Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:48

Maktablarda o‘n kunlik kunduzgi-tungi navbatchilik tashkil qilindi


Maktablardagi tungi navbatchilik tadbiri Karimov davridan beri davom etib kelmoqda.
Maktablardagi tungi navbatchilik tadbiri Karimov davridan beri davom etib kelmoqda.

O‘zbekiston maktablarida 27 avgustdan 5 sentabrgacha uch smenada navbatchilik tashkil qilindi. O‘qituvchilarga ko‘ra, bu Mustaqillik bayrami kunlari xavfsizlikni saqlash maqsadida tashkil qilingan.

Ozodlikka bog‘langan o‘qituvchilarga ko‘ra, maktablardagi navbatchilik kunduzi 6 soatdan, kechagi 12 soatdan tashkil qilingan bo‘lib, navbati bilan hamma o‘qituvchi navbatchilikka qo‘yilayapti.

Jumladan, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, ularning maktabida kunduzi ayol o‘qituvchilar, kechasi erkak o‘qituvchilar navbatchilik qilayapti.

“27 avgust kuni boshlandi. 5 sentabrgacha davom etadi. Uchta smenada tashkil qilingan. Kunduzgilar 6 soatdan almashadi. Tungi navbatchilar esa 12 soat turadi. Ertalab soat 8dan obedgi soat 2gacha bir o‘qituvchi, soat 2dan kechquringi soat 8gacha yana bir o‘qituvchi turadi. Kechki soat 8dan ertalabki 8gacha boshqa bir o‘qituvchi navbatchilikda turadi. Kunduzi ayol hamkasblarimiz turadi. Kechqurin biz erkaklar turayapmiz”, deydi Toshkent tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisiga ko‘ra, ularning maktabida erkak o‘qituvchilar kamligi bois ayollar ham tungi navbatchilikka qo‘yilayapti.

“Maktabimizda o‘zi ikkita erkak o‘qituvchi bor. Ular ham tungi navbatchilikka turayapti. Lekin hamma navbati bilan turishi kerakligi bois biz ayollar ham kechasi navbatchilik qilayapmiz”, deydi toshkentlik o‘qituvchi.

Boshqa bir toshkentlik o‘qituvchining aytishicha, bayram kunlari navbatchilikka maktab rahbarlari ham chiqayapti.

“Direktorlarga shunaqa buyruq kelgan. 31 avgust va 1 sentabr kunlari maktab direktori, direktor o‘rinbosari, zovuchlarning o‘zi navbatchilik qilayapti. Bugun bizning maktabda direktorimiz tungi navbatchilikka chiqadi”, deydi toshkentlik o‘qituvchi yigit.

Toshkent tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan jo‘natilgan xabarni Ozodlikka yo‘lladi.

“Bugun va ertaga kechki navbatchilik juda qattiq o‘rganiladi. Viloyat va tuman hokimligi tomonidan. Navbatchi bo‘lmasa, uxlab qolsa, mast bo‘lsa, o‘sha maktab direktori ishdan olinadi. Meni ogohlantirishdi", deyiladi Toshkent tumani xalq ta’limi bo‘limi rahbariyati tomonidan maktab direktorlariga yo‘llangan xabarda.

O‘qituvchilarga ko‘ra, ularga navbatchilik tadbiri Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkil qilingani va bundan maqsad xavfsizlikni ta’minlash ekani aytilgan.

“Xo‘p, xavfsizlik uchun turibmiz. Lekin kimdir bostirib kelsa, qo‘limizda dubinka ham yo‘qku. Bosqinchi bilan qanday kurashamiz? Maktablardagi navbatchilik Karimov davridan qolgan tadbir, undan hecham voz kecha olishmayapti”, deydi suhbatlashganimiz o‘qituvchilardan biri.

O‘qituvchilarning aytishicha, kunduzgi va kechgi navbatchiliklar tegishli idoralar tomonidan tekshirib turiladi.

“Men tungi navbatchilikka turgan kunim kelishim bilan direktorga telefon qilib, “Hammayoq tinch, men navbatchilikni qabul qilib oldim” deb telefon qilaman. Keyin soat sakkiz yarimgacha Rayonoga telefon qilib, svodka beraman. Favqulloda vaziyatlar vazirligining shahar boshqarmasidan kelib tekshirishadi, Uchastkovoy kelib tekshiradi”, deydi toshkentlik o‘qituvchi yigit.

Toshkent tumanidagi o‘qituvchi esa ularning maktabidagi navbatchilikni prokuratura, IIB va tuman hokimligidan kelib tekshirishayotganini aytdi.

“Tekshiruvchilar kelganda ularni kutib olib, o‘zingizni tanishtirasiz. Vaziyat bo‘yicha hisobot berasiz. Akt tuzib, yozib olib, ketishadi. Ular xohlagan paytda kelib qolishi mumkin. Shuning uchun doim joyingizda o‘tirishingiz shart”, deydi o‘qituvchi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilarga ko‘ra, ularning navbatchiligi uchun biror haq to‘lanmaydi.

“Mutlaqo tekinga turibmiz. Mehnat kodeksiga ko‘ra, ortiqcha ishlagan vaqtingiz uchun haq to‘lanishi kerak. Lekin bizga bir tiyin ham bermaydi. “Navbatchilikka turmayman” deganlar ham bo‘ldi. Lekin direktor “Ko‘pga kelgan to‘y. Hammamiz majburmiz” degan gapni aytdi”, deydi toshkentlik o‘qituvchi.

Mustaqillik bayrami arafasi nafaqat Toshkent shahri va viloyatida balki mamlakatning barcha viloyatlarida maktab o‘qituvchilarining navbatchiligi tashkil qilingani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, Ozodlikning mobil muxbiri Surxondaryo, Qashqadaryo va Sirdaryodagi o‘qituvchilar bilan bog‘lanib, u yerda ham o‘qituvchilar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilganini aniqladi.

Toshkent tumani xalq ta’limi bo‘limining Ozodlik bog‘langan rasmiysi maktablarda uch smenali navbatchilik tashkil qilinganini tasdiqlab, bu viloyat xalq ta’limi boshqarmasi topshirig‘i ekanini aytdi.

Ozodlik birorta ham viloyatdagi xalq ta’limi boshqarmasi bilan bog‘lana olmadi. Boshqarmalar boshliqlarining xizmat telefonlariga biror odam javob bermadi.

Xalq ta’limi vazirligi saytidagi telefon raqamlariga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz ham javobsiz qoldi.

XS
SM
MD
LG