Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 14:35

Arnasoy tuman prokurori muovini "avtopoyga davomida" ayolni urib o‘ldirdi. O‘zi kasalxonada


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

16 sentabrda Jizzax viloyat, Arnasoy tuman prokurori o‘rinbosari o‘z mashinasida Sharof Rashidov tumanida piyoda ayolni urib o‘ldirgani to‘g‘risida oddiy jizzaxlikdan kelgan xabarni huquq-tartibot tizimi mulozimi tasdiqladi.

Jizzaxdan kelgan xabarda fojia Dilshod Karimovning o‘z mashinasida sheriklari bilan avtopoyga o‘ynayotganda sodir bo‘lgani aytilgan. Huquq-tartibot tizimi mulozimi Karimovning poyga o‘ynaganini tasdiqlamadi.

“16 sentabr kuni Jizzax viloyat, Sharof Rashidov tuman, Uchtepa dahasi, Paxtakor ko‘chasida Arnasoy tuman prokurori o‘rinbosari Nexia avtomashinasida poyga o‘ynab, yo‘l chetidagi 1993 yilda tug‘ilgan sotuvchi qizni urib yubordi. Qiz voqea joyida vafot etdi. Zamprokuror hozir kasalxonada”, deyilgan oddiy jizzaxlikdan kelgan xabarda.

Huquq-tartibot tizimi mulozimi Ozodlikka voqeaning boshqacharoq versiyasini ma’lum qildi:

“Voqea 2018 yil, 16 sentabr, soat 17:30 larda, Arnasoy tuman prokurorining o‘rinbosari Dilshod Karimov Nexia-1 avtomashinasini boshqarib ketayotganida, Paxtakor-Jizzax yo‘lining 16- kilometrida sodir bo‘lgan.

Karimovga qarashli Nexia-1ning ortidan kelayotgan DaimlerBenz 210 SPG uni quvib o‘tgan va keskin tormoz bergan. Natijada Karimov boshqaruvni yo‘qotib qo‘ygan va yo‘l chetiga chiqib ketib, piyoda ketayotgan G.Egamberdievani urib yuborgan.

G. Egamberdieva olgan jarohatlaridan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining (RShTYoIM) Jizzax filialida vafot etgan”.

Jizzax viloyat prokuraturasidan olingan ma’lumotga qaraganda, Arnasoy tuman prokurori o‘rinbosari Dilshod Karimov ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Tergov bo‘limi 18 sentabrda jinoyat ishi qo‘zg‘agan, ish viloyat prokuraturasi nazoratiga olingan.

Ozodlik halok bo‘lgan G. Egamberdievaning shaxsiga oid ma’lumotlarni topa olmadi. Ayni paytda ayolni mashinasida urib yuborgan Dilshod Karimovning yoshi 28 da ekanini, boshqargani mashina otasi Badriddin Karimovga tegishli ekanini, mashinani (davlat raqami 25Y717DA) Dilshod ishonchnoma asosida boshqarganini aniqladi.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining (RShTYoIM) Jizzax filiali vrachlaridan Ozodlik olgan ma’lumotlarga qaraganda, Dilshod Karimov bosh miyasi chayqalgan, peshonasi tirnalgan va o‘ng elkasi chiqqan holatda kasalxonaning neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorning ahvolidan yaxshi xabardor tibbiyot xodimining aytishicha, ushbu xabar yozilayotgan paytda “Dilshod Karimov gaplasha olish darajasida o‘ziga kelib qolgan” edi.

Agar prokuror o‘rinbosari ishtirokidagi YTH haqida xabar bergan oddiy jizzaxlikka ishonilsa, 25 yashar G. Egamberdieva Dilshod Karimov o‘ynagan avtopoyga qurboni bo‘ldi.

Ana shunday poygalardan biri to‘g‘risida Ozodlik bundan 2 yil oldin xabar bergan edi. O‘shanda poygada ishtirok etgan 15 yashar bola boshqargan mashina Yunusobod tuman ichki ishlar bo‘limiga qarashli Matiz avtomobiliga kelib urilgan, bir militsioner halok bo‘lgan, yana biri jarohatlangan edi.

2015 yilning martida Namangan viloyat, To‘raqo‘rg‘on tumanida yoshlarning ichkilik ichib Nexia avtomobillarida poyga o‘ynashi oqibatida sodir bo‘lgan falokatda ikki yigit o‘lgan edi.

Toshkentda katta tezlik natijasidagi avtohalokatlarning eng shov-shuvlisi 2013 yil mayida ro‘y bergan edi. O‘shanda milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov Ford Mustang mashinasida katta tezlikda kelayotib, boshqaruvni yo‘qotishi natijasida o‘zi va passajir o‘rindig‘idagi 25 yoshli ayol nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG