Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:20

Olimlar: AQSh diplomatlari kasallanishiga mikroto‘lqinli qurol sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin


SPACE MAGNETIC FIELD -- A handout picture made available by the European Space Agency (ESA) and the Planck Collaboration on 20 December 2014 shows the interaction between interstellar dust in the Milky Way and the structure of our Galaxy’s magnetic field,
SPACE MAGNETIC FIELD -- A handout picture made available by the European Space Agency (ESA) and the Planck Collaboration on 20 December 2014 shows the interaction between interstellar dust in the Milky Way and the structure of our Galaxy’s magnetic field,

Shifokorlar va olimlar Xitoy va Kubada 30 dan ortiq AQSh diplomatining noma’lum kasallikka chalinishiga mikroto‘lqinli qurol bilan amalga oshirilgan hujumlar sabab bo‘lgan, degan fikrni ilgari surmoqda. Bu haqda The New York Times gazetasi xabar qildi.

Diplomatlar yashayotgan joylarida kuchli chinqiriq eshitishganini, buning ortidan ko‘ngillari aynib, boshlariga og‘riq kirganini hamda uxlash va eshitish bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lishganini xabar qilishgan.

Kubada yuqorida tilga olingan alomatlarga duchor bo‘lgan 21 diplomatni tekshirgan tibbiy guruh mart oyida The Journal of the American Medical Association jurnalida chop etgan maqolada mikroto‘lqinli qurollar haqida hech nima deyilmagan edi.

Ammo maqola muallifi Duglas Smit gazetaga bergan intervyusida endilikda mikroto‘lqinli qurollar asosiy gumonlanuvchi o‘laroq ko‘rilayotganini ta’kidladi.

- Boshida hech kim bunga ishonqiramadi, ammo endilikda hamma bu yerda bir gap bor, degan fikrda, - dedi Smit.

Na AQSh Davlat departamenti, na Federal qidiruv byurosi mikroto‘lqinli qurollar qo‘llanilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi qarashlarga munosabat bildirdi.

2017 yilning sentabrida AQSh Kubani hujumni amalga oshirishda yoki AQSh diplomatlarini himoya qilmaslikda ayblab, Kubadagi diplomatlarining deyarli yarmini chaqirib oldi va 15 Kuba diplomatini Vashingtonni tark etishga majburladi.

Kuba tarafi esa AQSh ayblovlarini rad etib keladi.

Joriy yilning iyun oyida Davlat departamenti Xitoyda o‘z diplomatlari yuqorida tilga olingan simptomlar haqida shikoyat qilishi ortidan ular Amerikaga olib ketilganini e’lon qilgan edi.

The New York Times maqolasida yozilishicha, 1960 yilda amerikalik olim Alan Frey inson miyasi mikroto‘lqinlarni tovush o‘laroq qabul qilishini aniqlagan.

Buning ortidan AQSh ham, Sovet Ittifoqi ham mikroto‘lqinlardan qurol sifatida foydalanish ustida bosh qotirgan.

AQSh Mudofaa razvedka agentligi 1976 yilda sovet olimlari tadqiqotlari natijalari mikroto‘lqinlar harbiylar va diplomatlar xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsata olishini ko‘rsatgani haqida ogohlantirgan.

AQSh qurolli kuchlari ham mikroto‘lqinlardan qurol o‘laroq foydalanish ustida ishlagan. The New York Times maqolasida e’tirof etilishicha, AQSh havo kuchlari dushman boshiga anglash mumkin bo‘lgan gaplarni yo‘naltirishga qodir moslamani patentlagan.

XS
SM
MD
LG