Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:23

Hokim paxtaga majburlash haqida Ozodlikka xabar bergan Yoshlar yetakchisini qidirishga kirishdi


20 sentabr kuni Ozodlikda e’lon qilingan “Yoshlar ittifoqi yetakchilariga o‘z hisobidan paxtaga odam yuborish buyurildi” maqolasi ortidan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman hokimi 21 sentabr kuni tonggi soat 7 da maxsus majlis o‘tkazgan.

Tumandagi 5-maktab binosida o‘tkazilgan majlisda hokim va o‘rinbosarlardan tashqari tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri¸ Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi va tumandagi 59 maktabda yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlovchi 50 dan oshiq ta’lim xizmatchisi qatnashgan.

Ushbu majlisda bevosita qatnashgan yetakchilardan birining bildirishicha¸ yig‘ilish asosan Yoshlar ittifoqi tuman kengashi rahbari Nazarbek Mirzaqobulovning yetakchilarga Telegram orqali yuborgan topshirig‘ini kim Ozodlikka sizdirgani masalasi muhokamasiga bag‘ishlangan.

Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi kengashi raisining tumandagi 59 nafar yetakchiga yuborgan topshirig‘i matni.
Qo‘rg‘ontepa tuman Yoshlar ittifoqi kengashi raisining tumandagi 59 nafar yetakchiga yuborgan topshirig‘i matni.

Sizlar Mirzaqobulov Nazarbekga qo‘ng‘iroq qilganingizdan so‘ng hokim va Yoshlar ittifoki Qo‘rg‘ontepa tuman kengashi raisi N.Mirzaqobulov tumandagi hamma yetakchilarni yig‘ib¸ bugun ertalabki 7 da majlis o‘tkazdi. Mirzaqobulov: “Qaysi biring Ozodlikka murojaat qilishding? Ayt kiming? Paxta milliy boyligimiz shuni bilishasanmi? Pulni men o‘zim uchun so‘radimmi? Kiming Ozodlikka murojaat qilding? deya dag‘dag‘a qildi.

Tuman hokimi Avazbek Ergashev : “ Bu yetakchilaringni burni ko‘tarilib qolibdi shekilli? Osmonga chiqib ketishdingmi?” deb yetakchilarga hujum qila ketdi. Shundan keyin¸ ikkalasi ham “kiming yozganingni aytish¸ bo‘lmasa hammangni ishdan olaman”¸deb qo‘rqitishga o‘tdi”¸ deb xabar qildi bu manba.

Ozodlikka bir kun avval Yoshlar ittifoqi tuman kengashi raisi yuborgan Telegram xabarini yuborgan qo‘rg‘ontepalik yetakchi 21 sentabr kungi majlisning nima bilan tugagani haqidagi savolga:

«Bir kun vaqt berdi - Ozodlikka murojaat qilgan yetakchi shu vaqt oralig‘ida, hech kimga sezdirmasdan¸ faqat N.Mirzaqobulovning o‘ziga aytishimiz kerakligi va Ozodlikka murojaat qilgan yetakchi kechirilishini aytdi! Yashirin tazyiq va qo‘rqitish boshlandi. Bu majlis haqida ham hech kimga aytmaslik haqida yozdirib olishdi”¸ deya javob berdi.

Qo‘rg‘ontepadagi maktablardan birida yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlayotgan Ozodlik manbasi¸ o‘ziga nisbatan tazyiq va ta’qibdan cho‘chib¸ ismi sir qolishini so‘ramoqda.

Ayni paytda u Ozodlikka oshkor etilmaslik sharti bilan¸ o‘z telefoniga tuman Yoshlar ittifoqi kengashi raisi Nazarbek Mirzaqobulovdan 19 sentabr kuni kelgan Telegram buyrug‘i va 21 sentabr kungi majlisda yozdirib olingan tilxat suratlarini taqdim etdi.

21 sentabr kungi suhbatda bu yetakchi¸ Nazarbek Mirzaqobulov¸ hokimning o‘zi o‘tirgan majlisida¸ yoshlar yetakchilaridan o‘z o‘rniga pul to‘lab mardikor yuborish yoki haftasiga 100 ming so‘m to‘lash buyrug‘i aynan hokimdan chiqqanini bildirganini ta’kidladi.

“Prezident va Bosh vazirning bayonot va buyruqlariga qarshi ish tepasida hokimning o‘zi turgani uchun¸ bular shunaqa tipirchilab qoldi. O‘z noqonuniy harakatini yashirish uchun bular endi yetakchilarni qo‘rqitishga zo‘r berayapti”¸ deydi bu haqda Ozodlikka suratlar bilan tasdiqlangan ma’lumot yuborgan qo‘rg‘ontepalik yetakchi.

20 sentabr kungi maqola chop bo‘lishi ortidan Ozodlikka Qashqadaryo viloyati Koson tuman Yoshlar ittifoqi kengashi raisi tomonidan bu tuman yetakchilariga yuborilgan Telegram xati surati taqdim etildi.

Koson tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari maktab yetakchilariga yuborgan topshiriq mohiyati ham Qo‘rg‘ontepadan berilgan buyruqqa monanddir.
Koson tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbari maktab yetakchilariga yuborgan topshiriq mohiyati ham Qo‘rg‘ontepadan berilgan buyruqqa monanddir.

Bir-biridan olisda joylashgan ikki tuman Yoshlar ittifoqi kengashi rahbarlari yuborgan topshiriq mazmun va ohangining uyqashligi¸ bu jarayon tepasida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi turibdi¸ degan taxminlarga asos beradi.

Ammo na 20 va na 21 sentabr kuni Ozodlik Yoshlar ittifoqi yetakchilariga o‘z o‘rniga pul to‘lab odam yuborish yoki ishini bo‘shatib qo‘yish haqida berilayotgan buyruqlarga ittifoq Markaziy kengashidan biror javob yoki izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Kengash rasmiylari¸ bu savollarga faqat Axborot xizmati rahbari javob berishini bildirib¸ javob berishdan o‘zlarini olib qochdilar.

Yoshlar ittifoqi matbuot kotibi Nodir Abduqodirovga na ish telefoni va na mobil raqami orqali bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG