Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:20

Urgutda bozorchilar obunaga majburlanmoqda


 “Inson va qonun” gazetasi yillik obuna bahosi 122 ming so‘m turadi.
“Inson va qonun” gazetasi yillik obuna bahosi 122 ming so‘m turadi.

Samarqand viloyati Urgut tumani Savdo kompleksining Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlari O‘zbekiston Adliya vazirligining “Inson va qonun” gazetasi va “Huquq va burch” jurnaliga obuna bo‘lishga majburlanayotganliklaridan shikoyat qildi. Tadbirkorlarga ko‘ra, obunadan bosh tortganlarni "tekshiruvchilar bosishi" haqida ogohlantirilgan.

Urgut tumani savdo kompleksida ishlovchi tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda kompleks rahbariyati har bir tadbirkorga Adliya vazirligining “Inson va qonun” gazetasi va “Huquq va burch” jurnaliga obuna uchun 200 ming so‘mlik "o‘lpon" solganini aytdi.

Uning aytishicha, obunadan bosh tortganlar tekshiruvchilar bosishi haqida ogohlantirilgan.

- Samarqanddan Adliya boshqarmasidan shunday topshiriq berilgan. Urgut tumani bo‘yicha “Inson va qonun” gazetasi uchun 200ta, “Huquq va burch” jurnaliga 20ta obuna plani topshirilgan ekan. Tadbirkorlarda pul ko‘p, deb endi bizni obunaga majburlayapti. Obuna bo‘lmasak do‘konlaringni tekshiruvchilar bosadi, deb qo‘rqityapti, - deydi urgutlik tadbirkor.

Samarqand viloyati Adliya boshqarmasining 20 avgust sanasi bilan tuman Adliya bo‘limlariga yo‘llangan hujjat nusxasida “Inson va qonun” gazetasi" va “Huquq va burch” jurnaliga obuna tashkil qilish va bu ishni joriy yil oktyabr oyi oxiriga qadar yakunlash, shu davr ichida har o‘n kunda kvitansiyalar ilova qilingan shaklda hisobot berib turish tayinlangan.

Samarqand viloyati Adliya boshqarmasining 20 avgust sanasi bilan tuman adliya bo‘limlariga yo‘llangan xati.
Samarqand viloyati Adliya boshqarmasining 20 avgust sanasi bilan tuman adliya bo‘limlariga yo‘llangan xati.

Ozodlikka yo‘llangan hujjat ilovasida obuna hajmi tumanlarga taqsimlab bo‘lib berilgan.

Xujjatda Urgut tumani yillik obuna bahosi 122 ming so‘m turadigan “Inson va qonun” gazetasiga 200ta va 240 ming so‘m turadigan “Huquq va burch” jurnaliga 20ta obuna rejasi qo‘yilgan.

Ozodlik tadbirkorlarning obunaga majburlanishi yuzasidan izoh so‘rab, Urgut savdo kompleksi rahbariyatiga bog‘landi.

Savdo kompleksi kotibiyati xodimi tadbirkorlarni obunaga majburlash holatini inkor qilmadi va bunday topshiriqni tuman Adliya bo‘limidan olganliklarini aytdi.

1 sentabr - dam olish kuni bo‘lgani bois Urgut tumani Adliya bo‘limi va Samarqand viloyati Adliya boshqarmasidan tadbirkorlarning obunaga majburlanayotgani haqidagi shikoyatlar yuzasidan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Majburiy obuna o‘zbekistonlik iste’molchilar huquqlari buzilishining bir ko‘rinishidir.

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi xodimi Sherali Turg‘unov o‘tgan yil dekabr oyida Ozodlik bilan suhbatda amaldagi qonunlarga ko‘ra, iste’molchini gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishga majburlash mumkin emasligini aytgandi:

- Obunaga majburlash qonunga zid. Lekin shu paytgacha biron fuqarodan majburiy obuna yuzasidan shikoyat tushmagan, - degan edi Turg‘unov.

O‘zbekistonda ishdan haydalish yoki biznesidan ayrilish tahdidlari ostida aksar byudjet tashkilotlar xodimlari va tadbirkorlar majburlash holatlari bo‘yicha sudga murojaat etishga jur’at etolmasliklarini aytishadi.

O‘zbekistonda 1 ming 200dan ziyod gazeta va jurnal chiqadi.
O‘zbekistonda 1 ming 200dan ziyod gazeta va jurnal chiqadi.

“Matbuot tarqatuvchi” hissadorlik jamiyatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 ming 200dan ziyod gazeta va jurnal chiqadi.

"Darakchi", "Hordiq", "So‘g‘diyona" kabi nashrlar eng bozori chaqqon gazetalar hisoblanadi.

Lekin, bu nashrlar majburiy obuna qilinadigan nashrlar ro‘yxatida yo‘q.

XS
SM
MD
LG