Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2018, Тошкент вақти: 16:57

AQSh Eronning harbiylashgan qo‘shiniga nisbatan sanksiya joriy qilmoqda


Eronning “Basij” harbiylashtirilgan guruhi jangchilari.

Seshanba kuni AQSh Moliya vazirligi Eronning “Basij” harbiylashtirilgan guruhi bilan bir qatorda ushbu tashkilot bilan moliyaviy aloqalari bo‘lgan 20 dan oshiq kompaniyaga nisbatan sanksiyalar joriy qildi.

Chorshanba kuni esa, Eron o‘zining “Basij” guruhiga AQSh joriy qilayotgan sanksiyalarni “ko‘r-ko‘rona o‘ch olish” deb atadi.

‒ Amerikaning yangi sanksiyalari xalqaro va huquqiy mexanizmlarni oyoq osti qilishning yorqin belgisi hamda Amerika hukumatining Eron xalqidan ko‘r-ko‘rona o‘ch olishi natijasidir, ‒ dedi ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Bahrom Qosimiy.

U Vashingtonning “xalqaro huquqiy mexanizmlarni mensimasligi”ni nafaqat “Eron xalqi manfaatlari, balki jahon barqarorligi va xavfsizligiga” tahdid deb atadi.

AQSh may oyida Eron 6 ta yetakchi mamlakat bilan 2015 yili uning yadro dasturi bo‘yicha erishgan bitimdan chiqqan edi. Endi rasmiy Vashington Tehronga qarshi sanksiyalarni qayta joriy qilmoqda va bu bilan prezident Donald Tramp ta’biriga ko‘ra, uni “yaxshiroq bitim tuzish”ga undamoqda.

Eronning seshanba kuni sanksiya joriy qilingan eng yirik “Muborakeh” po‘lat ishlab chiqarish kompaniyasi investorlariga bunaqa choralar “yangilik” emasligini va ishiga ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qildi.

“Muborakeh” Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi eng yirik po‘lat ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib, Eronning “Mehr Eqtesod” investitsiya kompaniyasini qo‘llab-quvvatlagani uchun ayblanmoqda. AQSh Moliya vazirligi investitsiya kompaniyasini Eronning Inqilob sipohilariga aloqador deb hisoblaydi.

Po‘lat ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha tehronlik ekspert Mo‘jtaba Fereyduniy sanksiyalar “Muborakeh”ga ziyon yetkazishi, ammo uning eksportini to‘liq to‘xtatib qo‘ya olmasligigi aytadi. Uning fikricha, po‘latni uchinchi mamlakatlar orqali sotish mumkin.

‒ Kompaniya faqat chet eldan moliyaviy mablag‘ jalb qilish va o‘sha erlarda bank hisob raqamlari ochish muammosiga duch keladi, ‒ dedi Fereyduniy.

“Muborakeh” kompaniyasi vakillari ishlab chiqarish liniyasi chet elga bog‘liq emasligini aytmoqda. Fereyduniyga ko‘ra, kompaniyaning elektrod grafitini tayyorlash uchun asosiy xom ashyo ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavodi bor, grafit esa asosan Hindistondan import qilinadi.

Jahon po‘lat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, Eron dunyoda quyma po‘lat ishlab chiqarish bo‘yicha 10-o‘rinda turadi.

Hukumat mart-sentabr oyilarida 2,53 milliard riyollik po‘lat mahsulotlarini ishlab chiqarilganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53 foiz ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG