Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:03

AIBA prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar - Rahimov va Qonaqbaev


Serik Qo‘naqbaev
Serik Qo‘naqbaev

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Olimpiada o‘yinlari dasturidan boks chiqarib yuborilishi mumkinligi haqida ogohlantirayotgan bir paytda qozog‘istonlik bokschi Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti etib tayinlansa, ushbu sportni saqlab qolishni va’da qildi.

Mutaxassislar Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidentini aniqlash uchun bugun bo‘lib o‘tadigan saylovda Serik Qonaqbaev g‘alaba qozonishi ehtimoli oz ekanligini aytmoqda.

O‘tgan oyda XOQ agar asli o‘zbekistonlik tadbirkor G‘afur Rahimov AIBA prezidenti etib tayinlanadigan bo‘lsa, Olimpiada o‘yinlari dasturidan boks chiqarib yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot bergan edi.

Bunday bayonotga Rahimov 2012 yili AQSh Moliya vazirligi tomonidan "o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri" deb baholanib, uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani va hamon shu ro‘yxatda qolayotgani asos bo‘lgan.

Bunga qaramasdan, Moskvada bo‘lib o‘tadigan saylovda ayni damda AIBA prezidenti vazifasini bajarayotgan Rahimov g‘alaba qozonishi kutilmoqda.

Qonaqbaev 1 noyabr kuni Associated Press agentligiga bergan intervyusida:

- Agar u g‘olib chiqsa, XOQ bizga ma’qul kelmaydigan qat’iy qaror chiqaradi, - dedi Serik Qonaqbaev. - Tokioda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarda Olimpiada sporti maqomidan ajralib qolishimiz mumkin. Eng dahshatlisi - aynan shu. Shunday ekan, barchamiz bu haqda o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

59 yoshli Serik Qonaqbaev faqatgina XOQ xavotirlarini izhor qilayotganini aytib, Rahimovni shaxsan tanqid qilmadi.

- Rahimov uzoq yillardan beri AIBAda. U boksni yaxshi ko‘radi, sportni yaxshilashni istaydi, - dedi sportchi.

Ammo u XOQ xavotirlari asossiz emasligini ta’kidladi:

- Menimcha, XOQning izhor qilgan xavotirlar asossiz emas. Shunday, tashkilot o‘laroq barchamiz bunga jiddiy qarab, noxush oqibatlar oldini olishimiz kerak.

O‘tgan oyda XOQ Rahimovni Buenos-Ayresda bo‘ib o‘tgan Yoshlar Olimpiadasida ishtirok etish huquqidan mahrum qildi.

Sobiq siyosatchi, AIBA vitse-prezidenti, Osiyo boks konfederatsiyasi (ASBC) prezidenti bo‘lmish Qonaqbaev Associated Press bilan suhbatda boks orqaga ketayotganini va tomoshabinlarini aralash yakkakurash kabi sportlarga boy berayotganini ta’kidladi.

Qonaqabaev 1980 yil Moskvada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida boks bo‘yicha kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Keyingi yillarda boks o‘yinlariga sudyalarning e’tirozlarga sabab bo‘lgan qarorlari ham soya solmoqda.

2016 yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida qozog‘istonlik Vasiliy Levit o‘zini ustun ko‘rsatishiga qaramasdan, oltin medal bildan taqdirlangan rossiyalik bokschi Yevgeniy Tishchenko sahnani tomoshabinlarning norozi hayqiriqlari sadosi ostida tark etdi.

Irlandiyalik bokschi Maykl Konlan esa chorak finalda rossiyalik Vladimir Nikitinga mag‘lub bo‘lganidan keyin, AIBA va Rossiyani korrupsiyada aybladi.

Rio Olimpiadasi davomida yuzaga kelgan mojaro XOQ xavotirlarini yanada oshirdi.

Matchlar natijasi oldindan belgilab qo‘yilgani haqidagi iddaolar tergov qilinar ekan, 36 nafar AIBA rasmiysi xizmatidan bo‘shatildi.

Qonaqbaev Rioda XOQ prezidenti Tomas Bax bilan uchrashganini, uchrashuv davomida prezident xavotirda ekanligi va boksdan ko‘ngli soviganiga guvoh bo‘lganini aytdi.

- Bu sportimizni yaxshi qilib ko‘rsatadi, deb bo‘lmaydi.

Qonaqbaev Moskvada bo‘lib o‘tadigan saylovda Rahimov ustidan g‘alaba qozonish oson emasligini yaxshi bilishini aytdi.

Boshida Qonaqbaevning AIBA prezidentligiga nomzodi ma’qullanmadi. Ammo 30 oktabr kuni hakamlar sudi uning nomzodini qonuniy deb topdi.

- Saylovda qatnashayotgan har qanday nomzod g‘alaba qozonishni istamaydi. Sobiq bokschi o‘laroq men ham g‘alabaga ko‘z tikkanman, - dedi sportchi.

XS
SM
MD
LG