O‘zA rahbari mana shunday gapni aytdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlarning tub ildizini dunyoga tushuntirib beradigan ko‘rsatuv va maqolalar juda kam.
Prezident: Ichki ishlar xodimlarining kasb mahorati past darajada qolmoqda
O‘zbekiston ichki ishlar idoralarining boshqaruv va shaxsiy tarkib bilan ishlash tizimini takomillashtirish zarur (“Postda”, 29 avgust).
Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining tegishli qarorida so‘z boradi. Davlat rahbariga ko‘ra, ichki ishlar idoralari faoliyatida tizimli kamchiliklar bor bo‘lib, kuch va vositalar boshqaruvi muvofiqlashtirilmagan, qolaversa, tizim vakillarining kasbiy mahorati va shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy ishlar, jinoyatchilikka qarshi kurashish nazorati past darajada qolmoqda.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari ichki ishlar idoralarini boshqarishning samarali mexanizmini joriy etish, tizimga ishga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibini o‘rnatishni topshirgan.
Kambag‘al oilalarga dori-darmon bo‘yicha chegirma berish taklif etildi
Surunkali xastalikka chalingan va ehtiyojmand oilalarning pensiyasi dori-darmonga yetmasligi ko‘p uchramoqda (“Oila davrasida”, 30 avgust).
Bunday bemorlar biriktirilgan poliklinikalarda ham zarur dori vositalarining barcha bo‘lmaydi.
Gazetaga ko‘ra, parvarishga muhtoj bemorlarga dori-darmon uchun ko‘p xarajat qilayotgan oilalarga maxsus karta joriy etish lozim.
Bunda sotib olingan dori-darmon miqdori ma’lum darajaga yetgach, salmoqli chegirmalar berish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, aholining kambag‘al qatlamiga yordam berish maqsadida “Oilabank” tashkil etish ham taklif qilinmoqda.
O‘zA rahbari: “Ilgari palahmon toshi otiladigan gaplarni endilikda Prezident aytmoqda”
O‘zbekistonda ro‘y berayotgan islohotlarning tub ildizini dunyoga tushuntirib beradigan ko‘rsatuv va maqolalar juda kam, deb hisoblaydi O‘zbekiston milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov (“Hurriyat”, 29 avgust).
“Amerika ovozi” muxbiri Navbahor Imomova bilan suhbatda davlat agentligi rahbari matbuot mamlakatdagi islohotlardan bir necha qadam ortda qolayotganini aytgan.
“Ilgari aytish mumkin bo‘lmagan, aytgan paytda, kerak bo‘lsa, boshiga palahmon toshi otiladigan voqealarni, hodisalarni Prezidentimizning o‘zlari aytyapti” degan A.Ko‘chimov.
Qayd etilishicha, Prezident Sh.Mirziyoev yaqinda o‘tgan katta yig‘ilishda O‘zA rahbari va O‘zMTRKga rahbarini “Nima uchun tishli, tirnoqli materiallar yo‘q. Qachon bo‘ladi? Yaxshi-yaxshi jurnalistlarimiz bor. Nega ular o‘tkir mavzularni ko‘tarmayapti?” deya savolga tutgan. O‘zA rahbari A.Ko‘chimov Prezidentning savoliga qanday javob berganini ochiqlamagan.