Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:17

OAV Jamol Xashoggi haqida nimalarni aytmayapti?


Turkiya Xashoggining Saudiya elchixonasida o‘ldirilgani tasvirlari borligini aytmoqda.
Turkiya Xashoggining Saudiya elchixonasida o‘ldirilgani tasvirlari borligini aytmoqda.

Arab dunyosi va G‘arb josuslik xizmatlari bilan 30 yil qalin hamkorlik qilgan saudiyalik dissident va “Washington Post” gazetasi sharhlovchisi Jamol Xashoggi ushbu mamlakatning Istanbuldagi konsulligiga kirayotib, hayotini qanchalik xatarga qo‘yayotganini bilar edi. Lekin sobiq xotini bilan ajrashgani to‘g‘risidagi guvohnomani olish undan muhimroq ko‘rindi.

Bir paytlar rejimga xizmat qilgan Xashoggi birdan Saudiya qirolligi rahbari bo‘lgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning tanqidchisiga aylanib qoldi.

Ma’lumki, qirollik tanqidga umuman toqat qilmaydi. Xashoggi mamlakatida mustaqil ovozlar bo‘g‘ilayotgani sababli o‘tgan yili Vashingtonda ixtiyoriy quvg‘inlikda yashadi.

U G‘arbning Yaqin Sharq bo‘yicha sharhlovchilari erkatoyi bo‘lgan. Tvitterdagi ikki milliondan oshiq izdoshlari bilan arab dunyosining eng mashhur siyosatshunosi Britaniya va Qo‘shma Shtatlardagi axborot teletarmoqlarining kunda-shunda mehmoni edi. Nahotki saudiyaliklar uni sog‘ qo‘ymasa? Ushbu savolning javobi “bo‘lmasam-chi” ko‘rinadi.

Xashoggi Saudiyaning Vashingtondagi konsulligiga xavfni mensimay borib turganidan so‘ng shunday halokatli, surbetlarcha va vahshiy reja tuzog‘iga ilindi. Bu Jon le Karre romanidagi nozik fitnaga o‘xshab ketadi. U Istanbuldagi konsullik binosiga kirdi-yu, qaytib chiqmadi.

Turkiya politsiyasi va razvedka zobitlari Saudiyaning diplomatik pasportlariga ega 15 yollanma qotil o‘sha kuni ertalab ikkita xususiy reaktiv uchoqda Istanbulga kelganini iddao qilmoqda. Ularning limuzin mingan otryadi Xashoggidan oldinroq konsullikka yetib kelgan edi.

Turkiya rasmiylari Xashoggi qiynab o‘ldirilib, jasadi bo‘laklarga bo‘linib, qoplarga joylanib, oynalari qoraytirilgan qora furgonda olib ketilganini, qotillar esa mamlakatdan chiqib ketganini aytmoqda.

Saudiyaliklar Xashoggini o‘ldirganini qat’iyan rad etmoqda. Biroq uning konsullikdan qaytib chiqqanini kameralar qayd etmadi. Ayni hol bin Salmon sharhlovchini o‘ldirishga buyruq bergani haqidagi gumonlarga sabab bo‘lmoqda. Turkiyaning hukumatga yaqin bir gazetasi joriy haftada yollanma qotillarning surat va ismlarini e’lon qildi va ularning uch nafari bin Salmonning qo‘riqchilari ekanini yozdi.

Bin Salmon rejimi ko‘p jihatdan inqilobiy ishlar qildi: u ayollarga avtomobil haydashiga ruxsat berdi, Eronga qarshi tortishuvda Isroilga yon bosdi, diniy politsiya faoliyatini cheklab qo‘ydi. Ammo shafqatsizlik va qon to‘kish haliyam to‘xtagan emas.

Korrupsiyaga qarshi kurash bahonasi bilan hibsga olingan shahzodalar va ish odamlari qiynoqqa solindi. Namoyishchilar va ijtimoiy tarmoq faollari yo yo‘q qilindi, yoki o‘zboshimchalik bilan qamoqqa tashlandi. Bin Salmon buni mamlakatda fuqarolir urushiga yo‘l qo‘ymaslik, terrorchilik va ekstremizaga qarshi kurash istagi bilan izohladi.

Xashoggining taqdiri butun dunyoda g‘azab uyg‘otdi, lekin buning sababi asosli emas. U Saudiyaning ozodlik va demokratiya uchun kurashayotgan taraqqiyparvar kishisi edi, hokimiyatga haq gapni aytgani uchun baloga giriftor bo‘ldi, deb qulog‘imizga quyishmoqda. Bu yolg‘on bo‘lishi barobarida qirollikning misli ko‘rilmagan larzalarni boshidan kechirayotgan ichki hokimiyat dinamikasi haqida noto‘g‘ri tushuncha ham beradi. Yana bu Saudiyaning mafiya sifatida faoliyat yuritayotgan hukmron oilasi ishlariga aralashib qolgan kishining boshiga tushgan fojia hamdir. Bir marta ularga qo‘shildingmi, bir umr birga qolasan, agar qochmoqchi bo‘lsang, o‘ldim deyaver.

To‘g‘risi, Xashoggining hech qachon G‘arbdagi ko‘pfikrlilik demokratiyasini o‘zlashtirishga yetarli vaqti bo‘lgan emas. U XX asrning 70-yillarida islom dunyosini G‘arb ta’siridan qutqarishga bel bog‘lagan “Musulmon birodarlar” tashkilotiga a’zo bo‘ldi va dunyoviy jamiyat g‘oyasi dushmani edi.

80-90-yillarda jurnalistlik qildi, ammo keyinchalik tomoshabindan ko‘ra o‘yinchiga aylandi. Saudiya shahzodalari bilan ishlashdan oldin ushbu mamlakat gazetalarini tahrir qilar edi. Saudiya hukumati tayinlaydigan gazeta muharririning vazifasi halol jurnalistikani gazeta sahifalariga yaqinlashtirmaslikdir. Xashoggi pulini bankka qo‘ydi va yaxshi yashash asosiy maqsadiga aylandi. Har doim odamning amali so‘zidan ko‘proq ma’noni anglatadi.

Xashoggi Turkiya parlamentining sobiq a’zosi Yasin Aqtayga, agar qaytib chiqmasam, qaylig‘imga xabar berasiz, deb aytgan ekan. Aslida Aktay a’zasi bo‘lgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasi“Musulmon birodarlar”ning Turkiyadagi bo‘limidir. Uning ishongan do‘sti keyinchalik prezident Erdo‘g‘onga maslahatchi bo‘ldi. Erdo‘g‘on keyingi paytlarda jurnalistlarni eng ko‘p ta’qib qiluvchi siyosatchi sifatida nom qozondi. Xashoggi hech qachon uni ochiq tanqid qilgan emas. Shuning uchun bu holni liberal islohotchining o‘ldirilishi deb qarash noto‘g‘ri.

Xashoggi 2003 yili Saudiyaning “Al-Vatan” gazetasi muharriligidan bo‘shatilgani sabab G‘arbda nohaq obro‘ga ega bo‘ldi. U gazeta sharhlovchisiga vahhobiylik asoschisi deb hisoblangan mutafakkirni tanqid qilishga ruxsat bergani uchun ishdan bo‘shatilgan edi. Shu bilan bir yumalab, liberal taraqqiyparvarga aylandi-qoldi.

Eng yomoni, qirol oilasi Xashoggining qo‘lida Saudiyaning 2001 yil 11 sentyabrdagi AQShga qilingan hujumlarni uyushtirishda “Al-Qoida” bilan aloqalariga oid fosh qiluvchi materiallar bor, degan xavotirga tushib qoldi. Chunki Xashoggi 80-90-yillarda Usama bin Lodin bilan do‘stlashgan, uning sovetlarga qarshi jihodini qo‘llab-quvvatlab turgan edi. Ayni choqda uni Saudiya razvedka xizmatlari Usamani Saudiyaning qirol oilasi bilan murosa qilishga ko‘ndirish uchun yollagan, binobarin, u “Al-Qoida”ning ham, qirol oilasining ham kirdikorlaridan xabardor edi. Agar u bilganlarini oshkor qilsa, bu valiahd shahzodaning obro‘sini to‘kishi turgan gap edi.

Saudiyaning qirol oilasi singari Xashoggi ham 11 sentabr voqealaridan so‘ng o‘zini bin Lodindan chetga tortdi. Keyinchalik u Saudiyaning Londondagi va Vashingtondagi elchixonalarida va shahzoda Turki al-Faysalga maslahatchi bo‘lib ishladi. Al-Faysal 1977 yildan 11 sentabrdan 10 kun oldingi vaqtga qadar Saudiya razvedka xizmati boshlig‘i bo‘lib ishlagan. O‘shanda uning nega ishdan ketgani sababi ochiqlanmadi.

Xashoggining bir do‘sti aytishicha, bin Salmon dushmanni yaqinroq tutish haqidagi maqolga amal qilish uchun bo‘lsa kerak, bin Salmon unga qirollikka qaytib kelsa, malahatchi vazifasini taklif qilgan. U “axloqiy va diniy” printsiplaridan kelib chiqib, taklifni rad etgan. Yana u AQShda “Hozirgi arab dunyosi uchun demokratiya” partiyasini tuzgan. Bundan maqsad mintaqada demokratik saylovlarni qo‘llab-quvvatlash edi. Xashoggi boshchiligidagi islomiy siyosiy muxolifat shakllanishi mumkinligi bin Salmonga tinchlik bermayotgan edi.

G‘arb Xashoggiga tilyog‘lamalik qilib keldi. Lekin endi mafiya uslubidagi shafqatsiz qotillikni qanday e’tiborsiz qoldiradi? Donald Tramp esa, bu haqda eshitishni istamayman, deb aytdi.

Muxoliflari yo‘qolib qolayotgan shafqatsiz shahzoda haqidako‘plab gap-so‘zlar yuribdi. Xashoggining taqdiri Saudiya Arabistonida ro‘y berayotgan voqealar alomatidir. Qani, ko‘raylik-chi, rahbarlarimiz qachongacha buni bilib bilmaganga olar ekan.

XS
SM
MD
LG