Buxanka nonga davlat belgilagan narx bekor qilinib, u erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ldi. 15 sentabrga qadar 650 so‘m bo‘lgan buxanka non shu kunda Toshkent shahrida 1200 so‘mdan sotilmoqda.
1997 yildan 2000 yilgacha “O‘zdonmahsulot” davlat korporatsiyasi boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan Olim Otaev Ozodlik bilan suhbatda “non narxi oshgani korrupsiyaga barham beradi”, dedi.
Bozordagi non mahsulotlari narxi birdan oshib ketmasligi uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi o‘z qarori bilan 2018 yil 15 sentabrdan boshlab, 1-navli bug‘doydan olingan 1 kilogramm unning ulgurji narxini 1 ming 400 so‘m etib belgilab qo‘ydi.
O‘zbekistonda so‘nggi bor buxanka nonning narxi 2014 yilning 15 sentabrida 600 so‘mdan 650 so‘mga oshirilgan edi.
1997 yildan 2000 yilgacha “O‘zdonmahsulot” davlat korporatsiyasi boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan Olim Otaev Ozodlik bilan suhbatda bunday dedi:.
- "O‘zbekiston o‘zini o‘zi bug‘doy bilan ta’minlaydi", degan sovun pufagi yorildi. Non narxining bozor iqtisodi asosida erkin narxga qo‘yilishi yaxshi. Faqat oldin aholining ijtimoiy nochor qatlami uchun yordam dasturi qabul qilinishi kerak edi. Non 15 sentabrda oshyapti¸ aholining nochor qatlamiga 1 oktabrdan boshlab 2 dolllar miqdorida kompensatsiya berilyapti. Bu juda oz va kech.
Don mahsulotlari sohasida 36 yil ishlagan Olim Otaev non narxi nega aynan bugun oshgani to‘g‘risida fikr yuritar ekan, bunday dedi:
- O‘zbekistonda yetishtirilgan dondan non yopib bo‘lmaydi. Texnologiya talabiga ko‘ra¸ non chiqarish uchun kormovoy (chorvaga beriladigan) bug‘doy bilan Qozog‘istonda yetishtirilgan bug‘doy qo‘shilishi kerak. Agar qo‘shilmasa inson salomatligi uchun xavfli mahsulot bo‘ladi. Yaqin-yaqingacha Qozog‘istondan kontrabanda yo‘li bilan kelgan, ya’ni nisbatan arzonga tushgan bug‘doyni mahalliy fermer yetishtirdi deb rasmiylashtirib xamirga qo‘shib kelindi. Mirziyoev rahbarlik qilayotgan so‘ngi ikki yilda Qozog‘istondan don olib kelish erkinlashgani bois bu yolg‘onga hojat bo‘lmay qoldi.
Otaevning aytishicha, “har bir uy bekasi biladigan haqiqat” ya’ni “o‘zbek uniga qozoq uni qo‘shmay” non yopib bo‘lmasligi O‘zbekiston prezidenti Karimovdan yashirilgan.
- Davlat ajratgan pulga kontrabanda yo‘li bilan Qozog‘istondan bug‘doy olib kelib mahalliy fermerdan men yetishtirdim degan spravka olinib legallashtirilar edi. Bu o‘zimizning nonimiz degan yolg‘onni ushlab turish uchun kerak edi. Mirziyoev davrida bunga chek qo‘yildi. Ammo qozoq uni qo‘shilmagan buxanka non iste’mol qilishga yaroqsiz yegulikka aylandi. Qozoq uninni legal sotib olish qo‘shimcha harajat. Narxning qo‘yib yuborilgani ortidan non sifati yaxshilanishi kerak.
Olim Otaev non narxi oshganini O‘zbekiston uchun “og‘riqli, ammo zarur shok terapiyasi”deb atadi:
- Erkin iqtisod talabi bu. Iqtisod tuzalishi uchun shok terapiyasi zarur. Kechikkan bo‘lsayam o‘tilishi lozim bo‘lgan protsedura bu.
Sobiq mulozimning ishonishicha “narxlarning qo‘yib yuborilgani don subsidiyasi bilan bog‘liq korruptsion sxemalarni yo‘qqa chiqaradi”.
"Toshkent-non" yengil tortdi
Ozodlik suhbatlashgan "Toshkent-non" uyushmasi xodimi ham “narx oshgani ko‘p muammolarga yechim bo‘lganini bildirdi.
O‘zini yetakchi mutahassis deb tanishtirgan "Toshkent-non" uyushmasi xodimiga ko‘ra¸ gaz¸ elektr¸ xamirturush kabi non ishlab chiqarish uchun zarur narsalar narhi oshgani uchun tannarx ko‘tarilib ketgan:
- Toshkentdagi 40 ta zavodda har kuni 550 tonna un qayta ishlanib, non mahsulotlari ishlab chiqariladi. Davlatdan arzon un olganmiz. Lekin faqat un bilan non chiqmaydiku. Elektr¸ gaz va kommunal to‘lov oshib ketgan. 650 so‘m tannarxni yarmiga ham etmasdi. Xozir odamlarga yoqmasa ham aytaman bir buxanka sifatli nonning tannarxi 1200ga borib qolyapti..
Narxi davlat tomonidan belgilanib kelgan buxanka nonni "Toshkent-non" uyushmasiga qarashli korxonalargina ishlab chiqaradi.