Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 17:33

Tojikiston prezidenti kasallik yuqtiradigan tish do‘xtirlarini qamashni talab qildi


Tojikiston prezidenti mijozlarga yuqumli kasalliklar yuqtirgan stomatologlar, go‘zallik salonlari xodimlari va sartaroshlarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qildi.

Shuningdek, Imomali Rahmon sifatsiz, yaroqilik muddati o‘tgan, qalbaki va kontrabanda yo‘llari bilan Tojikistonga keltirilgan dori-darmonlarni sotadigan dorixonalar egalarini ham jazolashni talab qildi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 1 sentabr kuni Tojikiston tibbiyot universitetida so‘zga chiqib, stomatolog, sartarosh, go‘zallik salonlari xodimlari tomonidan yuqumli kasalliklar yuqtirish holatlarning oldini olish yo‘lida Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qildi:

“Stomatologlar, go‘zallik salonlari xodimlari va sartaroshlarni mijozlarga yuqumli kasalliklar yuqtirganliklari uchun jazolash lozim. Menga bunday muassisalarda jiddiy kasallikka yo‘liqqan va hatto o‘lgan shaxslar yaqinlaridan shikoyatlar kelgan. Qalbaki va sifatsiz dori sotadigan dorixonalar egalari ham javobgarlikka tortilishi lozim”.

Prezident Rahmonga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 250dan ortiq stomatologiya klinikasi bo‘lib, “ularning ko‘pida sanitariya va sterilizatsiya qoidalariga rioya qilinmaydi va bu vaziyat odamlarning turli yuqumli kasalliklarga chalinishiga sabab bo‘lmoqda”.

2008 yilda Tojikiston Sog‘likni saqlash vazirligi sartaroshxona va go‘zallik salonlarida soqol olish va qosh terishda qayta ishlatilidigan asboblardan foydalanishni taqiqlagandi.

2013 yilda esa vazirlik VICh virusi tarqalishining oldini olish uchun sartaroshxonada soqol olishni butunlay taqiqlagan.

Ammo ushbu vazirlikka ko‘ra, bunday chora-tadbirlarga qaramay, haliyam sartaroshxona va go‘zallik salonlarida yuqumli kasalliklar, ayniqa, gepatit xastaligi yuqishi holatlari yuz berib turadi.

Joriy yil fevralida Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi sanitariya qoidalariga rioya qilmagani uchun 22 stomatologiya shifoxonasini berkitdi.

Ismini fosh etmaslik sharti bilan Ozodlik bilan suhbatlashgan dushanbelik bir stomatolog 10 yillik faoliyati davomida tish shifoxonasida yuqumli kasalliklarni yuqtirish holatlariga duch kelmaganini aytdi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, mijoz qaerda bunday kasallikka chalinganini aniqlash juda qiyin va huquq-tartibot xodimlari Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkin.

Tojikiston prezidenti Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa davlat tashkilotlaridan mamlakatga kelayotgan dori-darmon va tibbiy jihozlarni jiddiy nazorat qilishni talab qildi.

Imomali Rahmononing aytishicha, o‘tgan yil Tojikistonga xorijdan 450 million somoniy yoki 45 million AQSh dollari miqdorida dori-darmon keltirilgan.

92 tonna sifatsiz va yaroqlilik muddati o‘tgan dori-darmon yo‘q qilingan.

XS
SM
MD
LG