Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:31

Ukrainalik fizika o‘qituvchisi videodarslari bilan YouTube yulduziga aylandi (VIDEO)


Odessalik fizika o‘qituvchisi Pavel Viktor
Odessalik fizika o‘qituvchisi Pavel Viktor

64 yoshdagi odessalik fizika o‘qituvchisi Pavel Viktor zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalasida ko‘plab yosh hamkasblaridan oldinda.

Besh yildan beri u 7–11-sinf o‘quvchilari uchun o‘z darslarini yozib, YouTubega yuklab keladi.

Hozirda bu videolarni butun dunyo bo‘ylab rus tilida so‘zlashuvchi foydalanuvchilar tomosha qilmoqda: o‘qituvchining kanalida 80 mingdan oshiq obuna bo‘lib, kanal videolari umumiy hisobda 8 million martadan ko‘p ko‘rilgan.

Физика ўқитувчиси қандай қилиб YouTube юлдузига айланди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:02 0:00

Viktorning aytishicha, hammasi o‘zi dars beradigan litsey o‘quvchilari kasallikka chalingan paytda uyushtirilgan Skype konferensiyalardan boshlagan.

O‘shanda o‘qituvchi o‘z darslari auditoriyasini kengaytirishga qaror qilgan. Buning uchun u mustaqil ravishda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirgan:

- Mana bu kamera olgan tasvirlar videomiksherga boradi. Bundan tashqari, signal manbalari ham bor: kompyuter, mana bu videokamera va multimediali pleer, - deydi u.

Viktor ilk darslarini oddiy veb-kamera yordamida yozgan. Bunga qaramasdan, ular ko‘pchilikka ma’qul kelgan.

Viktor kutilmaganda shuhrat qozonishi ortidan litsey rahbariyati unga videotranslyatsiya uchun asbob-uskuna olib berishga qaror qilgan.

Viktor esa ularni sozlashni va ulardan foydalanishni o‘rgangan.

Bora-bora video darslardan katta zavq ola boshlagan.

­Viktor YouTube kanaliga 9–11-sinflar uchun darslarni, yettinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilari uchun to‘liq lektsiya kurslarini yuklagan.

Bu Ukrainadagi fizika bo‘yicha videodarslarining yagona to‘plamidir. Uning darslarida maktab o‘quvchilari ham faol ishtirok etadi.

Sakkizinchi sinf o‘quvchisi Taya Solobning aytishicha, videodarslar yordamida u dars materialini osonroq o‘zlashtiradi.

- Dars davomida hamma narsani tushunmagan yoki darsni batafsilroq tinglashi kerak bo‘lgan bolalar uchun bu albatta ijobiy narsa, - deydi u. - Chunki ular uyga qaytgandan keyin, tanish muhitda darsni tinglashlari mumkin.

Sakkizinchi sinf o‘quvchisi Stas Kravtsov ko‘pincha tekshiruv ishlaridan oldin Viktorning darslarini tinglashini aytdi:

- Hamma narsani qaytadan eshitib, eslab qolishingiz mumkin. Bu shaxsan menga juda ko‘p yordam beradi.

Viktor o‘z ishi uchun haq olishni istamaydi. Uning barcha darslari erkin litsenziyali bo‘lib, uning kanalida hech qanday reklama yo‘q. Viktorning aytishicha, u atayin shunday qarorga kelgan:

- Menga tinmay takliflar kelib turadi, ammo men ularni rad etaman, - deydi u. - Menimcha, bu hayotda ikki narsa – davolash va o‘qitish bepul bo‘lishi kerak.

Viktor hali nafaqaga chiqmoqchi emasligini, kuch-quvvati bor ekan, o‘qituvchilik qilishda hamda darslarini yozib borishda davom etishini aytib, so‘zini yakunladi.

XS
SM
MD
LG