Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2022, Тошкент вақти: 01:30

Toshkent sirki xodimlari artist hayvonlarning ochlikdan sillasi quriyotganini da’vo qildi


Uzbek circus animals, Tashkent

Toshkentdagi O‘zbek Davlat sirkining xodimlari yem-hashak va ozuqa yo‘qligi sabab artist hayvonlar "kun sayin ozib, o‘lasi holga kelgani" borasida Ozodlikka tashvish bildirdi. Bu holat shu yilning avgust oyida Toshkent sirkida yo‘lbars va sher "Malla" laqabli maymunni yeb qo‘ygani ortidan kuzatilmoqda. Lekin, sirk rahbari Rustam Majidov ​hayvonlarning och-nochor qolayotgani haqidagi iddaolarni ham, yo‘lbars va sher maymunni yeb qo‘yganini ham rad qildi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Toshkent sirkining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi davlat tarafidan mablag‘ ajratilayotgani va qo‘yilgan tomoshalardan katta daromad ko‘rilayotganiga qaramay har kuni 7-8 kilo go‘sht yeyishi kerak bo‘lgan sher va yo‘lbarslarga haftada bir yoki ikki marta ozuqa berilayotganini aytdi.

Bir bog‘ bedani 10-15 ta hayvonga bo‘lib birishadi, yirtqich hayvonlarga, ya’ni sher, yo‘lbars va bo‘rilarga bir haftada bir marta go‘sht berishyapti, shunda ham juda cheklangan miqdorda. Aslida bitta sher kuniga 7-8 kg go‘sht yeyishi kerak. Bular artist hayvonlar, ularga maxsus veterinar vrach tasdig‘idan o‘tgan go‘sht berilishi kerak. Bu borishda davlat tsirki artist hayvonlarisiz qolib ketishi mumkin”, - - deydi sirkning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi.

Toshkent Davlat sirkining Ozodlik suhbatlashgan boshqa bir xodimlari ham hayvonlar vazni yo‘qolib borayotganini tasdiqladi.

Yo‘lbarslar mushukday bo‘lib qolgan. Oldingi suratlari bilan solishtirsangiz juda bilinadi. Men parrandalarga qarayman, go‘sht berilyaptimi yo‘qmi bilmaymanu, lekin yo‘lbars va sherlar ancha vazn tashlagan”, - deydi sirkning ismi ochiqpanmasiligini so‘ragan hayvon o‘rgatuvchisi.

Toshkent sirkidagi sher.
Toshkent sirkidagi sher.

Ozodlikka yuborilgan suratlarda yirtqich hayvonlarning o‘ta nochor ahvoldaligini ko‘rish mumkin.

Ammo, O‘zbekistan Davlat sirkini vaqtincha boshqarayotgan Rustam Majidov hayvonlarga vaqtida ozuqa berilmayotgani haqidagi iddaolarni rad qildi.

- Hayvonlarni boqishga davlatdan pul olamiz, hech qanaqa muammo yo‘q. Komissiya ham kelib hayvonlarni tekshirib ketgan, kamchilik bo‘lmagan, - deya gapni qisqa qildi Majidov.

Ozodlikning sirkga kirib hayvonlarni ahvolini ko‘zdan kechirish va tasvirga olish so‘roviga esa Majidov yozma ariza bilan murojaat qilish zarurligini aytdi.

Shu yilning avgust oyida Ozodlik Toshkent sirkida yo‘lbars va sher “Malla” laqabli maymunni yeb qo‘ygani haqida xabar bergan edi.

Maymun yo‘lbars va sher turgan xonada alohida katakda saqlangan.

Lekin, sirk rahbari Rustam Majidov bu xabarni ham rad qildi.

Rustam Majidov sirkning sobiq direktori, IIB tomondan sirk mol-mulkini talon-taroj qilganlikda gumonlanib qidiruvga berilgan Bahrom Majidovning ukasidir.

Hayvonlar sirkda ayanchli ahvolda saqlanishi aytiladi.
Hayvonlar sirkda ayanchli ahvolda saqlanishi aytiladi.

Sirkning ismi sir qolishini istagan boshqa bir xodimi Bahrom Majidov rahbarligi davrida ham sirkdagi hayvonlarning belgilangan me’yor bo‘yicha mol go‘shti bilan emas, balki eshak go‘shti bilan boqilganini aytadi.

"Mol go‘shti o‘rniga uch baravar arzonga eshak go‘shti olib berishgan. Hujjatlarda esa mol go‘shti, deb rasmiylashtirib kelishgan. Sirkda qancha hayvon bor, o‘g‘irlik miqdorini tasavvur qilayapsizmi? Bundan tashqari Majidov chet davlatlarni sirkiga akrobatlarni muddatli ishlashga jo‘natib, shartnomada berilishi kerak pullarni ham talon-taroj qilgan," deya iddao qildi Ozodlik gaplashgan sirk xodimi.

Toshkent sirkidagi yo‘lbarslar.
Toshkent sirkidagi yo‘lbarslar.

Ayni paytda atrof-muhit himoyachilari sirklarda yovvoyi hayvonlar ishtirokida tomoshalar qo‘yishdan voz kechish va ularni qiynamaslikni yoqlab chiqmoqda.

Toshkentdagi Hayvonlarni himoya qilish jamiyati faoli Tatyana Dalmatova sirklarda yovvoyi hayvonlardan foydalanishni davlat tomonidan taqiqlash kerakligini aytadi.

"Sirklarda hayvonlarga yomon munosabatda bo‘linishi, namoyishlarga o‘rgatish uchun ularning qiynoqqa solinishi, sirk qafaslarida umrini o‘tkazishi, ustiga-ustak yetarli taom berilmasligiga toqat qilib bo‘lmaydi. Bu nafaqat Toshkent sirkida boshqa davlatlar sirklarida ham bor. Menimcha sirklarda hayvonlar tomoshasidan voz kechishimiz kerak", - deydi Dalmatova.

Toshkent sirkining ilk binosi..
Toshkent sirkining ilk binosi..

Toshkentdagi sirkga 1914 yilda asos solingan edi.

Sirkning ilk binosi 1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan zilzila oqibatida vayron bo‘lganidan so‘ng Hadra maydonida yangi sirk binosi qurilgandi.

Toshkent sirkining hozirgi binosi.
Toshkent sirkining hozirgi binosi.

1991 yilda O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach¸ sirk binosi qayta ta’mirlandi.

Toshkent davlat sirki o‘zbekistonlik dorbozlar sulolasi asoschisi Toshkenboy Egamberdiev nomi bilan atalib kelinadi.

XS
SM
MD
LG