Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:39

Ukraina Ozodlik jurnalisti uyali telefonidagi ma’lumotlarni tekshirmoqchi


Tergov masalalari bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Natalya Sedliska “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiostansiyasi Ukrain xizmatining korrupsiyaga qarshi “Sxemalar” dasturi boshlovchisi
Tergov masalalari bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Natalya Sedliska “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiostansiyasi Ukrain xizmatining korrupsiyaga qarshi “Sxemalar” dasturi boshlovchisi

RFE/RL (“Ozod Yevropa/Ozodlik” radiostansiyasi) o‘z jurnalistiga bog‘liq Ukraina sudining qarorini bekor qilishga chaqirdi. Agar qaror bekor qilinmasa, hokimiyat idoralari RFE/RL surishtiruvchi jurnalistining qariyb bir yarim yillik uyali telefon ma’lumotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Radiostansiyaga ko‘ra, sudning ushbu qarori Ukraina qonunlariga ham, rasmiy Kievning erkin matbuot bo‘yicha olgan majburiyatlariga ham xilofdir.

Qaror Ukrainaning korrupsiyaga qarshi milliy byurosi direktori Artyom Sitnikning 2017 yili go‘yo jurnalistlarga davlat sirini oshkor qilgani bilan bog‘liq jinoyat tergoviga daxldor.

27 avgust kuni Kiev shahrining Pechyorsk tuman sudi Ukraina Bosh prokuraturasi so‘rovini qondirdi. Unga ko‘ra, tergovchilar surishtiruvchi jurnalist Natalya Sedliskaning uyali telefonidagi 17 oylik ma’lumotlarini ko‘zdan kechirish huquqiga ega bo‘ldi. U RFE/RL Ukrain xizmatining korrupsiyaga qarshi “Sxemalar” dasturi boshlovchisidir. Dastur mukofot ham olgan.

RFE/RL matbuot kotibi Joanna Levison sud qarori “Ukrainaning erkin matbuotni rag‘batlantirish va himoya qilish borasida olgan majburiyatlariga xilof ekani”ni aytdi.

Ayni qaror Bosh prokuraturaga Sedlitskaning mobil aloqa xizmati provayderidan u 2016 yil 1 iyulidan 2017 yil 30 noyabriga qadar telefoni orqali qilgan barcha aloqalari bo‘yicha ma’lumot olish imkonini beradi.

“Sxemalar” dasturi o‘sha davrda Ukrainaning yuqori lavozimli rasmiylari, jumladan, bosh prokuror Yuriy Lutsenko bilan bog‘liq bir qancha tergov ishlari haqida xabar bergan edi.

Endi Bosh prokuratura Sedliskaning telefon kontaktlari, shuningdek, barcha qo‘ng‘iroqlari sanasi, vaqti va davomiyligini aniqlay oladi.

Hokimiyat idoralari Sedliska telefonidan jo‘natilgan yoki unga olingan barcha matnli xabarlarni ko‘rishi mumkin. Bunga yana surishtiruvchi jurnalist har bir telefon qo‘ng‘irog‘ini olganda yoki qo‘ng‘iroq qilganda qaerda bo‘lganiga oid boshqa ma’lumotlar ham kiradi.

Sedliska 2017 yili advokati bilan Bosh prokuraturaga borib, bir necha soat davom etgan uchrashuv chog‘ida surishtiruv reportajlarini tayyorlash uchun shaxsan muloqot qilgan maxfiy manbalarini ochiqlash taklifini rad etgan edi.

O‘shanda u Ukraina Jinoyat kodeksi moddasidan iqtibos keltirdi. Ayni moddaga asosan, jurnalistlar manbalar ismini aytmaslik sharti bilan bergan “maxfiy ma’lumot” haqida“so‘roq qilinishi mumkin emas”.

Ukraina parlamenti – Verxovna Rada a’zosi Alyona Sotnik sud qarori mamlakat qonunchiligi va xalqaro me’yorlarni “qo‘pol tarzda buzishi”ni aytdi.

Ukraina Jurnalistlari milliy uyushmasi rahbari Sergey Tomilenko tashkiloti RFE/RL va Sedliska tomonida ekanini ma’lum qildi va hokimiyat idoralaridan “jurnalistlarga qarshi dushmanlik muhitini yaratishni to‘xtatish”ni talab qildi.

RFE/RL Ukrain xizmatini tamsil qiluvchi advokat Anatoliy Popov sud qarorini “haddan oshish” deb atadi. Uning fikricha, u “jurnalistning professional burchini bajarishiga bosim o‘tkazadi va axborot manbalarini noqonuniy tarzda bilib olishga yo‘l ochadi”.

Popov advokatlar Bosh prokuraturaning “kishining shaxsiy hayot daxlsizligi va axborot manbalarini himoya qilish huquqiga aralashish cheklovlarini buzishi”ga qarshi shikoyat tayyorlayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG