Toshkent viloyat, Toshkent tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Z. Tovboevning imzosi bilan 7 sentabr kuni barcha umumta’lim muassasa rahbarlariga yuborilgan “shoshilinch” xatda o‘quvchilarning juma namoziga chiqishining oldini olish maqsadida barcha tadbirlarni juma kuni o‘tkazishni rejalashtirish so‘ralgan.
Buning uchun tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri qo‘l ostidagi maktablar direktorlaridan “7-8 sentabr kunlari o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qiziqishlari bo‘yicha qaysi to‘garaklar (fan, ijodiy, sport yo‘nalishi) bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazish, olingan natijalar asosida qiziqishi va iqtidorini hisobga olgan holda o‘quvchilarni to‘liq to‘garaklarga jalb etish jadvalini ishlab chiqish va joriy yilning 10 sentabrga qadar tuman xalq ta’limi bo‘limiga taqdim etish va bir nusxasini dars jadvali yoniga ilib qo‘yish”ni so‘ragan.
O‘zbekistonda yillardan buyon maktab o‘quvchilarining masjidlarga borishi taqiqlangan.
2 yil oldingi holat
Masalan, Ozodlik 2016 yilning mayida Andijon shahridagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi o‘quvchilarning ota-onalaridan yozgi ta’til vaqtida bolalarini "masjid, noqonuniy hujralar, playstation, Internet"ga yubormaslik, "tilanchilik, mashina yuvish, benzin sotish" kabi ishlarga mashg‘ul qilmaslik to‘g‘risida kafolat xatlari yozdirib olingani to‘g‘risida xabar qilgan edi.
1 yil oldingi holat
Ozodlik 2017 yilning 1 sentabrida mobil muxbirlaridan olgan xabarlarga tayanib, O‘zbekiston masjidlarida 1 sentabr kuni o‘qilgan Qurbon hayiti namoziga bolalarning kirishi avvalgi yillarga nisbatan erkinroq bo‘lgani haqda yozgan edi. Ammo, aksariyat viloyat masjidlarida har yilgidek bolalar namozga qo‘yilmagan. Namozxonlar militsiya xodimlaridan nazoratchilar kamroq qo‘yilganini aytishgan.
Tuman xalq ta’limi mudiri xatining qisqacha lingvistik tahlili
Toshkent tuman Xalq ta’limi bo‘limi Z. Tovboev imzolagan xatda bir necha imlo xatosidan tashqari mana bu jumla e’tiborimizni tortdi:
“Shuningdek, o‘quvchilarni dars vaqtida juma namoziga chiqmasligini (ta’kid bizniki – tahr.) oldini olish maqsadida barcha tadbirlarni juma kuni o‘tkazishni tejalashtirishni so‘raymiz”.
Bas, mudir “juma namoziga chiqmaslikning” oldini olishni so‘rayotgan ekan, demak, maktab direktorlari barcha o‘quvchilarni majburlab namozga haydashi lozim. Lekin jumlaning umumiy ruhidan buning aksini tushunish mumkin.