Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:06

"O‘zbekiston havo yo‘llari": Pyotr Karimov ishdan o‘z xohishi bilan bo‘shagan


 Pyotr Karimov
Pyotr Karimov

“Pyotr Karimov o‘z xohishiga binoan ishdan bo‘shagan”. O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi marhum prezident Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Karimovning iddaolarini rad etib, hech qanday “parashyut” yoki boshqa to‘lovlar haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini Ozodlikka ma’lum qildi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi matbuot xizmati rahbari Zumrad Shojalilovaning 11 oktabr kuni Ozodlikka aytishicha, Pyotr Karimov 2017 yili o‘z xohishi ishdan bo‘shagan. Unga o‘z vaqtida kelib hisob-kitob qilishi va hujjatlarini olib ketishi mumkinligi to‘g‘risida bildirishnoma yuborilgan.

Zumrad Shojalilova Pyotr Karimov sud orqali talab qilayotgan boshqa to‘lovlar masalasida hech qanday izoh berilmasligini bildirarkan, bunday dedi:

- Sud masalasida – biz hali hech qanday chaqiriq qog‘ozini olganimiz yo‘q. Ish masalasida – haqiqatan u 2004 yildan 2017 yilgacha bizning Moskvadagi vakolatxonamizda ishlagan. U o‘z xohishiga binoan ishdan bo‘shagan – uning arizasini va qarorni biz topdik. Uni noqonuniy ishdan bo‘shatishgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar tasdig‘ini topmadi. 2017 yilda ishdan bo‘shaganidan keyin unga raschyot olib, hujjatlarini olib ketishi mumkinligi to‘g‘risida bildirishnoma yuborilgan. Keyin nima bo‘lganini bilmadik, chunki u paytda rahbariyat boshqa edi. Bu masalada chiqqan maqolalarda allaqanday “parashyutlar” va to‘lovlar to‘g‘risida gapirilgan – bizga bu mutlaqo tushunarsiz va uni biz izohlamaymiz ham.

Milliy aviakompaniya vakilasi Pyotr Karimovga yuborilgan bildirishnoma , ariza va qarorning asl nusxalari aviakompaniya vakolatxonasida ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning birinchi xotinidan ko‘rgan o‘g‘li Pyotr ish beruvchidan haqini undirib berishni so‘rab Moskva shahar Tver sudiga murojaat qilgani to‘g‘risida 10 oktabrda xabar qilgan edik.

Tverskoy tuman sudi rasmiy vakili, Ozodlik savoliga javoban, Karimov familiyali fuqaro «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi ustidan arz qilganini tasdiqlagan va sud majlisi 24 oktabr soat 10:30 ga tayinlanganini bildirgan.

Pyotr Karimov “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasida ishlab kelgan va 2017 yilda otasining o‘limidan so‘ng ishdan bo‘shatilgan. Biroq, Pyotr ishdan bo‘shatish paytida unga berilishi lozim bo‘lgan pul mablag‘ini ("parashyut") aviakompaniya unga to‘lamaganini iddao qilmoqda.

U o‘ziga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulni Moskva sudi orqali undirmoqchi.

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning rasmiy tarjimai holida Pyotr Karimov ismli uchinchi farzandi borligi aks ettirilmagan.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida e’lon qilingan tarjimai holda bunday deyilgan:

“U (Islom Karimov) oilali, ikki nafar farzandi, to‘rt nabirasi bor. Rafiqasi T. A. Karimova - mutaxassisligi iqtisodchi, iqtisod fanlari nomzodi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlagan, ayni paytda – pensiyada”.

«Vikipediya» ma’lumotiga ko‘ra, Islom Karimov o‘tgan asrning 60-yillarida birinchi marta uylangan.

U birinchi rafiqasi Natalya Petrovna Kuchma bilan turmushidan bir o‘g‘il ko‘rgan. Islom Karimovning o‘g‘li Pyotr Islomovich Karimov 1969 yilda tug‘ilgan. Ammo prezidentning rasmiy biografiyasida ushbu nikoh va uning birinchi farzandi nomi keltirilmaydi.

Islom Karimov keyinroq Tatyana Akbarovna Karimovaga uylangan. Bu nikohdan ikki qiz tug‘ilgan - Gulnora Karimova (1972 yilda tug‘ilgan) va Lola Karimova (1978).

Pyotrning onasi Natalya Kuchma 2008 yilda Toshkentda vafot etgan.

Pyotr Karimov, ayni vaqtda, Moskva viloyatida istiqomat qiladi. Iqtisodchi kasbiga ega Pyotr Karimov birmuncha vaqt «Aziya-Invest» bankida boshqaruv raisi muovini lavozimida ham ishlagani ma’lum.

XS
SM
MD
LG