Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:34

Maktablardagi Yoshlar ittifoqi yetakchilariga o‘z hisobidan paxtaga odam yuborish buyurildi


Andijon viloyat, Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari nomidan yozilgan Telegram xabarida tumandagi 59 ta maktab yetakchisiga “pul to‘lab paxtaga odam yuborasan yoki lavozimingni bo‘shatasan”¸ degan "ultimatum" qo‘yilgan.

Telegram kanali orqali 19 sentabr, kunning ikkinchi yarmida Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari nomidan yetakchilarga yuborilgan tahdidli xatda buning “tuman hokimligi buyrug‘i” ekani va “muhokama qilinmasligi”ni alohida ta’kidlangan.

Bunday "ultimatum"¸ O‘zbekiston rahbarlari xalqaro tashkilotlar bilan uzoq muzokaralardan so‘ng mamlakatdagi majburiy mehnat¸ xususan¸ paxta terimi davridagi majburiy mehnatga barham berilgani haqida kunora bayonot berib turgan paytda qo‘yilmoqda.

Ozodlik bog‘langan Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi rahbari¸ bunday xat jo‘natganidan tondi¸ ayni paytda o‘z tashabbusi bilan paxta terish uchun “fidoyi yoshlar”ni to‘plash bilan mashg‘ulligini bildirdi.

Telegram orqali yuborilgan ultimatum

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi o‘rta maktablardan birida Yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlayotgan o‘qituvchining Ozodlikka shaxsi sir qolishni so‘rab bildirishicha¸ tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari Nazarbek Mirzaqobulov 19 sentabr kuni ertalab tumandagi maktab yetakchilariga¸ avvaliga telefon qilib¸ kunning ikkinchi yarmida esa¸ Telegram kanali orqali “buyruq yuborgan”.

Yoshlar ittifoqi Qo‘rg‘ontepa tuman kengashi rahbari Telegram orqali maktab yetakchilariga yuborgan ultimatum-buyruq.
Yoshlar ittifoqi Qo‘rg‘ontepa tuman kengashi rahbari Telegram orqali maktab yetakchilariga yuborgan ultimatum-buyruq.

Bu buyruq matnining Ozodlikka yuborilgan suratida¸ har bir maktab yetakchisiga¸ 20 sentabr kuni ertalabki soat 7 da Yoshlar ittifoqi kengashi binosi oldiga bittadan odam olib kelish¸ odam olib kelmagan taqdirda esa¸ haftasiga 100 ming so‘mdan pul to‘lash buyurilgan. Bu talabni bajarmaganlar esa¸ “darhol lavozimidan ozod etilish”dan ogohlantirilgan.

“Prezident maktablar paxtaga aralashmaydi degani uchun¸ biz o‘zimiz chiqmas ekanmiz. Lekin o‘rnimizga qaerdan bo‘lsa ham odam topib¸ uning pulini to‘lab¸ paxtaga yuborishimiz kerak. Oladigan oyligimiz 800 ming so‘mga yetar-yetmas. Haftasiga 100 mingdan degani¸ yarim oylik bo‘ladi. Aytganini qilmasak¸ ishdan haydayman¸ deyapti. O‘zi ishsizlikdan yarim qishloq Rossiyada yuripti. Maktab direktoriga aytsak¸ tuman hokimiga kuchim yetmaydi¸ deyapti”¸ dedi 19 sentabr kuni Ozodlik suhbatlashgan qo‘rg‘ontepalik maktab yetakchilaridan biri.

Mutlaq inkor

20 sentabr kuni Ozodlik Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari Nazarbek Mirzaqobulovning o‘zi bilan bog‘landi.

Suhbat paytida Mirzaqobulov¸ tumanda 59 nafar “yetakchisi” borligi va ularga topshiriqlarni asosan Telegram orqali berishini tasdiqladi.

Ayni paytda¸ bu yetakchilarga na og‘zaki va na Telegram orqali paxtaga o‘z yonidan pul to‘lab odam topish yoki haftasiga 100 ming so‘m berish haqida buyruq berganini keskin shaklda inkor qildi:

- Hech qanaqa bunaqa gap bo‘lmagan. Paxtaga yetakchilar umuman aralashmayapti. Biz fidoyi yoshlar otryadi tashkil qilayapmiz¸ ko‘ngillilar chiqadi¸ xolos. Men bunaqa buyruqni yozganimni yuz martalab¸ ming martalab inkor qilaman. Tepada xudo ko‘rib turipti. Men hozir o‘zim mahallama-mahalla yurib¸ apparat xodimlarini olib¸ uyma-uy kirib¸ uyushmagan¸ ishsiz yoshlarni “chiqinglar¸ mana bir kilo paxtaga 600 so‘mdan berilayapti”¸ deb fidoyi yoshlar otryadini tashkil qilayapmiz.

Suhbat davomida o‘zining “o‘sib kelayotgan yosh kadr” ekanini ta’kidlagan 26 yashar Mirzaqobulov¸ fidoyi yoshlar otryadini tuzish o‘z tashabbusi ekanini aytib¸ paxtaga odam chiqarish borasida na Qo‘rg‘ontepa tuman hokimligi¸ na Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashidan buyruq bo‘lganini rad qilishga urindi.

Inkorni inkor...

Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi rahbarining “Xudoni o‘rtaga qo‘yib qilgan raddiya”sidan so‘ng Ozodlik muxbiri¸ birlamchi xabarni yuborgan yetakchi bilan qayta bog‘landi.

“Kecha kechki payt uyma-uy yurib¸ bolalari katta bo‘lib qolgan bir ayolni topdim. 10 kun yotib paxta terishga 500 ming so‘mga ko‘ndirdim. Bugun ertalab buyruqda aytilgan joy – Yoshlar kengashi binosi oldiga o‘zim olib chiqdim. Ikkita Damas va yengil mashinada Ulug‘norga olib ketishdi. Mirzaqobulovning o‘zi ham¸ tuman hokimligining ikkita rasmiysi ham shu yerda edi. Rasm va videoga olishning iloji bo‘lmadi¸ bilib qolsa¸ yomon qilardi. Sizga qip-qizil yolg‘on gapirayapti. Bu tabiiy holku!”¸ dedi Qo‘rg‘ontepadagi maktablardan birining yoshlar yetakchisi.

Bu suhbatdosh¸ o‘z hamkasblari bilan gaplashgani va tumandagi 59 nafar yetakchidan 50 tasi 20 sentabr kuni o‘rniga odam yuborganidan xabar topganini qo‘shib qo‘ydi.

“Yetakchilar” kimning xizmatida?

Ozodlik 20 sentabr kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi mas’ullaridan bu savolga javob olishga urindi.

Vazirlik xodimlari bu savolga Axborot xizmatidan batafsil ma’lumot olishni tavsiya qildi. Ammo 20 sentabr kun davomida Axborot xizmati telefon raqamlariga hech kim javob bermadi.

Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi vakili bu savolga “eti bizniki¸ suyagi sizniki” qabilida javob qaytardi:

“Maktablardagi yoshlar yetakchilari Xalq ta’limi tizimiga qarashli¸ oylikni ham vazirlik to‘laydi. Lekin ularning nima ish qilishi¸ vazifalarini Yoshlar ittifoqi belgilab beradi. Ularning paxtaga odam chiqarish yoki pul berishga majburlanayotgani bo‘yicha shikoyatlari haqida yetakchilarining respublika bo‘yicha yetakchisi Jaloliddin yoki Qobil degan yigitlarimiz bilan gaplashing”.

Ozodlik bog‘langan bu yetakchilar esa, Qo‘rg‘ontepadagi voqea¸ qolaversa¸ yoshlar yetakchilarining 2018 yilgi paxta mavsumidagi roli yuzasidan izoh berishni istamadi.

XS
SM
MD
LG