Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 23:07

Aspirin saratonga chalinish xavfini ozaytirishi mumkin


Shu paytgacha o‘tkazilgan tadqiqotlar aspirin yurak xastaliklari va instultni davolashga ko‘maklasha olishini ko‘rsatgan. Yaqinda o‘tkazilgan tajribalar esa, mazkur dorining yana bir foydali jihatini ko‘rsatdi: aspirin bir necha saraton turi, jumladan, ichak, o‘pka, ko‘krak hamda prostata saratoniga chalinish xavfini, ushbu kasalliklarga chalinganlarning esa halok bo‘lish ehtimolini ozaytira oladi.

Saraton tadqiqotlari bo‘yicha Amerika birlashmasining yillik anjumanida taqdim etilgan ilmiy maqola mualliflari 86 ming ayolning 32 yil davomida, 44 ming erkakning 26 yil davomida aspirindan foydalanishi hamda ularning saratonga chalinish xavfini o‘rganib chiqqan.

Dozasi oz bo‘lgan (81 mg) aspirinni olti yoki undan ko‘p yil mobaynida haftasiga ikki tabletkadan oz yoki kuniga bir tabletkagacha ichish saratonga chalinish xavfini sezilarli darajada ozaytirishi kuzatilgan. Xususan, erkaklarda yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoniga chalinish xavfi 30 foizga, ayollarda esa 31 foizga ozayishi kuzatilgan.

Ammo bu shunchaki kuzatish bo‘lib, aspirin saratonga chalinish xavfini ozaytirishini tasdiqlovchi dalil emas. Aspirin ichuvchi shaxslar umuman olganda sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlari mumkin.

Aspirin immun tizimining kasallik yoki jarohatga javobi bo‘lmish yallig‘lanishga qarshi kurashadi. Yallig‘lanish zararli bakteriyalarni hamda shikastlangan hujayralarni yo‘q qiladi.

Ammo biron oy yoki hatto yilgacha cho‘ziladigan surunkali yallig‘lanish saraton hujayralari yuzaga kelishi uchun qulay zamin yaratadi. Aspirin tanada yallig‘lanish ko‘payishiga qarshi kurashib, saraton xavfini olishi yoki kasallik tarqalishi xavfini ozaytira oladi.

Ammo barcha dorilar kabi aspirin ham salbiy yon ta’sirlarga ega. Mazkur dorini muntazam ravishda ichish oshqozonda yara paydo bo‘lishiga hamda oshqozondan qon ketishiga olib kelishi mumkin. Yoshi kattalar, muntazam ravishda spirtli ichimlik iste’mol qiluvchilarda bu xavf ayniqsa yuqori.

Qisqasi, muntazam ravishda aspirin ichish saraton xavfini ozaytirishi mumkin, ammo ayrimlar uchun ushbu dorini ichish foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG