Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishining ariqdagi suvga tushirib, tahqirlanishi ortidan O‘zbekiston Bosh vazirining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olindi.
O‘zbekiston prezidenti rasmiy sayti 29 oktabrda tarqatgan xabarga ko‘ra, Zoyir Mirzaev "g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois" ishdan olingan.
Majburiy mehnatga oid farmoyish imzolandi
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, prezident Mirziyoev 29 oktabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymasligi uchun javobgarlikni oshirish to‘g‘risida farmoyish qabul qilgan.
"Ushbu farmoyishga muvofiq, g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani bois Mirzaev Zoyir Toirovich O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Shuningdek, prezident Bosh prokurorga qishloq xo‘jaligi ishlaridagi qonunbuzarliklar yuzasidan tekshiruv o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga, joylardagi davlat hokimliklar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha topshiriq bergan.
Oqqo‘rg‘onda tahqirlanganlar prokuraturada
29 oktabr kuni Ozodlik suvga tushirilganlardan ikki nafarining yaqinlari bilan bog‘landi.
Ularning aytishicha, 29 oktabr kuni tushdan keyin suvga tushirilgan 6 kishi - tuman hokimligining 3 mulozimi, bir mahalla oqsoqoli va 2 nafar oqqo‘rg‘onlik fermer Bosh prokuraturaga chaqiritilgan.
"Nimaga chaqirishganidan bexabarmiz. Ammo, juda yaxshi muomalada bo‘lishdi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu oltovlondan birining ismini sir saqlagan yaqini.
Oqqo‘rg‘onda 6 kishi suvga bo‘ktirildi
Oqqo‘rg‘onda 6 kishining bug‘doyga vaqtida suv qo‘ymagani uchun suvga tushirilib, tahqirlanayotgani aks etgan surat 27 oktabr kuni o‘zbek tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Suratda kuzning sovug‘ida ariqdagi suvga bo‘ktirilgan 6 kishi qattiq qo‘rquv ostida pastga qarab turgan holda aks etgan.
Bu surat ortidan Ozodlikning aniqlashicha, surat O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaevning 25 oktabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumaniga safari paytida olingan. 6 kishi bug‘doyga suv qo‘ymagani uchun bosh vazir o‘rinbosari, Toshkent viloyati va Oqqo‘rg‘on tumani mutasaddilari ko‘z o‘ngida sovuq suvga tushirib, jazolangan.
Suvga bo‘kkanlar ko‘chada yugurtirildi
Bundan tashqari, guvohlarning qo‘shimcha qilishicha, suratda aybdorlarga berilgan jazoning faqat bir qismi aks etgan. Suvga bo‘ktirilgunga qadar, oltovlon kaltaklangan, so‘ngra 40-45 daqiqa suvda turishga majburlangan, so‘ngra esa shalabbo holida ko‘chaga chiqarilib, avtomobil oldiga solib, 1 km masofaga yugurtirilgan.
"Bitta menmas, ko‘pchilik ko‘rib turdi buni - ularni suvda 40-45 minut ushlab turishdi-da, keyin suvdan chiqarib, mashinani oldiga solib, yugurtirib olib ketishdi. Qaerga olib ketdi - bilmadim, lekin. Bunaqasini men umrimda ko‘rmaganman. Juda dahshat bo‘ldi ", deydi guvohlardan biri.
Shaxsiga oid ma’lumotlarni sir saqlash sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan Oqqo‘rg‘on tumani mulozimlariga ko‘ra, bu noqonuniy harakatlar – tahqirlash va kaltaklashlar - O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Zoyir Mirzaev hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida sodir bo‘lgan.
Bu hali hammasi emas
Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 25 sentabr kuni Toshkent viloyatiga borgan bosh vazirning endilikda sobiq o‘rinbosari boshqa tumanlarda ham mahalliy mulozim va fermerlarning noroziligiga sabab bo‘ladigan ishlarni qilgan.
Jumladan, Ozodlikka maktub jo‘natgan mushtariylardan biri shunday yozdi:
"Kecha (25 oktabr kuni - tahr.) Piskent tumanida bosh vazir o‘rinbosari Z.T.Mirzaev majlis o‘tkazdi va rejani bajara olmagan fermerlarni haqoratli so‘zlar bilan nafsoniyatiga tegib gapirdi. Soat 19:30 da boshlangan majlis tungi 2:30 gacha davom etdi. Hech kimni tashqariga chiqarmay tuman IIB boshlig‘i shaxsan o‘zi eshik oldiga turib olib, haqorat qilishda tuman hokimidan sira qolishmadi", deb yozdi jumladan ismi Ozodlik mushtariysi.
Bu mushtariy o‘z xabariga suratni ilova qildi.
"Oqqo‘rg‘on ishi" matbuotga tushganidan buyon Ozodlik elektron pochtasi, sahifasi va ijtimoiy tarmoqlarda Bosh vazirning endilikda sobiq o‘rinbosari Zoyir Mirzaev bunga qadar ham kishilarni tahqirlash, kaltaklashi bilan ma’lum bo‘lgani aytilgan ko‘plab sharhlar kelmoqda.
Jumladan, Ozodlikning Facebook sahifasida qoldirilgan sharhlardan birida "Samarqandda xokim paytida bundan battarlarini qilgan, dekabr oyida suvni ichida bir soat saqlagan bitta quruvchini, kottej qurilishini vaqtida bitirmagani uchun", deyiladi.
Prokuratura tekshiruv boshladi
29 oktabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.
Prokuratura e’lon qilgan bayonotda aytilishicha, holat bo‘yicha tekshiruv boshlangan va “aybdor bo‘lgan shaxslar, mansabi va darajasidan qat’i nazar, tegishlicha javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi”.
#Ariqchallenge fleshmobi boshlandi
O‘zbekistondagi ijtimoiy tarmoqlarda bu voqea hanuz keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda. Hatto, foydalanuvchilar Zoyir Mirzaevning Toshkent viloyatiga safari bilan bog‘liq, deyilgan yana bir surat – 6 kishining dalada tosh ko‘tartirib, izza qilinayotgani aks etgan suratni ulashmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda fermer va mulozimlarning sovuq tushirib, tahqirlanganidan norozilik tariqasida #ariqchallenge xeshtegi ostida fleshmob boshlanib ketdi.
Shuningdek, Ozodlikka, Piskent tumanida fermerlar va mahalliy rasmiylarning tungi soat 2 yarimga qadar hokimiyat binosida tutib turilganiga oid shikoyatlar, bu voqea aks etgan fotosuratlar ham keldi.
Hozirda Ozodlik bu boradagi surishtiruvini davom ettirmoqda. Bu surishtiruv davomi va ayni paytda, Bosh prokuratura tekshiruviga oid yangi tafsilotlar bilan - tez orada - yana Ozodlikda tanishishingiz mumkin.