Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:29

Eronda harbiy parad paytidagi hujumda kamida 24 odam halok bo‘ldi


22 sentabr kuni Eronda harbiy parad davomida amalga oshirilgan hujumda 24 odam halok bo‘ldi, 53 odam jarohat oldi. Bu haqda rasmiy IRNA xabar agentligi xabar qildi.

Agentlik tarqatgan xabarda yozilishicha, 22 sentabr kuni Eron janubi-g‘arbida joylashgan Ahvoz shahrida bo‘lib o‘tayotgan parad ishtirokchilarini qurollangan shaxslar o‘qqa tutgan. Hujumchilar Eron bilan Iroq o‘rtasida 1980-88 yillarda sodir bo‘lgan urush xotirasiga bag‘ishlangan yillik paradni tomosha qilish uchun to‘plangan rasmiylarni nishonga olgan.

IRNA xabarida halok bo‘lganlar orasida oddiy fuqarolar, jumladan paradni tomosha qilgani borgan ayollar va bolalar ham borligi aytiladi.

Agentlik halok bo‘lganlar orasida Eron Inqilobiy gvardiyasi a’zolari bor yoki yo‘qligi ochiqlamadi.

Ammo yarim rasmiy Tasnim xabar agentligi hujumda gvardiyaning kamida sakkiz a’zosi halok bo‘lganini xabar qildi.

Eron qurolli kuchlari matbuot kotibi davlat telekanaliga bergan intervьyusida:

- Terrorchilarning uch nafari hodisa joyida o‘ldirildi, jarohat olgan bittasi shifoxonada jon berdi, - dedi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Twitterda hujumchilar “xorij tuzumi yollab, tayyorlagan va pul to‘lagan terrorchilar” ekanligini yozdi, ammo aynan qaysi xorijiy tuzumni nazarda tutganini ochiqlamadi.

Vazir hududdagi davlatlarni va ularning AQShdagi “yo‘l ko‘rsatuvchilarini” ayblar ekan, Tehron tezkorlik bilan javob qaytarishini ta’kidladi.

ISNA agentligining xabar qilishicha, Eron inqilobiy gvardiyasining ismi oshkor qilinmagan kotibi hujumni Saudiya Arabistoni dastaklab kelayotgan arab millatchilari amalga oshirgani ta’kidlagan.

Eron matbuoti otishma ovozi eshitilar ekan, askarlar yerga yotib o‘rmalayotgani aks etgan videoni yoyinladi.

Hujum uchun mas’uliyatni hali hech kim o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hujum ortidan Eronga hamdardlik bildirib, Tehron bilan terrorga qarshi hamkorlikda kurashishni yanada kuchaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

Ahvoz shahri neftga boy Huziston viloyatining ma’muriy markazidir. O‘tmishda arab ayirmachilar viloyatdagi neft quvurlariga hujum qilgan holatlar kuzatilgan.

Keyingi yillarda Eron va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi tanglik avj oldi. Ikki davlat Suriya va Yamandagi urushlarda bir-biriga qarshi taraflarni, Iroq va Livanda esa raqib partiyalarni dastaklab keladi.

Ilk xabarlarda hujumni “takfiriy jangarilar“ amalga oshirilgani aytilgan edi. Eronda o‘tmishda sunniy musulmon jangarilar shu nom bilan atalgan.

Fars agentligi hujumni mototsikl minib olgan harbiy kiyimdagi shaxslar amalga oshirganini xabar qildi.

Eronda harbiylarga kamdan-kam holatlarda hujum qilinadi.

XS
SM
MD
LG