Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:22

OzodMIkrofon: O‘g‘limni nohaq sudlashdi


72 yoshni qoralagan andijonlik Obidaxon opa Rasulova 5 oydan beri O‘zbekiston Oliy sud raisi Kozimjon Komilov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov qabuliga kira olmayotganidan Ozodlikka shikoyat qildi.

Uning aytishicha, u vazirlarga o‘g‘liga nisbatan chiqarilgan sud qaroridan norozilik bildirmoqchi.

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida istiqomat qiluvchi Obidaxon opa Rasulova 5 oydan beri Toshkentga qatnab vazirlar qabuliga kira olmay sarson bo‘layotganini aytadi. Suhbatdoshga ko‘ra, vazir o‘rinbosarlari uni qabul qilishgan, biroq ular ham qoniqarli javob qaytarmagan.

-Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari bilan gaplashib bo‘ldim. Lekin bulardan qoniqmaganim uchun vazirga kiraman deyapman. Ularga ichimdagi gaplarni, xato va kamchiliklarni aytgim kelyapti,- deydi Obidaxon opa.

Suxbatdoshga ko‘ra, shu yil 6 yanvarda o‘g‘li Toxirjon Rasulov o‘z avtomashinasini boshqarib ketayotganida yo‘lidan qandaydir to‘siq chiqqan, mashinani olib qochmoqchi bo‘lganda esa bir ayolni urib yuborgan. 12 kundan keyin ayol kasalxonada vafot etgan.

Obidaxon ayaga ko‘ra, mazkur voqea yuzasidan o‘tgan sud mahkamalarida dalil sifatida ko‘rilishi kerak bo‘lgan kasallik varaqalari tergovchilar tomonidan qabul qilinmagani ortidan o‘g‘li aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

- Avariya holatida bo‘lgan kasalga biz o‘zimiz, o‘g‘illarim bilan qaraganman. Kasal yahshi bo‘layotgan edi. o‘zimiz davolatganmiz, shifoxonada o‘zimiz turganmiz. Shifokorlar ham har ikki kunda bizni olib kirib uning yaxshi bo‘layotganini ko‘rsatib turgan. Lekin boshqa sabab bilan o‘lgan odamni o‘g‘limga to‘ngab qo‘yishgan. Men shuni vazirlarga kirib aniqlik kiritaman deyapman. Pastdagilar noto‘g‘ri ishlaganini aytaman, -deydi suhbatdosh.

Obidaxon Rasulovaning aytishicha, o‘tgan sud maxkamalarida ularga so‘z berilmagan. Keltirilgan shikoyat arizalari qaralmagan.

- Bizni gapirtirishmadi ham. o‘zlari sud qilib, o‘zlari ayblab, aybni bizga qo‘ydi. Biz tergovchidan ham, advokatdan ham bosh tortganmiz. O‘zlari ularni olib kelib ayblashdi. Bizni viloyat sudida ham, tuman sudida ham gapirtirishmadi, - deydi Obidaxon opa.

Unga ko‘ra, hozir ular shikoyat bilan Oliy sudga murojat qilgan. Biroq Oliy sud ham ishni qayta ko‘rishga asos yo‘q degan javob qaytargan.

Ozodlikdan: Qirg‘izistonga borib, o‘sha yerdagi muxbirimiz bilan uchrashgan Obidaxon opa Rasulova bundan oldin ham bir necha bor Ozodlikka shikoyat qilgan. Uning shikoyatlaridan so‘nggisini Ozodlik Bosh prokuraturaga jo‘natgan. Bu idoraning mas’ul mulozimi Rasulovaning shikoyatiga zudlik bilan reaktsiya bildirib, uni Ulug‘nor tuman prokurori, ertasiga Andijon viloyat prokurori qabul qilishga tayyor ekanligini bildirgan. Lekin Obidaxon opa Rasulova bu takliflarni rad etgan edi.

----------------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG