O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti faoli, 55 yashar Muhammadqodir Otaxonov bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bu haqda Ozodlikka 8 sentabrda yetib kelgan xabarda aytilishicha, hukm Andijon viloyati Marhamat tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan 31 iyul kuni o‘qilgan.
“O‘zini huquq himoyachisi deb atab, Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri M. Shomatov ustidan turli idoralarga tuhmat shikoyatlar yozgan Muhammadqodir Otaxonov O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi (Tuhmat) bilan aybdor deb topildi va bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U hozirda Angrendagi manzil koloniyada jazo muddatini o‘tamoqda”, dedi sud vakili Ozodlikka.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda ikkiga bo‘lingan, bir qismiga taniqli advokat Ruhiddin Komilov, ikkinichi qismiga Marat Zohidov etakchilik qilayotgan O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining Marhamat tumani bo‘limi rahbari bo‘lgan Muhammadqodir Otaxonov Andijon voqealari tufayli 2005 yilda 5 yil muddatga, 2013 yilda esa firibgarlik jinoyati bilan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
“Men bu odamni tashkilotdan chiqarganman. Ehtimol, Zohidov bilan birgadir. Ammo aytishim kerakki, Otaxonovni muqaddam himoya qilganman. Tashkilot faoli bo‘lgan”, dedi Ozodlik bilan suhbatda Ruhiddin Komilov.
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Andijon bo‘limi rahbari Musajon Bobojonovga ko‘ra, huquq faoli Muhammaqodir Otaxonov haqiqatan ham korrupsiya va poraxo‘rlik ustidan Prezident devoni, Bosh prokuratura va boshqa organlarga shikoyatlar qilib kelgan.
U qamalganidan so‘ng u yozgan fakatlar isbotlanib, Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri M. Shomatov lavozimidan chetlatilgan.
“Huquq himoyachisining qamalgani haqida afsuski birorta ommaviy axborot vositasi xabar qilmadi. Holbuki, Muhammadqodir o‘z vaqtida taniqli huquq faoli va yaxshigina ijodkor ham edi”, deydi Musajon Bobojonov.
Sud hukmiga ko‘ra, Muhammadqodir Otaxonov belgilangan jazo muddatini manzil koloniyada o‘taydi. U va uning himoyachilari yuqori instansiya sudlariga murojaat qilmagan.