11 oktabr kuni “Soyuz” raketasi start chog‘ida avariyaga uchrashi ortidan kosmonavtlarni Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) eltish xizmati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.
Halokat ortidan “Roskosmos” kosmonavti Aleksey Ovchinin va NASA astronavti Nik Xeyglar maxsus kapsulada Qozog‘iston hududida yerga tushgan.
Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromida uchirilgan raketaning ikkinchi bosqichi motori o‘chib qolgani aytilmoqda. Uning ikki kishidan iborat ekipaji omon qolgan.
Tergovchilar avariya sababini aniqlagunicha AQSh ham, Rossiya ham XKSga kosmonavt yubora olmaydi.
2011 yildan beri fazogirlar XKSga faqat “Soyuz“ raketalari bortida chiqarilib keladi. Ammo “Roskosmos“ avariya sababi aniqlangunicha ushbu raketalardan foydalanishni to‘xtatib qo‘ydi.
Avariya raketa parvozi boshlanganidan so‘ng 2 daqiqa o‘tgach, uning yon bloklari ikkinchi bosqichning markaziy blogidan ajralayotgan soniyalarda sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng kosmik kema qismlarga ajralib, parashyut ishga tushgan.
Dekabr oyida “Soyuz“ raketasida bortida XKSga uch boshqa fazogirni yuborish rejalashtirilgan edi.
Ammo mutaxassislar halokat sabablarini aniqlashga bir necha oy lozim bo‘lishini aytmoqda.
Ayni damda XKS bortidan bo‘lgan uch fazogir – germaniyalik Alexander Gertst, amerikalik Serina Mariya Aunyon-Chansellor hamda rossiyalik Sergey Prokopyevlar dekabr oyida Yerga qaytishi rejalashtirilgan edi. Endilikda ular stansiyada ko‘proq vaqt qolishga majbur bo‘lishi mumkin.
Yana bir muammo: fazogirlarni Yerga olib qaytadigan kema batareyalarining quvvati taxminan 200 kunda tugaydi. Kema iyun oyiga XKSga yuborilganini hisobga olsak, uch fazogirni 2019 yilning yanvarida Yerga qaytarish lozim bo‘lishi mumkin.
NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan. O‘sha paytdan beri AQSh o‘z fazogirlarini XKSga yuborish uchun Rossiyaga millionlab dollar to‘lab keladi
NASAning Rossiya bilan shartnomasi 2019 yil oxirida tugaydi. Buning ortidan shirkat ikki xususiy shirkat, xususan, SpaceX hamda Boeing shirkatlari bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.
SpaceX shu kungacha 16 marta XKSga turli zaxiralarni yetkazib berdi. Ammo shirkatning fazogir yuborishni ko‘zlovchi raketa dasturi rejalashtirilgandan ko‘pga cho‘zilmoqda. Boeing shirkatining raketa dasturida ham aynan shunday holat kuzatilmoqda.