O‘zbekiston sobiq prezidentining nevarasi, Gulnora Karimovaning qizi - Imon Karimova, aftidan, o‘tgan juma kuni Toshkentdan Londonga uchib ketgan, deb xabar qildi fergana.ru axborot agentligi Instagramning Stories ("Voqealar") bo‘limidagi fotosuratlarga tayanib. Suratlar 24 soatdan so‘ng avtomotik ravishda o‘chiriladi.
Fotosuratlarning birida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Londondagi Xitrou aeroportiga uchib boradigan HY201 reysiga Imon Karimovaga tegishli o‘tirish taloni muhrlangan. Sana: 28 sentabr 16:20.
Ikkinchi fotosuratda esa rus tilida quyidagi so‘zlar yozilgan :«Har kim ham buzib kirolmaydi. Toshkentdan uchib ketayotganda o‘z «devices» laringizni ehtiyot qiling, chunki kompyuterimni tekshirishgani kabi, ularni ham buzib kirib, tekshirishlari mumkin. Lekin bunday holat agar sizni bir paytning o‘zida “kuzatib”, g‘amxo‘rliklik qilayotganlarida yuz berishi mumkin».
Bobosi nomi berilgan aeroportda Imon Karimovaning kompyuterini sinchiklab tekshirishgan ko‘rinadi. Imonning so‘zlariga ko‘ra, shu sabab reys bir yarim soatga kechiktirilgan. (Flightradar24 portali ma’lumoti 28 sentabr kuni mazkur reysning kechiktirilganini tasdiqlaydi).
"Londonda Imonning akasi - Islom Karimov istiqomat qiladi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning onasi - Gulnora Karimovaga nisbatan noqonuniy ravishda katta miqdorda pullarni o‘zlashtirganlik uchun tergov ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, bir necha Yevropa mamlakatlarida ham Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan", deb eslatgan sayt o‘z o‘quvchilariga.
Saytga ko‘ra, Imon Karimova uzoq vaqt Toshkentda “chetga chiqarilmas shaxs” sifatida yashagan. Uning akasi Islomni ham Toshkentga kiritmaydilar.