Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan bog‘langan Sharifjon Omonov hokimiyat va bir mahalliy fermer unga tegishli 70 sotixlik bog‘ni buzishga urinayotganini iddao qildi. Omonovning da’vosicha, u ikki yil muqaddam zovur yoqasidagi tashlandiq yerni o‘z cho‘ntagidan harajat qilib, bog‘ qilgan.
OzodMikrofon rukniga bog‘langan bog‘bonning shikoyat qilishicha, shu kunda yiliga 30 million so‘mgacha daromad keltiradigan darajaga yetgan bog‘iga mahalliy fermerlardan biri egalikni da’vo qilmoqda.
- Zovurning yoqasida yotgan 70 sotix yerni ikki yil avval o‘zlashtirib, u yerning 60 sotixiga shaftoli, 10 sotixiga xurmo ekkanman. Shaftoli mevaga kirgandan keyin, shartlarni bajarsam, yana uzaytirish sharti bilan 1 yilga shartnoma tuzdim. Lekin, hokimiyat shu yerga qo‘shni joydagi dalani boshqa fermerga o‘tkazib berganidan keyin, yangi fermer xo‘jayin chiqa boshladi. Martdan beri yerimga kirgizmayapti, - deb iddao qildi Sharifjon Omonov.
Quyida Omonov bilan suhbatni tinglang:
Sharifjon Omonov Ozodlikka aytishicha, uning bu arzi bo‘yicha 3 marta sud bo‘lgan, ammo hanuz uning qonuniy huquqlari tiklanmayotir.
Omonov bir necha hujjat nusxasini Ozodlikka yo‘lladi.
Ozodlik bu shikoyat ortidan Beshariq tumani hokimligiga takror-takror bog‘landi, ammo hozircha biror javob ololmadi.
* * * * *
“Erkin mikrofon” rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!