon qilgan bildiruvda:

- Napoutga chiqarilgan hukm hamda boshqa yuqori lavozimli futbol rasmiylari muvaffaqiyatli ravishda javobgarlikka tortilgani futboldagi korruptsiyaga zarba bo‘ldi. Mazkur holat sportdagi firibgarlik hamda poraxo‘rlikni nazorat qilishni davom ettirish lozimligini ko‘rsatadi, - deyiladi.

Napoutning advokati elektron pochta orqali:

- Tabiiyki, 9 yillik qamoq hukmidan hafsalamiz pir bo‘ldi. Hakamlar hay’ati verdiktini ham, sud hukmini ham appelyatsiya qilamiz, - deb yozdi.

Napout 2007–2014 yillarda vatani Paragvay milliy futbol federatsiyasiga yetakchilik qilgan¸ 2014 yilda esa Janubiy Amerika futbol federatsiyasi bo‘lmish CONMEBOL yetakchisi etib tayinlangan. 2015 yilning martida FIFA vitse-prezidenti lavozimini egallagan Napout 2015 yilning dekabriga kelib tashkilotdagi korrupsiya mojarosi doirasida qo‘lga olinishi ortidan bu lavozimni tark etdi.

O‘tgan dekabrda hakamlar hay’ati uni reket bilan shug‘ullanish hamda bank orqali pul yuborishda firibgarlikka qo‘l urish uchun til biriktirishda aybdor deb topgan edi.

Napout Braziliya futbol federatsiyasining sobiq yetakchisi Juze Mariya Marin bilan birga sudlandi. O‘tgan haftada Marin 4 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

Uchinchi ayblanuvchi – perulik sobiq futbol rasmiysi Manuel Burga esa aybsiz deb topildi.

2015 yildan beri AQSh prokurorlari FIFAdagi poraxo‘rlik mojarosi bo‘yicha tergovga 40 dan oshiq shaxs va tashkilotni jalb qildi. Bugunga qadar ular orasidan Napout, Marin va Burga sudlandi xolos. Ayblov e’lon qilingan kamida 24 shaxs aybiga iqror bo‘lgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA rasmiylari futbol o‘yinlarini efirga uzatish va ular davomida reklama ko‘rsatish bilan bog‘liq hiyla-nayranglar yordamida 200 million dollardan oshiq pora olgan.

2017 yilda matbuotga sizdirilgan Paradise Papers deb nomlangan hujjatlar tufayli Napout qo‘lga kiritgan poralarni yashirish uchun Bagama orollarida shirkat ochgani ma’lum bo‘lgan edi. So‘ngra u rafiqasi nomiga ochilgan bank hisobi orqali mablag‘larni avval Shveysariyaga, so‘ngra Paragvayga yuborgan.

Prokurorlarning aytishicha, Marin ham, Napout ham shaxsan o‘zi millionlab dollar qiymatga ega pora olgan.

XS
SM
MD
LG