Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:30

Vobkentlik oila militsiya xodimlarini o‘g‘lini urib o‘ldirganlikda aybladi


Shuhrat Sirojev o‘g‘li bilan.
Shuhrat Sirojev o‘g‘li bilan.

Buxoro viloyati Vobkent tumani Sariosiyo qishlog‘ida yashovchi Sirojevlar oilasi Ozodlikka murojaat qilib, yetti militsiya xodimini ularning 35 yashar o‘g‘li Shuhrat Sirojevni kaltaklab o‘ldirganlikda aybladi. Oila boshlig‘i Rahmon Sirojev o‘g‘lining o‘limiga 3 haftadan oshgan bo‘lsada, uning o‘limiga sababchi bo‘lganlarga nisbatan biror chora ko‘rilmaganidan shikoyat qildi. Bosh prokuratura o‘lim fakti yuzasidan jinoyat ishi ochilganini bildirdi.

Sirojevlar oilasi a’zolarining 6 sentabr kuni Ozodlikka xabar berishicha, ularning 35 yashar o‘g‘li Shuhrat Sirojev 16 avgust kuni o‘ldirilgan.

Marhum Shuhrat Sirojevning jiyani 26 yashar Qudduz Rajabovning aytishicha, o‘sha kuni kechki soat 11larda u tog‘asining uchastka nozirlari tomonidan "sababsiz" olib ketilganiga guvoh bo‘lgan:

Shuhrat Sirojev
Shuhrat Sirojev

- Mahallamizda chorraha bor. U yerda do‘kon, to‘yxona bor. O‘sha yerda biz mashina ichida pivo ichib o‘tirgandik. Bir payt ikkita uchastkovoy keldi. Bir og‘iz ham gapirgani yo‘q. Tog‘am to‘polon qilmagandi. Hech kim bilan urishmagandik, hech kim bilan gaplashganimiz ham yo‘q edi. Biz mashina ichida o‘tirgandik. Uchastkovoy kelib, tog‘amni mashinadan tortib tushirdi, mashinasiga o‘tkazmoqchi bo‘lgandi, men borib, “Nima qilayapsiz”, deb bittasini ushlagandim, u qo‘limni qayirib sindirdi. O‘tgan kuni gipsini ochdim qo‘limni, reytgen qog‘ozlari turibdi. Ular tog‘amni mashinaga bosib olib ketdi. Keyin operativniy gruppa chaqirgan, ular tog‘amni urgan. Tog‘amni o‘ldirib, keyin bolnitsaga olib borishgan, - dedi Qudduz​Rajabov Ozodlik bilan suhbatda.

Shuhratning otasi Rahmon Sirojevning aytishicha, unga o‘sha kuni yarim tunda o‘g‘li borasidagi noxush xabarni etkazishgan.

- Militsiya xodimlari soat 2 yarimda uyimga kelishdi. “O‘g‘lingizning ahvoli og‘ir, yuragining mazasi yo‘q ekan. Yuring bizlar bilan” dedi. Chiqsam, ular ko‘pchilik ekan. 4-5ta mashina bilan birga kelishgan ekan. Men to‘g‘ri kasalxonaga olib boradi, desam, meni morgga olib bordi. Morgda uje o‘g‘limning qonlarini artgan, yotqizib qo‘yishgan, joni chiqqan, o‘lik holatda edi. Lat yegan, shilingan joylari bor edi. Menga “5 kishi bu ishni qilgan” deyapti. Lekin 7 kishi qatnashgan bu ishda. Ikki kishi olib ketgan. Operativ gruppada 5 kishi kelgan. Bular ikki kishini yashirib o‘tiribdi. Yetti kishi urib, og‘ir ahvolga solganidan keyin “Tez yordam”ga olib borgan, - deydi Rahmon Sirojev.

Shuhrat Sirojev o‘limi haqidagi guvohnoma
Shuhrat Sirojev o‘limi haqidagi guvohnoma

Shuhratning onasi Muyassar Sirojeva iddaosiga ko‘ra, o‘g‘lini militsiya xodimlari tomonidan kaltaklanganiga guvoh bo‘lgan odamlar bor.

- Mashinaga tiqqanlar, lablari yorilib ketgan. Vobkent yo‘lida chekka bir uy bor, o‘sha yerga olib borib, urganlar. Kechasi soat 11 bo‘lgan. Odamlar aytadi, “Suv quyayotgandim, dod-voy bo‘ldi. Kelsam, mashinaga yuklayotgan ekanlar. Mashinaga olib borguncha, yiqildi” deydi... Morgdan olib keldi. Shunday boshidan ko‘tarsam, shundoq ikkita qo‘lim qon bo‘ldi... Uchastkovoy nima qiladi, uni olib borib, urib? Janjal qilgani yo‘q. Gaini chaqirsin, shtraf qilsin. Mashinani olib borsin, nomerini olib qo‘ysin. Nima uchun uning o‘zini olib boradi?, deydi Muyassar Sirojeva.

Rahmon Sirojev o‘g‘lining o‘limi bilan bog‘liq jinoyatni bosti-bosti qilish harakati bo‘lishi mumkinligidan xavotiri borligini aytadi.

Shuhrat Sirojevning ikki o‘g‘li etim qoldi
Shuhrat Sirojevning ikki o‘g‘li etim qoldi

- Jinoyatchilar haliyam bemalol ishini qilib yuribdi. Shunisi meni taajjublantiradi. Jinoyatchi bo‘lgandan keyin uni kamerada ushlab, tergov qilib, so‘roq qilishi kerak-ku. Tem bolee odam o‘ldirgan bular. Lekin ular formani kiyib, o‘z ishini davom ettirayapti. Ishni bosti-bosti bo‘lishidan qo‘rqayapman. Ekspertizaning natijasidan ham qo‘rqayapman. Ular har ishga qodir-da. Borib, pul bilan o‘zgartirishi ham mumkin, deydi Rahmon Sirojev Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimining Ozodlikka aytishicha, Shuhrat Sirojev o‘limi yuzasidan 18 avgust kuni Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish )1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Hozirda Buxoro viloyati prokuraturasi tergov harakatlarini olib bormoqda.

Sirojevlarning o‘g‘li o‘limiga sababchi bo‘lgan militsiya xodimlarining ochiqda yurgani borasidagi da’vosiga Bosh prokuratura mulozimi quyidagicha javob berdi:

“Birinchidan, jinoyat ishi shaxsga emas, faktga nisbatan qo‘zg‘atilgan, militsiya xodimlarining aybi bor yoki yo‘qligini tergov yo‘li bilan tekshirish kerak! Ikkinchidan, tergov qilish jarayonida faqat qamoq ehtiyot chorasi qo‘llaniladi degan talab yo‘q! Ishda ekspertiza yo‘li bilan tekshiriladigan holatlar bor”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil 30 noyabrda qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalardan dalil sifatida foydalanishni taqiqlovchi farmonni imzolagan edi.

Mazkur farmonda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar prokuratura organlari yoki sud tomonidan belgilangan tartibda tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart qilib belgilangan.

XS
SM
MD
LG