Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:00

Mirziyoevga murojaat qilgan imom: "Diniy idora otam orqali bosim o‘tkazyapti"!


7 sentabr kuni juma xutbasida O‘zbekiston huquq-tartibot organlarini prezident siyosatiga xilof ravishda, mamlakat fuqarolarining Konstitutsiyada belgilangan diniy erkinliklarini poymol etayotganlikda ayblab chiqqan Yunusoboddagi "Omina" jome masjidining imom xatibi Fazliddin Parpiev Ozodlik bilan suhbatda murojaatidan bir kun o‘tib diniy idora otasi orqali bosim o‘tkazayotganini aytdi. Bundan oldin imom DXX xodimlari juma kuni masjidga kelib, uni so‘roqqa tutgani, diniy idora vakillari esa undan o‘z chiqishidan afsus-nadomatda ekani haqida iqror olishmoqchi bo‘lgani, bunga ko‘nmaganini ta’kidlagandi.​

"Omina" jome masjidining 32 yoshli imom xatibi Fazliddin Parpiev juma hutbasidagi chiqishida soqol va hijob borasida musulmonlarga bo‘layotgan tazyiqlarni qoralagan va hukumatni vijdon erkinligini ta’minlashga chaqirgandi.

Imom o‘z chiqishidan bir kun o‘tib Ozodlik bilan suhbatda Toshkentdagi boshqa bir masjid imomi va qozisi bo‘lgan otasi orqali diniy idora unga bosim o‘tkazayotganini aytdi.

- Diniy idora otamga meni go‘yoki imomlikdan bo‘shatilganimni aytishgan va bolangizni Toshkentdan uzoqroqqa, Andijonga olib keting, deb tayinlashgan. Lekin, meni o‘zimga imomlikdan bo‘shading deb, hech kim aytmadi. Faqat otam orqali bo‘lyapti. Lekin, imomlikdan bo‘shatilgan bo‘lsam ham hech kimdan ranjimayman, - dedi 8 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Fazliddin Parpiev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00
Бевосита линк

Sal avval imom juma ma’ruzasida diniy idora bergan tezisdan chiqib ketib xato qilganini tan olishi, lekin o‘z murojaatida aytgan fikrida sobit ekanini ta’kidlagan edi.

- Diniy idorani xodimi shu chiqishimdan keyin kelib, “tezisdan chiqib ketib bekor qilibsiz-da”, dedi. Men aytdim, "to‘g‘ri shu joyda xato qildim", dedim. Boshqa tomondan "huquqiy xatoga yo‘l qo‘yganim yo‘q", dedim. U kishi bilan hal bo‘ladigan gaplar bo‘lmadi. Undan keyin organ xodimlari kelishdi. Ular bilan anchagacha suhbat bo‘ldi, savollariga javob berdim. O‘zimni pozitsiyamni aytdim. Lekin, Internetda gap-so‘z tarqab ketib qolibdi, tahdid bo‘lgan, degan gaplar. Unaqa bo‘lgani yo‘q. Bir past, bir baland chiroyli muvozanatda gaplashdik, - dedi "Omina" jome masjidining imom xatibi Fazliddin Parpiev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:50 0:00
Бевосита линк

Imomning Ozodlikka aytishicha, Diniy idora vakillari undan o‘z chiqishidan afsus-nadomatda ekani haqida iqror olishmoqchi bo‘lishgan, lekin imom buni rad qilgan.

- "Bu chiqishingiz bo‘yicha afsusdaman, extirosga berilib ketdim, xato qildim, degan mazmunda idora uchun biron videomurojaat qilib bera olasizmi", deyishdi , "yo‘q" dedim. Men afsus-nadomat qilishlik uchun buni qilganim yo‘q. Men nima qilganimni bilib turib qildim. Men jinoyat qilmadim. Tezisdan chiqib ketdim, lekin jinoyat qilmadim. "Afsusdaman, deb aytolmayman" dedim, - ta’kidlaydi Parpiev.

"Omina" masjidi imomining juma kungi murojaati ijtimoiy tarmoqlarda keng aks-sado berdi.

Fazliddin Parpiev o‘z chiqishidan so‘ng o‘lim yoki qamalish tahdidiga duch kelishi mumkinligini aytgandi.

- Men yomon vaziyat bo‘lishini kutgandim, lekin unday bo‘lmadi. Demak meni xalqim, davlatim e’tiborga olib turganini his qilib turibman. Menga hozirgacha qattiq so‘z ishlatishgani ham yo‘q. Imomlikdan ketkizish degan gaplar bo‘lmadi. "Boring masjidingizga borib xizmatingizni davom ettiring", deyishdi, - ta’kidlaydi imom.

Shu o‘rinda "Omina" masjidi imomi buzg‘unchi g‘oyadagi insonlarning o‘zidan foydalanishiga ham yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

- Men shu yerda vatanni dardi bilan yonib yashayman. Kimdir o‘zini g‘arazli niyatida mendan foydalanmoqchi bo‘lsa va shu bilan davlatga bosh ko‘taradigan bo‘lsa u odam xato qiladi. Men bunga qarshiman, - deydi imom.

20 minutdan ortiqroq davom etgan videomurojaatida Fazliddin Parpiev prezidentdan mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashda xalqqa yordam berishni so‘radi.

Toshkentlik imom prezident Mirziyoevga bo‘lgan ishonch unga bunday videomurojaat bilan chiqishga undaganini bildirdi.

"Omina" masjidi imomining videomurojaati hukumatning yagona maktab formasini joriy etishi ortidan o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashiga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan noroziliklar kuchaygan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Fazliddin Parpiev bir oy muqaddam Toshkent shimoli-sharqidagi “Omina” jome masjidiga imom etib tayinlangan edi.

Andijonlik Fazliddin Parpiev 2005-2011 yillarda Madina shahridagi Islom universtiteti, 2012-2016 yillarda esa Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutida tahsil olgan.

XS
SM
MD
LG