Moliya vazirligi taftishchisi pora bilan ushlandi. Mahalla maktab emas, bozorni afzal deb biladi Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Moliya vazirligi taftishchisi pora bilan ushlandi
Moliya vazirligining Toshkent shahri davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi taftishchisi katta miqdorda pora bilan qo‘lga olindi (“Huquq”, 30 avgust).
Ismi oshkor etilmagan revizor Chilonzor tumanidagi kollejlardan birida tekshiruv o‘tkazish asnosida bir qator qonunbuzarliklarni aniqlaganini iddao qilib, kollej rahbariyatidan kamchiliklarni bosdi-bosdi qilish evaziga 3000 dollar pora so‘ragan.
Savdolashuvdan keyin 2500 dollar bilan “ish” hal etilgan. O‘z navbatida, kollej rahbariyati pora sifatida berilgan pulni kollejda faoliyat yuritayotgan 50 dan oshiq pedagog xodimning oyligidan ushlab qolish orqali yig‘ib olgan.
O‘qituvchilardan birining shikoyati asosida ushbu jinoyat fosh etilgan. Aybdorlar qilmishiga yarasha jazolanib, kollej o‘qituvchilarining haqi qaytarilishi xabar qilingan.
Bozor ichidagi qolgan maktab: mahalla maktab emas, bozorni afzal deb biladi
Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 5-maktab bozor ichida qolib ketgan (“Jamiyat”, 25 avgust).
Har payshanba kunlari qiziydigan bozor faoliyati ta’lim jarayoniga salbiy ta’sir etib, muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bundan esa maktab jamoasi norozi.
Ushbu holatga munosabat bildirgan “Oltinsoy” mahallasi raisi A.Qurbonov mahalliy aholiga maktabdan ko‘ra bozor muhimligiga urg‘u bergan.
“Bozor barcha uchun qulay bo‘lgan yerda joylashgan. Bozorning payshanba kunlari bo‘lishi – qo‘shni tuman va atrofdagi tadbirkorlarning bir marjonga tizilgandek joylashgan Boshquduq, Oltinsoy, Ulus qishloqlariga bir kunda, navbatma-navbat qo‘nib o‘tishidir. Agar bozor yakshanba kuniga ko‘chiriladigan bo‘lsa, u holda savdogarlar bitta bizning qishloq uchun ataylab kelmaydi-ku” deydi mahalla raisi.
Hudud yetakchisi bolalarning ta’limi muhim ekaniga umuman e’tibor qaratmagan.
Buxoroda saksovulzorni payhon qilganlar uy qamog‘iga hukm qilindi
Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi uch aka-uka Ro‘zievlar o‘zboshimchalik bilan saksovul kesgani uchun jazoga tortildi.
“Huquq” nashri xabariga ko‘ra, aka-ukalar Setalang saksovulzorini payhon qilishayotgani ustiga o‘rmon nazoratchisi Ya.Mahmudov kelib qolib, ushbu noqonuniy holatni rasmiylashtira boshlagan. Ammo aka-ukalar o‘rmon nazoratchisini kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati etkazishgan.
Buxoro viloyati prokuraturasi vakili Jasur Sharopovga ko‘ra, aka-ukalarning har biri 3 yil muddatga uy qamog‘iga hukm qilingan.